AQShda oraliq saylovlar yaqinlashar ekan, immigratsiya mamlakatning eng munozarali siyosiy mavzularidan biri bo'lishda davom etmoqda. Bu asosan janubi-g'arbiy chegaradan AQShga kirishga urinayotganlar soni bilan bog'liq.
AQShning Meksika chegarasiga to’planayotgan muhojirlar soni rekord darajaga yetgan. Buning uchun respublikachilar demokrat Prezident Jo Baydenni ayblamoqda. Migratsiya siyosati instituti tahlil qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bayden ma’muriyati immigratsiya masalasida faol bo‘lib, shu paytgacha 296 ta buyruq chiqargan.
Shuningdek, Bayden ma'muriyati Tramp davridagi ba'zi qarorlarni o’z kuchida qoldirgan.
AQSh-Meksika chegarasi va boshpana dasturi
Bayden ma'muriyati pandemiya davrida aholi salomatligini himoya qilish uchun AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CDC) buyrug'i bilan 2020-yil mart oyida joriy etilgan 42-modda deb ataluvchi chora ijrosini ham davom ettirdi. Qo'shma Shtatlardan boshpana so'ramoqchi bo'lgan bir milliondan ortiq muhojir 2022-moliyaviy yilda o'z mamlakatlariga yoki Meksikaga chiqarib yuborilgan. Trump ma'muriyati tomonidan umumiy siyosat sifatida amalga oshirilgan va kuchga kirgan bu chora Bayden davrida biroz o’zgartirilib, hamrohsiz kelgan voyaga yetmaganlar va yosh bolali oilalar AQShga kirishiga ruxsat berilgan.
Buni ham ko'ring Tadqiqot: Immigrantlarning farzandlari ko’proq muvaffaqiyatga erishadiAQSh o'z mamlakatlarida irqi, dini, millati, siyosiy qarashlari yoki muayyan guruhga a'zoligi tufayli ta'qibga uchragan odamlarga siyosiy boshpana beradi.
2022-yil may oyida Bayden ma'muriyati 42-modda asosidagi tartib tugatilishini e'lon qildi. Lekin respublikachilar boshchiligidagi shtatlar sudga murojaat qilishi ortidan bu qaror noma’lum muddatgacha yana ijroda qolishi belgilandi.
Bayden ma'muriyati muhojirlarni himoya qilish protokollari deb nomlanuvchi Tramp davridagi boshqa bir siyosatni tugatishga muvaffaq bo'ldi. Bu tartib asosida boshpana izlovchilar immigratsiya sudida ularning ishi ko’rib chiqilguncha Meksikaga qaytishi talab qilinar edi.
Federal sud qarori tufayli muhojirlar endi bu tartibga rioya qilishi shart emas. Shu qoida asosida chiqarib yuborilganlar va hujjatlarini Meksikada kutayotganlar keying sud ishida qatnashish uchun AQShga kirishiga ruxsat beriladi va shundan keyin Meksikaga qaytishi shart emas.
2022-yil 31-maydan boshlab maʼmuriyat boshpana soʻrovi boʻyicha baʼzi daʼvolarni koʻrib chiqish tartibiga oʻzgartirish kiritishni boshladi. Yangi ko'rsatma boshpana berish jarayonini soddalashtirish va ish hajmi ortgan AQSh immigratsiya sudlariga kamroq ishlarni yuborishni ko’zda tutadi. Ba’zi ishlar bo’yicha qaror immigratsiya xodimlarining o’zlari tomonidan beriladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qochqinlar
Bayden dastlab Qo'shma Shtatlardagi qochqinlar sonining yillik chegarasini 15 000 darajasida ushlab turdi, bu zamonaviy AQSh tarixidagi eng kichik raqam. Natijada bu Kongressdagi demokratlarning noroziligiga sabab bo'ldi. May oyida ma'muriyat miqdorni 62 500 ga ko'tardi. Biroq 30-sentabrda yakunlangan 2021-moliyaviy yil uchun AQShga amalda qabul qilingan qochqinlar soni 11 411 nafarni tashkil etgan, xolos.
Bayden ma'muriyati 2022-moliyaviy yil uchun qochqinlar chegarasini 125 000 ga ko'tardi. Ammo iyul oyi holatiga ko‘ra, dastur asosida faqat 17 690 qochqin qabul qilingan.
Bayden 1-oktabrda yangi limitni belgilashi kutilmoqda, ammo pandemiya va resurslarni taqsimlash bilan bog'liq muammolar saqlanib qoladi.
Ijro bilan bog’liq muammolar
Bayden ma'muriyati chegaradagi resurslardan samarali foydalanish bundan buyon ustuvor vazifa bo’lishini e’lon qildi.
Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas Immigratsiya va bojxona nazorati xodimlariga asosiy e'tiborni jamoat tartibi va milliy xavfsizlikka tahdid soladigan muhojirlarga va yaqinda AQSh-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o'tganlarga qaratishni buyurdi. Sobiq prezident Donald Tramp davrida chegara xodimlariga har qanday muhojirni hibsga olish va deportatsiya qilish bo’yicha keng vakolatlar berilgan edi.
Buni ham ko'ring AQSh fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning ishlash huquqini uzaytirmoqdaRespublikachilar boshchiligidagi ba'zi shtatlar Bayden ma'muriyatini sudga berib, u chiqargan yangi yo'riqnoma asosan og'ir jinoyatlarda ayblangan shaxslarga qaratilganini va boshqa jinoyatlarni sodir etgan odamlar e’tibordan chetda qolishini da’vo qildi. Federal sud ma’muriyat qarorining ayrim qismlarini to’xtatib turish haqida hukm chiqardi.
Immigratsiya xodimlariga odatda homilador, tug'ruqdan keyingi yoki emizikli shaxslarni hibsga olmaslik haqida ko'rsatma berilgan, ammo ular shunda ham deportatsiya jarayonini boshlashlari mumkin.
Shuningdek, sud binolari, maktablar, kasalxonalar, diniy muassasalar, dafn marosimlari yoki to'ylar kabi ommaviy marosimlar o’tkaziladigan joylar yaqinida muhojirlarni hibsga olmaslik buyurilgan.
Vaqtinchalik himoya
AQShga g'ayrioddiy sharoitlarda ko'chib kelgan ba'zi muhojirlar mamlakatda qolish uchun vaqtinchalik ruxsat oladi. Vaqtinchalik himoya (TPS) deb nomlanuvchi bu maqom bolalik davrida o’z ixtiyorisiz mamlakatga kelganlarga va gumanitar asosda qabul qilinganlarga taalluqli.
Bayden ma'muriyati 15 mamlakatdan kelgan ba’zi muhojirlar toifasiga shunday maqom bergan. Shu asosda bu muhojirlar AQShda vaqtincha yashash va ishlash huquqiga ega bo’ladi va ularni deportatsiya qilish mumkin emas. Bu maqom 6, 12 yoki 18 oy davom etishi mumkin.
2012-yilda Obama ma'muriyati tomonidan yaratilgan va voyaga yetmaganlar sifatida AQShga olib kelinganlarni himoya qiluvchi “DACA” dasturi AQShda o'qish va qonuniy ishlashga ruxsat beradi. Biroq dasturga qarshi ko'plab sud ishlari boshlangani uchun uning kelajagi mvhum.
Bayden ma'muriyati avgust oyida “DACA”ni qonuniylashtirish bo’yicha yakuniy loyihani e'lon qildi. U Obama ma'muriyati tomonidan yaratilgan dasturni saqlab qoladi. Agar huquqiy e’tiroz va to’siqlarga uchramasa, yangi hujjat 2022-yil 31-oktabrdan kuchga kiradi.
TPS va DACA ishtirokchilari AQShda yashash va ishlash huquqiga ega bo’lsa ham, ularga fuqarolik berish ko’zda tutilmagan.
Qonuniy immigratsiya
Bir yildan ortiq tanaffus ortidan butun dunyo bo'ylab AQSh elchixonalari va konsulliklari immigratsion va noimmigratsion vizalarni berish jarayonini yana boshladi. Shunga qaramay, murojaat etuvchilar hali ham vizalar uchun uzoq kutish vaqtlariga duch kelmoqda. Chunki xodimlar soni pandemiyadan avvalgi darajaga yetmagan.
Davlat departamenti vakilining avgust oyida “Amerika Ovozi”ga aytishicha, viza uchun suhbatni kutish vaqtlari mamlakatga qarab farq qiladi va mahalliy sharoit va talablarga bogʻliq.
AQSh konsulliklarining yarmida muntazam viza olish uchun kutish vaqti "to'rt oydan kamroq, ba'zi joylarda esa bundan ham kam", deydi matbuot kotibi.
Buni ham ko'ring AQSh boshpana arizalarini ko’rib chiqish tartibini o’zgartiradi
Moliyaviy talablar
Bayden ma'muriyati sentabr oyida viza olishga yoki AQShda doimiy rezident bo'lishga urinayotganlarning davlatga moliyaviy yuk bo'lib qolishi ehtimolini tekshirsh talabini bekor qildi.
Yakuniy qoida 23-dekabrda kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Yangi qoidaga ko’ra, agar muhojirlar AQSh hukumatidan oziq-ovqat yoki boshqa moliyaviy yordam hamda imtiyozlarni olgan bo'lsa, bu narsa ularni immigratsion viza yoki rezidentlik maqomini olishdan to’smaydi.
Immigratsiya islohoti to’xtab qolgan
Jo Bayden Oq uydagi ish faoliyatining birinchi kunida 2021-yilgi AQSh fuqaroligi to'g'risidagi qonun loyihasini e'lon qilgan edi. Unda AQShdagi taxminan 11 million hujjatsiz immigrantlar uchun sakkiz yilda fuqarolik olish imkoniyati taklif qilingan.
Qonun loyihasi muhokamasi to’xtab qolgan va hali-veri ko’rib chiqilishi kutilmayapti. Boshqa immigratsiya qonunlari ham taklif qilindi, ammo Kongress bu masalada hali biron bir qonunni qabul qilgani yo’q.