Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ishdagi jasorati uchun bir guruh jurnalistlarni Xalqaro matbuot erkinligi mukofoti bilan taqdirladi. Mukofotlanganlar orasida “Ukrainska Pravda” gazetasi bosh muharriri ham bor.
Ukrainaning jang maydonlaridan Nyu-York shahridagi gala dasturgacha bo’lgan turli yo’llarni bosib o’tgan Sevgil Musayeva “Ukrainska Pravda” rahbari sifatida olib borgan jasoratli ishlari uchun taqdirlandi.
Polshaning Varshava shahrida “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan Musayeva bu mukofot Ukrainada ishlayotgan barcha mustaqil jurnalistlar uchun e’tirof ekanini aytadi.
Urush uning nafaqat hayotini, balki ish jarayonini ham o’zgartirib yubordi.
“Urushdan avval ko’proq mahalliy masalalarga e’tibor qaratganmiz. Siyosatni, korrupsiyani yoritganmiz. Yuqori darajali rasmiylar haqida ko’p surishtiruv olib borganmiz. Islohotlarni ham yoritdik. Keyin hammasi tubdan o’zgardi. 90 foiz ishimiz hozir urush haqida, frontdagi voqealar haqida”, - deydi ukrainalik jurnalist.
Buni ham ko'ring Hibslar ortidan YXHT Tojikiston hukumatiga: Jurnalistika jinoyat emasXalqaro matbuot erkinligi mukofoti taqdimotida mustaqil matbuotning global darajadagi ahamiyatiga urg’u berildi.
“O’z mamlakatlarida kengroq matbuot erkinligi uchun kurashayotgan jurnalistlarni, ularning va jamoalarining ishini ardoqlashni istaymiz. Bu yilgi tanlov qanday bo’lishi, menimcha, kutilgan edi. Mukofotlardan biri ukrainalik jurnalistga berilishini bilgan edik”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi rasmiysi Gulnoza Said.
Musayevadan tashqari, hibsdagi vyetnamlik bloger Pam Doan Trang, iroqlik kurd jurnalisti Niyoz Abdulloh hamda kubalik Avraam Enoa ham 2022-yilgi mukofot laureatlari bo’ldi.
Enoa “Amerika Ovozi” bilan suhbatda inson huquqlari va muxolifatni yoritish qanchalik qiyin bo’lganini so’zlab berdi.
Kuba hukumati uni hibsga olib, telekanal orqali AQSh josusi ekani haqida bayonot berishga majburladi.
“Ular menga mamlakatni tark etishni, aks holda meni qamab, oilamga ham muammo yaratishlarini aytishdi”, - deya eslaydi kubalik jurnalist.
Your browser doesn’t support HTML5
Quvg’in qilinganiga qaramay, Enoa o’z ishidan afsusda emas.
“Yaqinlarimga bu narsa qanchalik ta’sir qilayotgani haqida o’yladim. O’zimni aybdor his qildim. Lekin yo’limda davom etdim, chunki hukumat zulm qilayotgan edi”, - deydi u.
Musayeva ham axborot yetkazish huquqi uchun kurashni davom ettirmoqchi. U bosqin ostidagi shaharlarga borib, odamlardan qanday intervyu olganini eslaydi.
“Ularning aytishicha, bosqin ostidagi hayotning eng qiyin tomoni oziq-ovqat yoki suv va elektr yetishmovchiligi emas, balki yangiliklardan uzilib qolish”, - deydi u.
Rossiya Xersondan chekinar ekan, ukrainaliklar bosqin ostida qanday yashaganliklari haqida dunyoga Musayeva kabi jurnalistlar orqali xabar bermoqda.