AQSh Markaziy qo'mondonligi homiyligida Tojikistonda bu mamlakat qurolli kuchlari AQSh, Qozog'iston, O'zbekiston, Qirg'iziston, Mongoliya va Pokiston harbiylari bilan birga mashq qilmoqda. Dastur 10-avgustda boshlangan, 20-avgustda tugaydi.
Bu dastur 2004-yildan beri har yili tashkil qilingan, ammo koronavirus pandemiyasi sabab to'xtab qolgan edi. Bu yildan yana jonlandi.
AQShning Dushanbedagi elchisi Jon Pommershem deydiki, bu mashg'ulotlar Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari zobitlari ishtirokida kechgan eng yirik treningdir.
"Bu mashqlar Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun xizmat qiladi, jumladadn global tahdidlarga qarshi chora ko'rish, axborot almashinuvi va birdamlikni kuchaytirishga hissa qo'shadi", - deydi Pommershem.
Yillik dasturdan maqsad, deya tushuntiradi AQShning Tojikistondagi elchixonasi, barqarorlikni ta'mnlash uchun zarur ko'nikmalarni charxlash, kontrterrorizm, mintaqaviy hamkorlik va ikki mintaqa qurolli kuchlarini bir-biirga yaqinlashtirishdir.
Tojikiston va AQSh harbiylari Faxrobod majmuasida alohida mashq ham o'tkazmoqda.