BMT ham Qoraqalpog'istonda mustaqil va oshkora tergovga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Mishel Bachelet, BMTning inson huquqlari masalalari bo'yicha bosh rasmiysi. Uning idorasi Jenevada joylashgan

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha bosh komissari Mishel Bachelet O'zbekistonni Qoraqalpog'istondagi qonli voqealarni vaqtida, mustaqil va oshkora tergov qilishga chaqirmoqda. Yevropa Ittifoqi va AQSh ham shunday chaqiriqlar bilan chiqqan.

1-2 iyul kungi g'alayonlarda avtonom respublikada, hukumat hisobicha, 18 kishi o'lgan, 243 kishi jarohatlangan, 500 dan ortiq kishi hibsga olingan.

Rasmiylarning ayishicha, hibsdagilar soni kamayib bormoqda, chunki qo'yib yuborilayotganlar ko'p. Biroq BMT jarayon shaffof bo'lishi lozim, deya eslatmoqda.

"Halok bo'lganlarning kimligi noma'lum. Boshi va tanasidan oq yeb o'lganlar haqida ma'lumotlar bor. Nobud bo'lganlar soni aslida yuqori bo'lishi mumkin. Zo'ravonliklar va qotilliklar borasida ham eshitdik. Hukumat kuch ishlatishdan qat'iy tiyilishi kerak", - deydi Bachelet.

“Javobgarlik va mas'uliyatni ta'minlash uchun tegishli organlar shaffof va mustaqil tekshiruvlar olib borishi lozim, toki gumon qilinayotgan jinoyatlar, xususan davlat kuchlari sodir etgan huquqbuzarliklar ham fosh etilsin".

Buni ham ko'ring AQSh O'zbekiston hududiy yaxlitligini quvvatlab, Qoraqalpog'istondagi voqealarni taftish qilishga chaqirmoqda

Qoraqalpog'iston suveren hudud bo'lib qolsin, degan talab bilan ko'chaga chiqqan minglab namoyishchilar orasida qon to'kishni maqsad qilgan insonlar ham bo'lgan, deya da'vo qiladi hukumat.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusga borib, xalqqa konstitutsiyaning avtonomiya bilan bog'liq moddalarini o'zgartirmaslikni va'da qildi. Rahbariyatga ko'ra, hozir hudud tinch, lekin 2-avgustgacha favqulodda holat hukmron.

BMT hibsdagilarning huquqlari ham buzilmasin, adolat ustuvor bo'lsin, deya undamoqda.

Tashkilot taxminicha, ayrimlar tuzumni ag'darishga uringanlikda ayblanib, sudlanishi mumkin. Bunday holatlarda uzoq yillik qamoq jazosi kutadi.

Buni ham ko'ring Yevropa Ittifoqi Qoraqalpog'istondagi voqealarni ochiq va mustaqil tekshirishga chaqirmoqda

Bachelet deydiki, fuqarolar o'z huquq va erkinliklaridan foydalangani uchun jazolanmasligi lozim.

“O'zbekiston fuqaro va siyosiy huquqlar bo'yicha konvensiyaga kirgan davlat. Konvensiyaga ko'ra, har bir kishi erkin fikr bildirishga, uyushib yig'ilishga va jamoatchilik ishlarida ishtirok etishga haqli", - deya ta'kidlaydi BMT komissari.

O'zbekiston, shuningdek, ayni damda BMT Inson huquqlari tashkilotining a'zosi.

Hukumat Qoraqalpog'iston voqealarini to'liq taftish qilib, adolatni ta'minlashga va'da bergan. Javobgarlar jazosini oladi, deydi Prezident Mirziyoyev. Hukumat kuchlari haddidan oshgan bo'lsa, ular ham adolat oldida javob beradi, deydi u.

Buni ham ko'ring HRW: Qoraqalpog'istonda qiynoqlarga yo'l qo'yilmasin

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti qiynoqlarga aslo yo'l qo'yilmasin, deya undamoqda.

BMT ham shunday talabni olg'a surmoqda. Panjara ortidagi fuqarolar himoyachilarga ega bo'lishi shart, deydi Bachelet, ayblovlar odil sudda ko;rib chiqilishi kerak.

Bachelet O'zbekiston hukumatidan Qoraqalpog'istonda internetni tiklashni so'ramoqda. Aloqani yoppasiga kesish ham fuqaro erkinliklarini buzishdir, deydi u. Aholining erkin axborot olishga haqqi bor.

Rasmiyning qayd etishicha, favqulodda holat ostida hukumat xalqaro qonunlarga zid harakat qilmasligi kerak. Bunday qartib va qoida aniq va vaqtincha joriy etilishi zarur.