Afg'on qizlarini radio orqali o'qitayotgan muallimlar

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda millionlab aholi och, uy-joysiz, taqchillik

"Havo radio" deya tanilgan xizmat to'lqinlarda kitob o'qib, yosh avlodga dars bermoqda. Ingliz tili saboqlari, masalan. Radio muallim degan tushuncha Afg'onistonda o'zi azaldan bor.

Xost va Paktiya viloyatlarida toliblar hukmronlikka kelganidan beri bolalar, ayniqsa qizlar maktabga bora olmaydi. Ularga esa ilm kerak.

"Maktablar yo'q yoki yopilib ketgan, farzandlarimiz esa katta bo'layapti. Radio dasturlarga tayanamiz", - deydi Mubin Mirza.

2021-yilning avgustidan beri Afg'onistonda ta'lim maskanlari va o'quvchilar soni keskin kamaygan.

"Havo radio" mamlakatning bu qismlarida ko'plab xotin-qizlar tinglashini biladi. Masalan, Sana Samon.

“Qishlog'imizda qizlarga maktab yopiq. Xudoga shukur, shu radio bor. Bir narsalarni o'rganamiz. Opa-singillarim ham ilm olayapti".

Your browser doesn’t support HTML5

"Havo Radio" afg'on qizlarini o'qitmoqda

"Havo radio" internetda efirga chiqadi.

Mujohid Malang ismli afg'on uchun bu radio najot manbai.

“Qadrlaymiz bu eshittirishlarni, chunki boshqa imkon yo'q. Qizlar zulmatda katta bo'lmasin", - deydi u.

Biroq bu radio bilan Afg'oniston rivojlanib yoki barqarorlashib qolmaydi. Xalqqa maktablar, universitetlar, ish va tirikchilik kerak. Axtar Sahar singli o'qiy olmayotganidan anduhda.

“Har kuni ertalab men maktabga ketaman, singlim mo'ltirab qarab qoladi. Hukumat nega qizlarni o'qitmayapti, hech tushunmayman", - deydi Axtar.

Xotin-qizlarni bu qadar ezish Afg'onistonni qay tomon yetaklaydi?

Tolibon qizlarni o'qitmayotganiga bir islomni, bir afg'on mentalitetini, bir notinchlikni bahona qiladi. Siyosat mavhum. Toliblar uni tushuntirmaydi ham.

Xalqaro hamjamiyat esa ayollarga imkoniyatni kengaytirishni Afg'onistonning bugungi rahbariyatiga asosiy shartlardan biri sifatida qo'ygan.