O'zbekistonda 2021-yilning 24-oktabrida o'tgan prezident saylovlarini demokratik deb topmagan Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokrartik institutlar va inson huquqlari byurosi (DHIIB) delegatsiyasi Toshkentda. Saylovni kuzatish missiyasiga rahbarlik qilgan Eogan Merfi unga boshchi.
Delegatsiya Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan o'tgan yildagi saylovlar yuzasidan chiqarilgan hisobot, unda berilgan tavsiyalar ijrosi haqida gaplashilgan.
Vazirlikka ko'ra, Merfi O‘zbekiston-DIIHB hamkorligini, jumladan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish kabi aloqalarni yuqori baholagan.
Ta’kidlanishicha, DIIHB delegatsiyasi o’zini qiziqtirgan barcha savollarga javob olgan.
O’zbekiston prezidenti saylovlari bo’yicha DIIHB yakuniy hisoboti shu yilning 22-aprel kuni e’lon qilingan.
DIIHB saylovni to’liq missiya, 250 nafardan oshiq ekspertlar guruhi bilan kuzatgan edi.
“Kuzatilgan uchastkalarning uchdan birida ovozlarni sanash tartib-qoidalariga rioya qilinmadi, saylov uchastkalarida esa, natijalarni qayd qilishda nomuvofiqliklar sababli, ba'zi qiyinchiliklarga duch kelindi, ushbu jarayonda begona insonlar qatnashgan. Tashrif buyurilgan okrug saylov komissiyalarining deyarli yarmida, uyushqoqsizlik va belgilangan tartibga rioya qilinmaganligini, shaffoflik bo‘lmaganini inobatga olgan holda yakuniy natijalarni qayd qilish jarayoni salbiy baholangan. Mintaqabay yoki mahallabay saylov ma'lumotlari oshkor etilmaganligi ham saylov jarayonining shaffofligiga putur yetkazdi”, - deyiladi yakuniy hisobotda.
DIIHB saylov jarayonida matbuot tutgan o’ringa alohida diqqat qaratib, ekspertlar guruhi saylovda qatnashgan nomzodlarga nisbatan matbuotda birorta tanqidiy ruhdagi material deyarli uchramaganini, Shavkat Mirziyoyev nomzodi boshqalarga nisbatan ko’p va kengay yoritilganini qayd etgan.
DIIHB saylov jarayonini shaffofligi, raqobatli bo’lishini ta’minlash uchun O’zbekistonga qator tavsiyalar bergan.
Ulardan biri bevosita siyosiy partiyalarga taalluqli:
“Siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish borasidagi talab va tartiblar uyushish erkinligi va plyuralizmga hurmat va targ‘ib ruhiga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish jarayoni to‘laligicha shaffof va ob'ektiv mezonlar asosida bo‘lishi, bu jarayon ustidan arz va shikoyatlar esa sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim”.
Yakuniy hisobotda O’zbekiston prezidenti saylovlariga ishtirok etishni maqsad qilgan “Haqiqat va taraqqiyot”, shuningdek, “Xalq manfaatlari” partiyasi Adliya vazirligi tomonidan ro’yxatga olinmaganini ham eslatgan.
DIIHB siyosiy partiyalarni ro’yxatga olish jarayonini mavhum deb baholaydi, xususan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi bosim va tazyiqlar haqida gapirganini ta’kidlaydi.
DIIHB nazarida O’zbekistonda prezident saylovo raqobatdan uzoq bo'lgan.
Saylov ortidan e’lon qilingan bu hisobotni O’zbekiston tomoni tan olmagan. Toshkentga ko'ra, saylov demokratik va adolatli o’tgan.
Tashkilotning O’zbekiston prezidenti saylovlari yuzasidan e’lon qilgan yakuniy hisobotiga rasmiy doiralarda va matbuotda biror munosabat kuzatilmaydi.