Qo'shma Shtatlar Shimoliy Koreya yadroviy sinovi o'tkazadigan bo'lsa, darhol kuchli chora ko'rishi haqida ogohlantirgan. Mutaxassislar fikricha esa bu quruq ogohlantirish bo'lib qolmasligi kerak. Ularga ko'ra, Amerika Janubiy Koreya mudofaasi salohiyatini oshirishi, shuningdek, Xitoy va Rossiyada Pxenyanni qurollantirayotgan organlar va shaxslarga nisbatan jazo choralari ko'rishi lozim.
7-iyun kuni Seulda Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosati Cho Hyun-dong bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Vendi Sherman deydiki, Bayden ma'muriyati Pxenyan xatti-harakatlarini yaqindan kuzatmoqda.
Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi qayd etishicha, Shimoliy Koreya yadroviy dasturini jadallashtirgan. Bir necha yil oldin yopilgan atom inshootlari qayta ochilgan.
2018-yilda ishdan to'xtagan Panggye-ri stansiyasida ishlar jonlangani, deydi ekspertlar, Pxenyan testga tayyorlayotganidan darak.
Davlat departamenti bu ehtimol borasida anchadan beri xavotir bildirib keladi.
Buni ham ko'ring Tokio-Seul ziddiyati AQShning mintaqa siyosatiga soya solmoqda"Ittifoqchilar va sheriklar bilan bunday ehtimolga nisbatan o'z rejamizga egamiz", -deydi Ned Prays, departamenti so'zlovchisi.
Shimoliy Koreya bu yilning o'zida hozirgacha 18 marta yangi raketalarini sinadi, xususan qisqa masofani nishonga oluvchi ballistik qurollarini.
6-iyun kuni AQSh va Janubiy Koreya Sariq dengizda birgalikda sakkiz ballistik raketani testdan o'tkazgan.
Pxenyan 2006-yildan beri oltita yadroviy sinovi olib borgan, oxirgi marta 2017-yilning sentabr oyida.
"AQShdan strategik ishonch va qat'iyat kutilmoqda, chunki Koreya yarimoroli sarosimada", - deydi Deyvid Maxvell, Demokratiya mudofaasi fondi, Vashingtonda asoslangan aql markazi tadqiqotchisi.
Prezident Jo Bayden va Janubiy Koreya rahbari Yun Suk Yeol 21-mayda Seuldagi muloqotida Pxenyanga qarshi yakdil ekanini bildirgan. Ular nazarida Shimoliy Koreya hukumati mintaqa va dunyo tinchligiga raxna solmoqda. Shu bois, deydi ular, Amerika hududga qo'shimcha mudofaa tizimlari safarbar etadi.
Ikki davlat Koreya yarimorolida harbiy mashqlar ham rejalamoqda. Bayden yaqinda avval Seul, keyin esa Tokioga safar qilganida, Xitoy va Rossiya qiruvchi samolyotlari Janubiy Koreya havo hududlariga juda yaqin masofalarda uchgan.
AQSh Mudofaa vazirining sobiq muovini Lorens Korb deydiki, Vashington va Seul birgalikda ishlayverishi, hamkorlikda harbiy mashg'ulotlarni kengaytirishi kerak. Bayden ma'muriyati, deydi u, mintaqada harbiy kuchni oshirib to'g'ri qilmoqda.
Janubiy Koreya qurolli kuchlari iyun oyi boshida Yaponiyadan uzoq bo'lmagan, ammo AQShga tegishli suvlarda mashq qilgan. Ular bu jarayonga AQSh harbiy havo vositalarini ham jalb qilgan.
Seuldagi oldingi rahbar Mun Je-in davrida ikki Koreyani yaqinlashtirishga urinilar ekan, bunday mashg'ulotlar kamaytirilgan edi.
Buni ham ko'ring AQShning Osiyoga nisbatan yangicha siyosati qanday bo'ladi?2000-yillarda Pxenyan bilan muzokaralarga bosh-qosh bo'lgan amerikalik arbob Viktor Cha fikricha, Vashington Rossiya va Xitoyning qadamlariga munosib javob berishi zarur. Seul va Tokio bilan yanayam yaqindan hamkorlik qilish kerak, deya undaydi u.
"Rossiya va Xitoy kuchlari Janubiy Koreya hududlariga shu qadar yaqin kelayotgani Seulni ham, Tokioni ham xavotirga solishi kerak", - deydi Cha.
2016-yilda Pxenyanga qarshi sanksiyalar joriy etishda jonbozlik ko'rsatgan yurist Joshua Stenton deydiki, Shimoliy Koreya lideri Kim Chen Ir dunyo bo'ylab yashirin bizneslar va mulklarga ega. Minglab odamlar uning xizmatida, deydi Stenton.
"Ularning ko'pi Rossiya va Xitoyda va aksariyati BMT ro'yxatiga ham tushgan. bu shaxslarni xalqaro moliya tizimlaridan haydash kerak, ulardan bloklash lozim", - deydi mutaxassis.
BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari bo'lgan Xitoy va Rossiya AQShning Pxenyanga nisbatan sanksiya takliflariga qarshi.
Amerikaning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild deydiki, Vashington baribir chora ko'radi, agar Pxenyan atom sinovi o'tkazsa.
Pekin va Moskva 2016-2017 yillarda Shimoliy Koreyaning yadroviy testlarini qoralab, BMTda uni jazolash uchun ovoz bergan.
AQShning Pxenyan bo'yicha maxsus vakili Sang Kim ta'kidlashicha, Vashington Xitoy va Rossiya hozirgi qarshiliklari sababini muhokama qilmoqda.
Yana bir ekspert, Dag Bandov tahlilicha, pirovardida Amerikaning asosiy qudrati o'zi yakka holda joriy eta oladigan sanksiyalarda.
"Biroq Shimoliy Koreya sanksiyalar ta'sirida o'zgarishi mumkin bo'lganida allaqachon siyosati boshqacha bo'lgan bo'lardi. Oldin ham o'zgartirmagan, hozir ham o'zgartiradi, deb o'ylamayman", - deydi Bandov.