O'zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova o'margan mablag'dan 131 million dollari Shveysariyadan O'zbekistonga qaytarilib, sog'liqni saqlash va ta'lim uchun sarflanadi. Fondni uch tomon - BMT, Shveysariya va O'zbekiston - birgalikda nazorat qiladi. Bu borada bugun Bernda e'lon qilingan.
O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslan Davletov 16-avgust kuni Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Inyatsio Kassis bilan maxsus hujjatni imzolagan.
"Bitimning imzolanishi ilgari G. Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveysariyada legallashtirilgan 131 million AQSh dollarining Shveysariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi", - deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.
Ammo hozircha bu mablag' O'zbekiston xalqiga qaytarilgani haqida biror asos mavjud emas. Shunisi ma'lumki, bu kelishuv ustida ikki yil ter to'kilgan.
O‘zbekiston Adliya vazirligiga ko'ra, bitim - respublikaning vakolatli idoralari, shuningdek, Shveytsariyaning tegishli vazirliklari hamda BMT agentliklari "sinchkovlik bilan amalga oshirilgan ishlar va bir necha davralardan iborat muzokaralarning natijasidir".
Unga binoan fond ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida yuritiladi va jarayonda fuqaro jamiyati faol ishtirok etadi.
O‘zbekiston, Shveysariya va BMT yetakchiligida “Uzbekistan Vision 2030” degan trast fond ishlaydi.
Jamg‘armada O‘zbekiston va Shveysariyadan bir nafardan yuqori martabali vakil bo'ladi va birga qarorlar qabul qiladi. Boshqaruv qo‘mitasida esa O‘zbekiston, Shveysariya va BMTdan bir nafardan vakil bo'lib, fondning amaliy faoliyati, jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bilan shug'ullanadi.
Fond ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlash uchun esa O‘zbekiston va Shveysariya fuqarolik jamiyati hamda xalqaro nohukumat tashkilotlar vakillaridan iborat maslahat kengashi tuziladi.
Fond homiylik qilishga bel bog'lagan loyihalar BMTning O‘zbekistondagi idorasi va O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Buni ham ko'ring Shveysariya Gulnora Karimovaning muzlatilgan hisobidan 131 million dollarni O'zbekistonga qaytarishga rozi"Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi", - deya va'da bermoqda Adliya vazirligi.
"Bunday tizim korrupsiya va boshqa xavflarni minimallashtiradi, shuningdek, mablag‘larni sarflashda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlaydi".
O'zbekiston - dunyoda eng korrupsiyalashgan va bu borada kurash eng sust davlatlardan biri.
Yuqoridagi kabi fondlar mamlakatda ilk bor joriy etilmoqda. Xalqaro nohukumat tashkilotlar nazarida O'zbekiston hukumatiga buncha mablag'ni ishonib topshirish noto'g'ri. Bu borada ular oldin ham ogohlantirgan.
Respublikada fuqaro jamiyati faoliyati o'ta cheklangan, deya eslatadi mahalliy faollar, tizim esa hamon chuqur korrupsiya ichida.
O'zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hisobotiga ko'ra, sog'liqni saqlash va bank tizimi - eng qo'porilgan sektorlar. Ta'lim tizimi ham bu borada yuqori o'rinlarda.
Ulardagi yangi loyihalar uchun fond pul ajratadigan bo'lsa, o'ta shaffof va qat'iy talablar ostida amalga oshirilishi kerak, deydi yozmoqda ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirayotgan o'zbekistonliklar.
Berndagi matbuot anjumanida Adliya vaziri Davletov, Shveysariya Prezidenti Kassis hamda BMTning O'zbekistondagi bosh vakili Roli Asthana korrupsiyaga qarshi kurashish zarurati va qaytarilayotgan pullar O'zbekiston xalqi ravnaqi uchun sarflanishi lozimligiga urg'u bergan.
Asthana xonim BMTning uzoq muddatli maqsadlari O'zbekistonda real fuqaro jamiyati shakllanishini talab etishini aytib, inson huquqlari ta'minoti va barcha fuqarolarning manfaatlari uchun xizmat qiluvchi ishlar qilinishi kerakligini ta'kidlagan.
"BMTning O'zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berishda o'ynagan roli namunadir", - deydi BMT rasmiysi.
BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkilotiga ko'ra, bugun respublikada bu muammo sistematik ravishda bartaraf etilgan. Majburiy mehnat hollarini nazorat qiluvchi va jazolovchi mexanizmlar mavjud, deya bildiradi tashkilot.
Shveysariya rahbari Kassis tvit qilishicha, O'zbekiston, BMT va uning davlati orasidagi kelishuv tarixiy yutuqdir va uning tatbiq etilishi respublikani rivojlantirish demakdir. Kassis nazarida bu hamkorlik restitutsiya, ya'ni xalqdan o'g'irlangan boylikni unga qaytarishdek ezgu amalga nazarda tutadi va bu jarayon albatta samara berishi kerak.
Vashingtondagi "Freedom Forum" nohukumat tashkilotidan Metyu Shaaf fond ortidagi tomonlarga quyidagi savollarni bermoqda: BMTning aynan qay maqsadlari yo'lida bu pullar sarflanishi rejalangan? Mablag' qay shaklda bo'linadi? Nazorat kimning qo'lida? Jarayonning shaffof ekanini ta'minlash aynan kimning zimmasida? Nohukumat tashkilotlar ham grant ola biladimi? Ular hukumat ro'yxatidan o'ta olmayotgan tashkilotlar bo'lsa-chi?
BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterishning matbuot kotibi Stefan Duyarrichning tasdiqlashicha, 131 million dollar O'zbekistonga BMT orqali bir necha qismda o'tkaziladi.
"BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi bosh vakil Roli Asthana yetakchiligida O'zbeiston hukumati bilan yaqindan ishlaydi", - deydi Duyarrich.