Blinken: Texnologik raqobatda AQSh ustunlikni qo’lga olishi kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh milliy xavfsizlik bilan bog’liq muammolarni hal qilishda texnologik kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytiradi. Xususan, kiberxavfsizlik – ustuvor yo’nalishlardan, deydi Silikon vodiysiga safar qilgan Davlat kotibi Entoni Blinken.

Blinken Stenford universitetida xavfsizlik, diplomatiya va texnologiya mavzusida davra suhbatida ishtirok etdi. Bugun geosiyosiy raqobatda, deydi u, texnologiyalar hal qiluvchi rol o’ynamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Kiber diplomatiya: Blinkenning Silikon vodiysiga safari

“Kelajak qanday bo’lishi ustida shiddatli raqobat ketmoqda. Uning markazida texnologiya, innovatsiya va tadbirkorlik yotadi. Iqtisodiyotni, qurolli kuchlarni zamonaviylashtirish shularga bog’liq”, - deydi Blinken.

Bayden ma’muriyati mamlakatda yarimo’tkazgichlar sanoatini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo’llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar sarflamoqda. Bu borada qonun qabul qilingan.

Bundan tashqari, yaqinda ba’zi turdagi chiplarning Xitoyga eksport qilinishini taqiqlovchi qoidalar kuchga kirdi. Pekin, deydi AQSh rasmiylarni, bu texnologiyalarni harbiy sohada ishlatishi mumkin.

“Ilg’or yarimo’tkazgichlarga yoki ularni ishlab chiqaruvchi vositalarga kam sonli mamlakatlar ega. Bu texnologiyalarni o’zimizda qo’llagan ma’qul”, - deydi bosh diplomat.

Tahlilchilarga ko’ra, yangi cheklovlar AQShdagi ba’zi texnologik firmalarning daromadini kamaytiradi. Stenford universiteti professori Neyt Persili deydiki, geosiyosiy masalalar haqida gap ketganda texnologiya sanoati tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Silikon vodiysidagi kompaniyalar qandaydir mahsulot ishlab chiqaradi desak-da, aslida bu mahsulot, yarimo’tkazgichlar bo’ladimi yoki texnologiya infratuzilmasining boshqa komponentlari, urush va tinchlik bilan bog’liq masalalarga, xalqaro aloqalarga ta’sir ko’rsatadi. Shunday ekan, bu sanoat uchun maxsus qoidalar ishlab chiqilishi tabiiy”, - deydi Persili.

Yaqinda Davlat departamentida kiberxavfsizlik va raqamli diplomatiya bo’yicha yangi byuro tashkil etildi. Kiberxavfsizlik masalasiga tashqi siyosatda kengroq o’rin ajratilmoqda. Yangi idora, deydi Blinken, Silikon vodiysidagi kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.