7-iyun kuni Nyu-Yorkda Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi yangi uyi -“Knight Foundation” jamg’armasi Erkin matbuot markazining tantanali ochilish marosimi bo’ldi. Unda jahonning yetakchi jurnalistlari va so’z erkinligi himoyasida turgan mutaxassislar qatnashdi.
“Nayt jamg’armasi (Knight Foundation) Erkin matbuot markazi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi uyiga xush kelibsizlar!”- deya mehmonlarni pandemiyadan so’ng ilk marotaba o’z binosida qutlamoqda Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi tashkiloti direktorlar kengashi raisi Ketlin Kerol.
2021-yil Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi o’z idorasi uchun yangi binoni xarid qilgan edi. Nyu-Yorkda karantin choralari yumshagach, tashkilot nihoyat yangi qarorgohi eshiklarini jurnalistlar va keng jamoatchilik uchun ochdi.
“Menimcha, bu yerda biz, jurnalistlar uchun katta ishlarni bajarayotgan odamlar yig’ilishgan”,- deydi marosim qatnashchisi, rossiyalik mustaqil jurnalist Sergey Markelov.
“Bu yerda hozir juda ko’p jurnalistlar kelishgan. Amerikalik jurnalistlar ham bor. O’z vaqtida, bundan 40 yil avval, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga asos solgan jurnalistlar bor. Bundan tashqari, Ukrainadan “Ukrainskaya pravda” gazetasi bosh muharriri Sevgil Musayevani biz taklif qildik. U ham bu yerda. Boshqa mamlakatlardan ham jurnalistlar kelgan. Ya’ni mana shu yerda jurnalistlar kelib, doim o’zini xuddi uyidagidek his qilishi mumkin”,- deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said.
“Men bu yerga, shuningdek, “Time 100” sammitida ishtirok etish uchun ham kelganman. Bu yil mashhur “Time” jurnali jahonning 100 nufuzli odamlari qatoriga 3 ukrainalikni qo’shgan. Ular orasida Vladimir Zelenskiy, Ukraina bosh shtabi boshlig’I Valeriy Zalujniyni va meni, “Ukrainskaya pravda” gazetasi bosh muharririni kiritgan. Bugun men urushni yoritish jarayonida jurnalistlar qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganlari haqida gapirib berdim. Xususan, mamlakatning demokratiya sari taraqqiyotiga bir mustaqil nashrning qanday ta’sir ko’rsatgani misolida “Ukrainskaya pravda” qissasini so’zlab berdim. Men Ukrainani ertaga va indiniga ham qo’llashlari zarurligini hammaga aytyapman. Ko’pincha shunday bo’ladiki, urushdan charchashlari mumkin. G’arbda urushdan charchayaptilar. Men buni anglab turibman”, - deydi tantanali tadbir mehmoni, “Ukrainskaya pravda” gazetasi bosh muharriri, “Time” jurnalining 2022-yilgi eng nufuzli odalmlar ro’yxatidan o’rin olgan Sevgil Musayeva.
Buni ham ko'ring "Chegara bilmas muxbirlar": O'tgan yilda matbuot erkinligi yanada bo'g'ildi
Tantanali marosim, shuningdek, xalqaro tashkilotning yangi binosida, yangi rahbari boshchiligida o’tayotgan ilk tadbir.
“Bu nafaqat Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi uyi, balki erkin matbuot uyi hamdir”, - deydi tashkilotning yangi rahbari Jodi Ginsberg.
2022-yilda xalqaro tashkilot prezidenti etib Jodi Ginsberg tayinlandi. Bungacha tashkilotni Joel Saymon boshqargan. Bu vazifaga kirishgunicha Ginsberg jahondagi yetakchi ommaviy axborot vositalarida jurnalistik faoliyat bilan shug’ullangan, so’nggi yillarda so’z erkinligi himoyasi va erkin matbuotni rivojlantirish bilan shug’ullanuvchi qator nufuzli tashkilotlarda rahbarlik vazifalarida ishlagan.
Erkin matbuotning yangi markazi ochilishida mehmonlar ham, mezbonlar ham bugungi erkin matbuot va uning jurnalistlari duch kelayotgan sinovlar haqida ko’p gapirdi.
“Hozir erkin matbuot uchun murakkab davr. Eng asosiy muammolardan biri axborot oqimi kuchaygan. Axborot turli platforma va kanallar orqali kelyapti. Odamlar o’zaro muloqot qilishyapti. Shu bilan birga jurnalistlarga bo’lgan ishonch nihoyatda past darajaga tushgan. Faktlar bo’rttirilib, yolg’on oshirilmoqda. Propaganda kuchaygan. Shu jumladan, jurnalistlarga qarshi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bizning vazifamiz jamoatchilik axborot olishda erkin bo’lishini, jurnalistlar esa axborotni erkin tarqatish imkoniga ega bo’lishini ta’minlash”,- deya tashkilot oldida turgan vazifalarni tushuntiradi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi bo’limi direktori Jipsi Juylen Kayzer.
“Avvalambor, eng katta muammo bu Ukrainadagi jurnalistlar yuz tutayotgan muammo. Ya’ni urush 3 oy oldin boshlangandan keyin shuncha jurnalistlar hayotdan ketdi. Ular urush qurboni bo’ldi. O’lganlar orasida ukrainaliklar qatori boshqa mamlakatlardan kelgan jurnalistlar ham bor. Bundan tashqari, Rossiya hukumati hozir olib borayotgan taqiqlar natijasida juda ko’p rossiyalik mustaqil jurnalistlar Rossiyani tark etishga majbur bo’ldi va hozirgi kunda biz yuzlab jurnalistlar Rossiyani tark etgani haqida gapirib turibmiz, shunga guvoh bo’lyapmiz. Bundan tashqari, hozir mana ikki tomondan ketayotgan informatsion urush haqida ham gapirishimiz mumkin. Va bu urush butun dunyoga ta’sir o’tkazyapti. Chunki butun dunyo hozir haqiqat qayerda, mana shu savolni o’rtaga tashlab, mana shu savolga javob topishga harakat qilyapti”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said.
“Bugun men o’z chiqishimda shuni ta’kidladimki, bugungi kunda asosiy kurash bu tirik qolish bo’lib turibdi. Chunki bizda [Ukraina hududida] allaqachon 32 jurnalist halok bo’ldi. Bu juda ham ko’p. Ulardan 9 tasi vazifasini bajarayotganda o’ldirilgan. Bunday raqamlarni hech bir urush ko’rmagan”, - deydi “Ukraina haqiqati” gazetasi bosh muharriri Sevgil Musayeva.
Buni ham ko'ring Faollar Turkiyada so'z erkinligi yanada cheklanayotganidan xavotirda
“Uchta misol. Xavfsizligi uchun ismini aytmayman, mening “Novaya Gazeta”da ishlaydigan hamkasbim Ukrainadagi urushga qarshi norozilik piketiga chiqdi. Unga qarshi jinoyat ishi ochishdi. Ukrainadagi urush to’g’risida men yozgan matn mart oyining boshida “Novaya gazeta”da joylashtirildi va 15 daqiqadan keyin saytdan olib tashlandi. Soxta xabarlar to’g’risidagi qonun sababli. Uni olib tashlashmasa, gazetaning jurnalist va muharrirlari 15 yilgacha qamalardi. Va mening “Facebook”dagi maqola va matnlarim… mening urushni urush deb nomlashim menga Rossiyaga qaytishimga yo’l bermayapti. Menga Rossiyaga qaytish oldin ham xavfli edi, bugunga kelib esa bunday qilishim naqd jinoiy ish ochilishi va meni qo’lga olishlari bilan tugaydi. Ana shu uch misol urush shaxsan mening taqdirimga qanday ta’sir qilganini ko’rsatmoqda,” - deya tushuntiradi rossiyalik jurnalist Markelov.
1981-yili bir guruh amerikalik jurnalistlar tomonidan tashkil etilgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi bugungi kunda jurnalistlar, tadqiqotchilar va huquq faollaridan tarkib topgan katta tarmoqqa aylangan. Jurnalistlarni qo’llash va erkin so’z himoyasini maqsad qilgan bu nufuzli tashkilot 41 yil davomida Manxettenning turli joylarida ijara asosida faoliyat yuritib kelgan.