Ukrainaga yordam davom etishi AQShda oraliq saylovlar natijasiga bog'liq

  • Amerika Ovozi

AQShda noyabrda oraliq saylovlar bo'lib o'tadi, Kongressning har ikki palatasi uchun kurash ketmoqda. Saylov natijasi Bayden ma’muriyati tashqi siyosatda yuzlashib turgan eng jiddiy masala – Ukrainadagi urushga bevosita ta’sir ko’rsatadi.

Rossiya yil boshida Ukrainaga bostirib kirganidan buyon AQSh va ittifoqchilari, jumladan NATO tashkilotiga a’zo aksar davlatlar, Kiyevga qurol va mablag’ bilan yordam berib kelmoqda.

Ukrainaga ko’mak berishga qaratilgan qonun loyihalari Kongressda har ikki partiya quvvatlovi bilan ovozdan o’tayapti. Biroq qator nufuzli respublikachi qonunchilar va konservativ harakat namoyandalari federal hukumatni haddan ziyod ko’p pul sarflayotganlikda, mojaroni cho’zayotganlikda tanqid qilmoqda.

Agar Respublikachilar partiyasi noyabrda Vakillar palatasini, Senatni yoki har ikkisini egallasa, Ukraina bo’yicha siyosatni bu qanchalik o’zgartirishi mumkin?

Buni ham ko'ring Ukraina-Rossiya: Ozod qilingan Liman, NATO va yadroviy hujum tahdidi

“Ukrainada amalga oshirayotgan ishlarimizni qo’llab-quvvatlayotganlar oldida ham hozir shu savol turibdi”, - deydi Konor Savoy, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi.

Ko’makka qarshi chiqayotganlar, jumladan may oyida 40 milliard dollarlik yordam paketiga qarshi ovoz bergan 57 nafar respublikachi qonunchi, deydi Savoy, xarajatlar ustidan nazorat o'rnatilishini istaydi.

Ammo ular orasida sobiq prezident Donald Trampga ergashuvchi populistlar, tashqi yordam xarajatlariga doim shubha bilan qaraydiganlar ham bor.

“Ularning nazarida tashqi yordam bu - keraksiz, ortiqcha xarajat”, - deydi Savoy.

Demokratlar orasida ham qarshilar bor. Ammo har ikki partiyada Ukrainaga xayrixoh qonunchilar ko’p ekan, ko’mak dasturlari birin-ketin ovozdan o’tmoqda.

Qarshilik

Lekin aytish joiz, odatda biror tashabbusga tish-tirnog’i bilan qarshi turgan ozchilik ko’pchilikning irodasini sindirishi mumkin.

Bundan 10 yil oldin Respublikachilar partiyasi Vakillar palatasini boshqarar ekan, uning eng konservativ a’zolari partiya rahbariyatining o’sha paytdagi prezident Barak Obama bilan byudjet kelishuvlariga erishish sa’y-harakatlariga to’sqinlik qilgan, bu esa hukumat yopilishiga olib kelgan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Respublikachilar partiyasi rahbariyati va uning populistik qanoti o’rtasida kelishmovchilik kuchayib bormoqda.

“Agar demokratlar Kongressni boy bersa, Bayden Ukrainaga yo’llayotgan harbiy texnikani moliylashda qonunchilarga tayana oladimi, yo’qmi, noma’lum”, deyiladi harbiy mavzularni yorituvchi “Defense News” sahifasida.

Buni ham ko'ring Ukrainaga qanday qurollar va'da qilingan va nimalar berildi?

Noyabr oldidan demokratlar Ukrainaga yordam masalasini, respublikachilar saylovda yutib chiqsa yordam kesilishini saylovchilarga eslatib turibdi.

Konservativ guruhlar

O’tgan hafta Konservativ siyosiy harakat konferensiyasi (CPAC) nomli tashkilotning Rossiya anneksiyasi haqidagi quyidagi tviti munozaralarga sabab bo’ldi.

“Vladimir Putin Ukrainaning to’rt hududini anneksiya qilishini e’lon qildi. Bayden va demokratlar soliq to’lovchilarning milliardlab dollar pulini Ukrainaga jo’natishda davom etmoqda. Bu orada, janubiy chegaramizdan hujumga uchrayapmiz. Demokratlar qachon Amerikani birinchi o’ringa qo’yadi, qachon Ukrainaga sovg’a jo’natishni to’xtatadi?”.

CPAC bu tvit tashkilot rahbarlari tomonidan tasdiqlanmaganini aytib, uni o’chirib tashladi. O’rniga Putin “jinni” deb tasvirlangan, Ukrainaga bosqin noqonuniy deb atalgan tvit qo’yildi.

Biroq Kiyevni hozirgi darajada moliyalashni davom ettirishga qarshilik saqlanib qolmoqda.

“Putinga qarshi turishimiz kerak, ammo xarajatlarning katta qismi amerikalik soliq to’lovchilar gardaniga tushishi to’g’ri emas”, - deydi CPAC a'zolari.

Boshqa konservativ guruhlar ham shikoyat qilmoqda.

“Amerika xalqi Ukrainaning chegara yaxlitligini himoya qilish uchun milliardlab dollar sarflashni talab qiluvchi neokonservativ konsensusdan charchagan. Vaholanki, o’zimiznikini [chegarani] himoya qilish uchun resurs va yetakchilikni topa olmaymiz, - deydi Rass Vot, Amerikani yangilash markazi rahbari. – Ushbu yangi paket Amerika manfaati bo’lmagan joyda kurashni uzaytiradi, mintaqaviy ittifoqchilarimizga xavfsizlik bo’yicha mas’uliyatni o’z bo’yniga olmaslikka imkon beradi”.

Kongressmen Met Geyts

Resurslar

Respublikachi kongressmen Met Geyts Floridadan. Bu shtat o’tgan hafta “Iyen” to’fonidan ulkan zarar ko’rdi. Uning yozishicha, Ukraina sabab Florida yetarli yordam ololmayapti.

“Hurmatli Kongress, sizga yordamga muhtoj floridaliklar nomidan yozayapman. Ukrainaga yuborilgan ko’makning hech bo’lmasa yarmini bizga ham yuboring. Imzo, amerikaliklar”, - deya yozdi Geyts “Twitter”da.

Uning partiyadoshi Marjori Teylor Grin esa Ukrainaga qo’shimcha yordamni o’z ichiga olgan byudjet loyihasiga qarshi ovoz berdi.

“Bugun men Amerikaning 50 shtatini hamda 51-shtatni – Ukrainani moliyalash bo’yicha rezolyutsiyaga yo’q deb ovoz beraman. Vladimir Putin Ukrainaning katta qismini anneksiya qilgan. Rossiyani ham moliyalaymizmi?”, - deya tvit qildi Grin.

Respublikachi yetakchilarga ko’ra, Vakillar palatasi qo’lga kiritilgan taqdirda barcha a’zolarning fikri inobatga olingan holda qarorlar qabul qilinadi.