Britaniya va AQSh razvedka xizmatlarining ogohlantirishicha, Xitoy josuslik orqali intellektual mulkni o’g’irlash bo’yicha katta salohiyatga ega. Ayni paytda AQSh Xitoy ustidan innovatsion ustunligini saqlab qolish uchun xorijlik tadqiqotchilarni o’ziga jalb qilishni davom ettirishi kerak.
Bu ishda oliy o’quv yurtlarining o’rni katta.
Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, AQShda har to’rtta xorijlik olimning kamida uchtasi ilmiy tadqiqot bilan shug’ullanadi. Chunki AQShning o’zi yetarli darajada olimlar yetkazib bera olamayapti.
“Ammo doktorlik ishini tugatayotgan ko’plab xorijlik bitiruvchilar immigratsiya muammolari tufayli mamlakatni tark etyapti”, - deydi sobiq rasmiy Keri Bingen.
Bingen razvedka va xavfsizlik bo’yicha AQSh mudofaa vaziri yordamchisining o’rinbosari bo’lib ishlagan. U ilm-fan va texnologiya yo’nalishida yuqori darajaga ega xorijliklar uchun immigratsion cheklovlarni bekor qilishni so’rab Kongressga xat yozgan xavfsizlik sohasidagi 18 sobiq rasmiydan biri.
“Texnologiya raqobatida g’olib chiqishni istasak, ham AQShdan, ham dunyodan eng aqlli kallalarni yig’ishimiz kerak”, - deydi u.
Ba’zilarga ko’ra esa, AQShning xorijlik olimlarga tayanishi Pekinga qo’l kelishi mumkin.
Buni ham ko'ring AQShda Xitoy fuqarosi josusligini tan oldi“Ular AQShga tadqiqotchi, talaba, vaqtinchalik tashrif buyuruvchi qiyofasida o’z odamlarini jo’natib, akademik institutlarda amerikaliklar bilan yaqin hamkorlik orqali intellektual mulkni o’g’irlashni maqsad qilgan”, - deydi milliy xavfsizlik bo’yicha ekspert Jamil Jaffar.
58 yoshli ogayolik professor Son Guo Jen AQSh hukumati grantlaridan foydalangan holda, Xitoyning tibbiy tadqiqotlar bo’yicha salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi dasturda qatnashganini tan oldi. Hozir u uch yillik qamoq jazosini o’tamoqda.
AQSh Federal Qidiruv Byurosi direktori Kristofer Rey Britaniyaning “MI5” razvedkasi rahbari bilan birga bizneslarni Xitoy tahdididan ogohlantirdi.
“Xitoy hukumati sizning texnologiyangizni o’g’irlashni qasd qilgan. Shu yo’l bilan biznesingizni zaiflashtirishni va bozorni egallashni istaydi”, - deydi FQB rahbari.
Pekin bunga jiddiy e’tiroz bildirdi.
“Razvedka rasmiylarining bu bayonoti Sovuq urush davrida ildiz otgan dunyoqarash va mafkuraviy buzuqlikni to’liq fosh etdi”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi.
Buni ham ko'ring Iqtisodiy josuslik sabab AQSh-Xitoy aloqalari eng past darajadaTa’lim vazirligi sobiq rasmiysi Den Kurrelga ko’ra, universitetlar nozik tadqiqotlarni himoya qilish yo’llarini ishlab chiqishi kerak. Hozir xorijlik olimlarni tekshiruvdan o’tkazishning aniq shakli mavjud emas, deydi u.
“Buni qanday amalga oshirish, unda qanday odamlar qatnashishi masalasida, to’g’risi, aniq bir tizim yo’q”, - deydi Kurrel.
Ekspertlar fikricha, bu tizimni ishlab chiqish Amerika kelajagi uchun muhim.
“Biz Xitoy bilan katta raqobatdamiz va yutqazish ehtimolimiz jiddiy”, - deydi Keri Bingen.