AQSh tarixidagi eng qimmat oraliq saylovlar

  • Amerika Ovozi

Kongress, 8-noyabr, 2022

Amerikada saylovlar odatda xalqni birlashtiradigan va yakdillik kayfiyatini olib keladigan jarayon. Biroq bu safar unday bo'lmadi.

2022-yildagi saylovlar tarixda qahrli olishuvlar va asossiz iddaolarga to'la, misli ko'rilmagan darajada qimmat tadbir sifatida kirmoqda. Demokratiya va fuqaro huquqlari tahdid ostida degan xavotir ham avj olgan.

Prezident Jo Baydenning reytingi 40 foiz atrofida. Saylovchilarning ko'pchiligi bugungi iqtisodiy muammolarda uni ayblaydi.

Respublikachilar partiya sifatida tarqoqlashgan. Uning bir qismi sobiq prezident Donald Trampga ergashgan va alohida bir harakatga aylangan. Demokratlar nazarida bu to'da radikal respublikachilardir.

8-noyabrdagi saylovda respublikachilar salmoqli g'alaba kutgan edi, bunday bo'lmadi, ammo Vakillar palatasidagi o'rinlarini ko'paytirgan.

Vakillar palatasida respublikachilar lideri Kevin Makkarti spiker bo'lishga shaylanmoqda

Demokratlar Senatdagi kuchini saqlab qolish umidida, biroq bo'lingan Kongress kelasi ikki yildagi reallik bo'lishiga tayyorlanmoqda.

Arizona va Nevada shtatlarida Senatga kim saylanganini aniqlash uchun bir necha kun ketishi kutilmoqda.

Oraliq saylovlarda odatda prezident partiyasi boy beradi, azaldan shunday. O'tgan 100 yilda faqat uch saylovda davlat rahbarining partiyadoshlari ko'pchilik o'rinlarni egallagan.

Florida singari shtatlarda saylov natijasini oldindan taxmin qilish qiyin bo'lgan, chunki har ikki partiyaga ham sodiq bo'lmagan saylovchilar ko'p. Tahlilchilar endilikda bu shtat ham asosan respublikachilar tomonida ekanini qayd etmoqda.

Spiker Nensi Pelosi Kongressga qayta saylangan

Demokratlar esa bunga sabab sifatida partiyada yangi ruh yo'qligi va sarmoya ozligini aytadi.

Boshqalar esa har bir saylov o'ziga xos "syurpriz" ekanini eslatadi. Biror partiya o'ziga qattiq ishonib yubormasligi kerak, deydi amerkaliklar, saylovchi o'z ovozi bilan qudratini eslatib turadi.

Bu yilgi saylovda deyarli 17 milliard dollar sarflangan. Bu mablag' saylovchilardan yig'ilgan va aksariyat qismi respublikachilar uchun berilgan.

“Siyosiy donorlarga qarasangiz, konservatorlar va liberallar orasidagi farq katta. Konservatorlar kuchliroq", - deydi Brendan Glavin, "OpenSecrets" tadqiqot markazi eksperti.

Milliarder Peter Til 32,6 million dollar, magnatlardan Richard Ulin 80,7 million dollar, Ken Griffin 68,5 million dollar va Timoti Mellon 40 million dollar berib, konservativ donorlar orasida ajralib turadi.

Liberal donorlar ichida eng yirigi Jorj Soros bo'lib, demokratlarga 128 million dollar bergan. 30 yoshli milliarder Sem Bankman Frid qariyb 4o million dollar bilan partiyadoshlarini quvvatladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Saylov-2022: Natija