Shinjondagi qayta tarbiyalash lageridan omon chiqqan uyg’ur ayol hikoyasi

  • Amerika Ovozi

Gulbahor Hayithoji Shinjondagi qamoqxonada o’tkazgan vaqtini qo’rqinchli tush kabi eslaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-sentabr, 2022-yil

“Qulflangan, dunyodan uzilgan edik. Bizni o’ldirishadi deb o’ylagandim”, - deydi 55 yoshli ayol “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

BMT inson huquqlari idorasining uzoq kutilgan va shu hafta chop etilgan hisobotida “Shinjonda inson huquqlarining jiddiy ravishda buzilishi” qayd etilgan. Huquq faollari Pekinning muxtoriyatda ozchilik guruhlarga nisbatan munosabatini insoniyatga qarshi jinoyat va genotsid deb baholaydi.

Hozirda Fransiyada yashayotgan Gulbahor Hayithojining “Xitoyning qayta tarbiyalash lageridan qanday qilib omon chiqdim” nomli xotiranomasi bir necha tillarga tarjima qilingan.

Hayithoji qizlari bilan 2006-yilda Parijga ko’chishidan oldin Shinjonda muhandis bo’lib ishlagan. Turmush o’rtog’i undan to’rt yil avval Fransiyaga ko’chgan. 2016-yilda ayolga o’zini Shinjon neft kompaniyasi hisobchisi deb tanishtirgan shaxs telefon qilib, pensiya bilan bog'liq masala borligini, Qaramay shahriga qaytishni so'raydi.

Kitob 11 tilga tarjima qilingan

“Menda hech qanday shubha yo’q edi, chunki Fransiyada Xitoyga qarshi biror ish qilmaganman”, - deydi suhbatdosh.

Hayithoji Shinjonga qaytib borganida unga qizining Parijdagi uyg’urlar namoyishida qatnashgan rasmini ko’rsatishadi, pasportini olib qo’yishadi va hibsga olishadi.

Ayol to’qqiz kishiga mo’ljallangan kamerada saqlangan. Ammo karavotlar yonma-yon joylashtrilib, 35 kishi uxlardi, deydi Hayithoji. Jazolanganlar karavotga kishanlangan.

“Meni 20 kun kishanlashgan. Eng uzog’i uch oyga bog’lab qo’yishgan, - deydi Hayithoji. “Hojatga 10 kun chiqa olmaganman”.

Ayolga turli xil ayblovlar qo’yilgan, ammo asosiysi terrorizm edi.

“Oxir-oqibat ering va qizing terrorist, bu haqda xabar bermagansan deyishdi. Xitoy fuqarosi sifatida hukumatga xabar berishim kerak ekan”, - deydi u.

“Maktab”dagi hayot

To’rt oyu yetti kundan keyin Hayithoji Shinjondagi “maktabga” o’tkazildi.

“Har birimizning qamoq raqamimiz bor edi. Meniki to’qqiz. Boshqalarning ismini ham bilmasdim”, - deydi u.

Uning aytishicha, “talabalar” Xitoy rahbari Si Zinpin portreti ostida har kuni marsh qilgan.

“Robotga o’xshardik: har kuni erta turish, 11 soat davomida darsga qatnash, hukumat belgilagan o’quv dasturi asosida tarix, huquq va xitoy tilini o’rganish. Shuningdek, har hafta kommunistik qo’shiq o’rganasiz”.

Hayitvaji saqlangan lager sxemasi

Har juma imtihon bo’lib, undan o’tolmaganlar “maktabda” abadiy qoladi, deb ogohlantirilgan.

2021-yilgi matbuot anjumanida Shinjon Jamoat xavfsizligi departamenti direktori o’rinbosari Yolqin Yoqub Hayithojini Gulbahor Mayhamutjon deb tilga olib, uni “separatist va terrorchi” deb qoralagan. Uning ta’kidlashicha, ayol Xitoyga bir necha bor kelib, “qo’zg’olon” ko’tarishga uringan.

“Shinxua” davlat axborot agentligining 2021-yilgi maqolasida Shinjondagi inshootlar kasb-hunar va trening markazlari deya tasvirlanadi. Maqolada yozilishicha, ularda ta’lim olganlarning shaxsiy erkinligi, qadr-qimmati kafolatlangan va barchasi 2019-yilda bitirgan.

Majburiy mehnat

“Ular lagerlar qurishda, qurilishga resurs ajratishda davom etmoqda. Butun dunyoni aldashyapti”, - deydi Hayithoji.

Ayrim tadqiqotchi va faollarga ko’ra, bu lagerlarda 2 milliongacha uyg’ur va boshqa etnik guruhlar vakillari saqlanadi. Avstraliya Stregetik siyosat instituti 2020-yilda Shinjonda 380 dan ortiq shunday inshootlar bo’lganini aniqlagan.

BMT tomonidan tayinlangan mustaqil ekspert yaqinda e’lon qilingan hisobotda Shinjonda majburiy mehnat qo’llanadi, deya xulosa qilinadi.

Yevroparlamentning iyun oyidagi rezolyutsiyasida qayd etilishicha, Xitoydagi uyg’urlar “shafqatsiz choralar bilan sistematik ravishda eziladi” va “genotsid xavfi yuqori”.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Litzyan Yevroparlamentni “qasddan tuhmat kampaniyasida” va ichki ishlarga aralashayotganlikda ayblagan. Uning aytishicha, Shinjondagi milliy xavfsizlik siyosati terrorizm va separatizmga qarshi kurashga qaratilgan.

AQSh ham Xitoyni majburiy mehnat va genotsidda ayblaydi. Iyun oyida Vashington uyg’urlarning majburiy mehnatga jalb etilishini bartaraf etishga qaratilgan qonunni joriy eta boshladi.

Pekin bu ayblovlarni dezinformatsiya deya rad etadi.

“Ayrim kuchlar Shinjon bilan bog’liq masalalarni manipulyatsiya qilib, majburiy mehnat haqida uydirma tarqatmoqda. Ular inson huquqlarini bahona qilib, Shinjon farovonligi va barqarorligini buzishga, Xitoyni rivojlanishdan to’xtatishga harakat qilyapti. Bu reja hech qachon amalga oshmaydi”, - deydi vazirlikning yana bir so’zlovchisi Van Venbin.

2019-yilning avgustida Fransiya hukumatining sa’y-harakatlari bilan Gulbahor Hayithoji ozod qilinib, Fransiyaga qaytdi.

“Shinjonda ayollar haqiqiy qamoqxonada yashaydi. Hatto ko’chalar ham ochiq qamoqxona, chunki ularda so’z va tanqid qilish erkinligi, fikrini aytish erkinligi yo’q”, - deydi sobiq mahbus.