Suriyadagi fuqaro urushi ketidan 5,7 million suriyalik vatanini tark etgan. Ularning katta qismi Turkiyada boshpana topgan. Prezident Rajab Toyib Erdog’an qochqinlarni vataniga qaytarish rejasini e’lon qildi.
Urush va zo’ravonlikdan qochib, Turkiyaga kelgan suriyaliklar soni taxminan to’rt millionni tashkil etadi.
Erdog’anning aytishicha, ularning bir millioni ixtiyoriy ravishda vataniga qaytariladi. Prezident ular uchun uy-joy qurilishini, yangi hayot boshlashi uchun imkoniyat berilishini aytmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Rejaga ko’ra, suriyaliklar Turkiya harbiylari nazoratidagi hududlarga, Suriya armiyasining qo’li yetmaydigan hududlarga jo’natiladi. Biroq huquq tashkilotlariga ko’ra, Suriyada xavfsiz joyning o’zi yo’q.
“O’zboshimchalik bilan hibsga olishlar, odamlarning bedarak yo’qolishi, qotilliklar… mamlakatda xavfsizlik degan tushuncha yo’q. Uydan chiqayotganda odamlar qaytib kelishini ham bilmaydi. Suriyaning barcha shaharlarida shu ahvol, hokimiyatda qaysi partiya bo’lishidan qat’i nazar”, - deydi Suriya Fuqarolar qadr-qimmati uyushmasi vakili Haya Atassi.
So’rovlarga qaraganda Turkiyada suriyalik qochqinlarga nisbatan adovat kuchaygan. Saylov oldidan Erdog’an bosim ostida.
“Turkiya aholisining 61 foizi suriyalik qochqinlarga nisbatan qattiqqo’l bo’lishimiz kerak, degan fikrga qo’shiladi. Bu esa to’g’ridan-to’g’ri qochqinlarni jinoyatchilik bilan bog’laydigan salbiy xabarlar bilan bog’liq. Boshqa bir jihati shuki, iqtisodiy tanazzul fonida qochqinlar qaynoq mavzuga aylangan”, - deydi Istanbul iqtisodiy izlanishlar markazidan Jon Saljuqiy.
O’tgan yili g’azablangan olomon Anqaraning suriyaliklar yashovchi tumaniga hujum qilgan.
Arablar boshqaruvidagi Turkiyani, qochqinlar kelishini “okkupatsiya” deb tasvirlovchi distopik video shu oy internetda keng tarqaldi.
Kelasi yilgi prezidentlik saylovlari oldidan muxolif partiyalar mamlakatni qochqinlardan tozalashga chaqirmoqda.
“Saylov kampaniyasida bosh mavzulardan biri bo’lishi aniq. Iqtisodiy inqiroz bilan birga, hukumatning zaif nuqtalaridan biri ham shu. Muxolifat partiyalar bundan foydalanadi, albatta”, - deydi Migratsiya tadqiqotlari uyushmasi vakili Didem Donish.
Turkiya xavfsizlik kuchlari noqonuniy mujohirlar deya da’vo qilingan odamlarni muntazam deportatsiya qilmoqda. Ayni paytda qochqinlarga nisbatan cheklovlar ham oshib borayapti.
Ba’zi tahlilchilar fikricha, bunday bosim qochqinlarni yana Yevropa tomon ketishga undashi mumkin.
“Ular o’zini qopqonga tushgandek his qilsa, ayniqsa Suriyaga qaytishni istamasa, suriyaliklar g’arb tomon yo’lga chiqishni yagona yechim deb ko’rishi, xavfsizlik va farovonlikni o’sha yerdan topaman deb ketishi mumkin”, - deydi tahlilchi Umar Kadkoy.
Saylovlar yaqinlashgan sari Turkiyada siyosiy muhit tobora tarang. Qochqinlarni Yevropada ham hech kim kutib o’tirgani yo’q. Ammo ilojsizlik ularni g’arb tomon yetaklashi mumkin.