Ukraina urushi AQSh-Hindiston aloqalarini sinovdan o'tkazmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushi AQShning Hindiston bilan aloqalarini sinovdan o'tkazdi. Chunki Nyu-Dehli Moskvaning tajovuzkorligini qoralamadi va Rossiyadan sotib olinayotgan neft miqdorini oshirdi. Rossiya bo'yicha kelishmovchiliklarga qaramay, Xitoy yuzasidan umumiy xavotirlar AQSh va Hindistonning o’zaro yaqinligini saqlab kelmoqda.

Rossiya Ukrainaga qarshi urush ochgach, Qo'shma Shtatlar ittifoqchilari bilan Rossiyani diplomatik va moliyaviy jihatdan yakkalab qo'yish yo’lidan bordi.

"Putin - tajovuzkor. U bu tajovuzkorlikning badalini to’lashi kerak", - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.

Biroq Hindistonning Ukraina urushi bo’yicha tutgan pozitsiyasi Vashington uchun yangi jumboq yaratdi. Nyu-Dehli tomonlarni tinchlikka chaqirdi, ammo Hindistonning eng yirik qurol yetkazib beruvchisi bo'lgan Rossiyani qoralovchi BMT rezolyutsiyalarini yoqlab ovoz bermadi. Shuningdek, u Rossiyadan neft sotib olishni ko’paytirdi.

Buni ham ko'ring G'arb davlatlarining Rossiya nefti narxiga cheklovi amalda

"Bizning fikrimizcha, barcha davlatlar, ayniqsa, ta'sir kuchiga ega bo'lgan davlatlar Putinga urushni tugatish uchun bosim o'tkazishi muhim", - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Ammo dunyodagi uchinchi yirik neft iste'molchisi bo’lgan Hindiston doimiy o'sib borayotgan ehtiyojlari uchun arzon energiyaga muhtoj ekanini qayd etdi.

“Hindiston-Rossiya munosabatlari bizning foydamizga ishlaganini ko‘rdik. Agar u biz uchun manfaatli bo’lsa, buni davom ettiramiz", - dedi Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar.

Import oshishi ortidan Moskva bu yil Nyu-Dehlining eng yirik energiya yetkazib beruvchisiga aylandi. Hindistonning sobiq rasmiylari bu tendensiya davom etishini kutmoqda.

“Biz strategik avtonomiyani qo'llashga moyilmiz. Bu shuni anglatadiki, biz barcha qarorlarimizni Hindiston manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilishni xohlaymiz. AQSh biz uchun juda muhim hamkor. Va biz ularning qiziqishlarini inobatga olishni istaymiz, lekin bizning milliy manfaatlarimiz uchun eng yaxshi yo’l qaysi ekanini ham hisobga olishimiz kerak”, - deydi sobiq hind diplomati Manju Set.

Prezident Jo Bayden Hindistonning Ukraina bo'yicha javobini mujmal deb atagan bo'lsa-da, ekspertlar uning nisbatan sokin munosabatini Vashington Hindistonni yanada kattaroq raqibga qarshi qo’yishni rejalayotgani bilan izohladi.

Buni ham ko'ring "Katta Yigirmalik" anjumanida Ukraina mavzusi hukmron

“Rossiyaning Ukraina urushi masalasida mamlakatlar bir yoqadan bosh chiqarishini istaymiz, lekin yanada kattaroq va strategik xavf bu Xitoydir va biz Hindistonni bu borada juda muhim hamkor sifatida koʻramiz”, - deydi AQSh Tinchlik instituti eksperti Tamanna Salikuddin.

Baydenning oktabr oyida e'lon qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasida Hindiston Hind-Tinch okeani mintaqasida Xitoyni muvozanatlashda yordam beradigan muhim ittifoqchilardan biri sifatida tilga olingan.

Ammo Xitoy ayni paytda Hindistonning AQShdan keyin ikkinchi yirik savdo sherigi va Hindiston Pekin boshchiligidagi Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zosi hamdir. Shunga qaramay, Xitoyning Hindiston raqibi Pokiston bilan aloqalarni chuqurlashtirayotgani va chegaradagi kelishmovchiliklar Nyu-Dehlini Pekinning o'sib borayotgan ambitsiyalarini jilovlash uchun Vashington bilan hamkorlikni kuchaytirishga undamoqda.

Buni ham ko'ring AQSh Hindistonning Rossiya bo'yicha tutgan pozitsiyasidan xavotirda

“Ularning qarashi, Hind-Tinch okeanida yoki Xitoyga qarshi siyosatda yondashuv va usullari sifat jihatidan farq qilishi mumkin, ammo maqsadlarining bir ekani haqida hech qanday shubha yo’q", - deydi Salikuddin.

Tahlilchilar fikricha, 2023-yilda AQSh va Hindiston rasmiylari Xitoy atrofidagi umumiy maqsadlarga koʻproq eʼtibor qaratishni boshlaydi va Rossiya boʻyicha kelishmovchiliklar kamroq tilga olinishi mumkin.