Respublikachilar endi mutlaq Trampning partiyasimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq vitse-prezidenti Dik Cheynining qizi Liz Cheyni partiyaviy saralash jarayonida Vakillar palatasiga nomzodlikni Vayoming shtatidan boshqa bir respublikachiga boy berdi

56 yoshli Liz Cheyni yaqingacha ham Kongressning Vakillar palatasidagi o'rnini saqlab qolishiga ishonch bildirayotgan edi. Biroq Vayoming shtatidagi okrugida o'tgan saralash jarayonida u nomzodlikni boshqa bir respublikachiga boy berdi. Biroq Cheynining ko'zi Oq uyda.

Sobiq prezident Donald Trampning tarafdoriga yutqazgan Cheyni Respublikachilar partiyasining lideri sifatida ko'tarilayotgan edi.

Kongressga uch marta saylangan Cheyni partiya aslo Tramp kabi radikal qo'liga o'tmasligi kerak deb keladi. Uning fikricha, Tramp Oq uyga yana harakat qilishiga yo'l qo'ymaslik kerak. Vakillar palatasida demokratlardan tashqari Trampni eng keskin tanqid qilib kelayotgan siyosatchi ham Cheynidir.

Trampning 2021-yilning 6-yanvarida Kongressga bosqin paytida qayerda bo'lgani va nima qilgani ustidan tekshiruvga bosh-qosh ekan, Cheyni otasining maslahatlariga tayanmoqda.

Demokratlar nazarida Cheyni fidokor va vijdonli respublikachidir.

“Liz Cheyni Respublikachilar partiyasining Trampdan oldingi holatini aks ettiradi. Lekin bugun konservatorlar o'zgargan", - deydi Jeff Kabaservis, Niskanen tahlil markazi eksperti.

Mag'lubiyat kechasi tarafdorlariga murojaat qilar ekan, Cheyni deydiki, "ish endi boshlanmoqda".

Siyosatchi o'z nutqlarida Avraam Linkoln va Yulissis Grantni ko'p tilga oladi. Cheyniga ko'ra, respublikachilar o'z tub tamoyillariga qaytishi kerak.

Dik Cheyni 50 yildirki, Vashingtonda o'ziga xos qudratga ega

Cheyni, ko'plab respublikachilar taxminicha, Oq uyga saylanish uchun poygaga kirishi mumkin. Yutmasligi mumkin, ammo Trampga kuchli raqobatchi bo'ladi.

Kongress uchun kampaniyasidan qolgab mablag'ni hozir u "Buyuk vazifa" degan shior ostidagi harakatga aylantirgan. "Buyuk vazifa" - Linkolnning mashhur nutqlaridan olingan.

“Donald Tramp Oq uyga qaytmasligi uchun qo'limdan kelgan barcha qadamlarni tashlayman", - deydi Cheyni "NBC" telekanaliga bergan intervyusida.

Prezidentlikni ko'zlayapsizmi, degan savolga uning javobi: "Bu haqda o'ylanayapman va qarorimni kelasi oylarda e'lon qilaman".

Poygaga kirsa, yutish ehtimoli yuqori emas, deydi sharhlovchilar, biroq respublikachilar orasidan bunday siyosatchi chiqib, Trampni tergashi va uni demokratiya dushmani deya tamg'alab, boshqa respublikachilarning qarashlarini targ'ib qilish partiya asl mohiyatini yo'qotmaganidan darak.

Tramp fikricha, Cheyni kabilar aslida demokratlardek liberallardir va mo'tadil ekanini ro'kach qilib, respublikachilarning manfaatlariga qarshi boradi.

Trampning ikkinchi impichment jarayonida unga qarshi ovoz bergan 10 respublikachidan faqat ikki nafari hozircha Kongressga qayta saylanish uchun nomzod. Qolganlar Cheyni singari o'rinlarini bor bergan.

8-noyabrda o'tadigan saylovlarda Kongressning har ikki palatasi respublikachilar qo'liga o'tsa, bu Tramp kelajagini belgilovchi yutuq bo'ladi, deydi siyosatdonlar.

Chunki bu respublikachi nomzodlarning aksariyati Tramp tarafdori va xalq ularni quvvatlashi sobiq prezidentga ham kuch beradi.

Liz Cheyni Vakillar palatasiga 2016-yildan beri a'zo

Mark Salter, marhum senator Jon Makkeyn qo'lida uzoq yillar ishlagan strateg deydiki:

“Respublikachilar partiyasi hozir Donald Trampning klubi".

Cheynilar oilasi yarim asrdan beri Vashingtonda o'ziga xos qudratga ega. Dik Cheyni 1979-1989 yillarda Kongress a'zosi bo'lgan. 1989-1993 yillarda esa Mudofaa vaziri. 2001-2009 yillar orasida esa vitse-prezident.

Liz Cheyni Vakillar palatasiga 2016-yilda saylangan. U palatadagi eng nufuzli respublikachi ayol hisoblanadi.

Vayomingdan sobiq senator Alan Simpson fikricha, Cheynini olqishlash lozim, toki u respublikachilarni jasoratlantiradigan tashabbuslar bilan chiqsin.

Florida shtatidan sobiq kongressmen Karlos Kurbelo nazarida Vakillar palatasidagi respublikachilar hozirda Trampning o'yinchoqlari.

Bu qonunchilar esa o'zlarini xalq vakillari deb biladi va saylovchilarning xohish-istaklari uchun kurashayotganini aytadi.

Cheyniga oxirgi paytlarda tahdidlar ko'paygan va xavfsizlik choralari oshirilgan.

(AP axborotiga ham tayanildi)