28-iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda President Emomali Rahmon bilan muloqot qilgan Rossiya rahbari Vladimir Putin qo'shni Afg'onistonning bugungi boshqaruvi bilan aloqada ekanini ta'kidladi.
Putinga ko'ra, Kreml Kobul bilan yaqindan ishlashni xohlaydi. Biroq, deya tushuntirdi u, Rossiya Afg'oniston hukumatida barcha etnik guruhlarning vakillari joy olishini istaydi.
Tojikiston - Putin Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri borgan ilk mamlakat. 29-iyun kuni u Turkmanistonda Kaspiy davlatlari sammitida qatnashmoqda.
Tojikiston - Rossiyaning chet eldagi eng yirik harbiy kontingenti joylashgan mamlakat. Bu kuchning bir qismi Ukrainadagi urushga safarbar etilgan.
Dushanbe Afg'onistondagi vaziyatdan doimiy xavotir bildirib keladi. Putin va Rahmon bu borada ham gaplashgan.
“Biz Afg'onistonda barqarorlik bo'lishi uchun qo'ldan kelgancha harakatdamiz. Mamlakatni nazorat qilayotgan siyosiy kuchlar bilan rishtalarni shakllantirishga urinayapmiz", - deydi Putin.
Rossiya Tolibonni rasman terror guruhi deb tamg'alagan, biroq bu harakat Moskvada o'z vakolatxonasiga ega. Toliblar yaqinda Sankt-Peterburgda o'tgan xalqaro iqtisodiy sammitga delegatsiya ham yubordi.