Global qonunchilar: Xitoy dunyo uchun eng katta xavf

  • Amerika Ovozi

Xitoy rahbari Si Zinpin shu hafta Markaziy Osiyoda dabdaba bilan kutib olindi, biroq unga nisbatan munosabat boshqacha bo’lishi kerak, deb hisoblaydi 28 davlat va Yevropa Ittifoqi qonunchilarini o’z ichiga olgan Xitoy bo’yicha parlamentlararo ittifoq (IPAC) a’zolari.

Ikkinchi sammitini yakunlagan bu tashkilotga ko’ra, kommunistik o’lkada inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yomonlashishda davom etmoqda.

“Xitoy hukumati o’z fuqarolarining so’z, vijdon va din erkinligini toptashdan to’xtagani yo’q. Odamlar yoppasiga kuzatiladi, o’zboshimchalik bilan hibsga olinadi, tuzumga qarshi bo’lganlar g’oyib bo’ladi”, - deyiladi ittifoq bayonotida.

Vashingtonda o’tgan IPAC sammitida turli davlatlardan 60 dan ortiq qonunchi ishtirok etdi. Guruh 2020-yilda tashkil etilganidan buyon uning a’zolari soni uch baravar ko’paygan, besh qit’adan qonunchilarni o’z ichiga oladi.

Pekin odatda bunday tashabbuslar ortida AQSh turganini da’vo qiladi. Ammo IPAC guruhida Britaniya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya va Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari kattaroq. Shvetsiya va Irlandiya a’zolari soni esa AQShniki bilan teng. Ilk sammit o’tgan yili Rimda o’tkazilgan edi.

Har bir mamlakat qonunchilari IPACga “nozik sabablarga ko’ra” a’zo bo’lsa-da, qarorlar va qo’shma harakat rejasida umumiylik bor, deya qayd etadi Britaniya parlamenti a’zosi Dankan Smit.

“Pozitsiyamiz mushtarak. Hammamiz Xitoyning tabiati, o’sishi, qudrati, harbiy maqsadlarini tahdid deb bilamiz”, - deydi u.

Smit IPAC ittifoqiga hamkasbi, Britaniyaning eng taniqli huquqshunoslaridan biri hisoblangan Helena Kennedi bilan birga asos solgan.

Har bir delegatsiyaga ikki hamrais rahbarlik qiladi, biri o’ng, biri so’l qanot partiyalardan. Bunday format demokratik jamiyatlar tabiatini aks ettiradi, deydi Smit.

Dankan Smit va Helena Kennedi

Eng katta xavf

“Menimcha, Xitoy liberal tartib va erkin bozor uchun eng katta xavf. U ko’p jihatdan G’arb sarmoyasi tufayli ikkinchi eng qudratli iqtisodiyotga aylangan, birinchi o’ringa ham chiqib olishi mumkin. Shu ma’noda ular Rossiyadan ham kuchliroq”, - deydi Smit.

Ruminiya delegatsiyasi a’zosi Katalin Tanita ham Rossiya Ukrainada sababsiz urush boshlaganiga qaramasdan Xitoyni jiddiyroq tahdid deb ko’radi.

“Bizga o’zini Rossiyadek tutadigan, ammo iqtisodiy jihatdan o’n baravar kuchliroq o’yinchi kerak emas”, - deydi u.

Dankan Smit so’zlariga ko’ra, Xitoy o’sib borayotgan harbiy, huquq-tartibot va tashqi operatsiyalarini moliyalash uchun kuchli iqtisodiyot kerakligini anglab, sovet modelini mukammallashtirgan.

“Muammo shundaki, biz ertaga nima bo’lishini o’ylamay ularga yordam berdik. Oqibatlar haqida o’ylamay savdo-sotiqni davom ettirdik, mahsulot xarid qilaverdik. Ularga tobe bo’lib, qarshi chiqa olmaydigan bo’lib qoldik. Buni o’zgartirish kerak”, - deydi u.

Xitoy nafaqat avtoritar va hatto totalitar deb hisoblangan boshqaruv usulini qo’llaydi, deydi Smit, balki o’zini boshqalarga o’rnak deb biladi.

“Ularning kuchiga kuch qo’shmang, boyligi yanada oshishiga hissa qo’shmang. Ular mavjud zaxira va mablag’lari bilan nimalar qilganini ko’rdik”, - deydi Smit dunyo hukumatlariga qarata.