Rossiya-Ukraina urushi: Artilleriya duelida kim qanday kuchga ega?

  • Amerika Ovozi

AQShning HIMARS raketa tizimi

Rossiya-Ukraina urushi beayov artilleriya dueliga aylangan, tomonlar haftasiga minglab snaryad uloqtirmoqda.

“Artilleriya tizimlari Ukraina mudofaasining ustunligini ta’minladi”, - deydi amerikalik ekspert Samuel Bendett.

Tahlilchilarga ko’ra, AQSh Kiyevga yetkazib bergan yuqori mobillikka ega HIMARS raketa tizimlari va Britaniyada ishlab chiqarilgan M777 gaubitsalari Ukrainaning mudofaa salohiyatini oshirdi.

“Ukrainada chaqaloqlarga ham HIMARS (Xaymars) deb ism qo’yilmoqda. Uzoq masofani aniq nishonga oladigan bu tizim Ukrainada muhim rol o’ynamoqda”, - deydi AQSh armiyasi sobiq qo’mondoni Ben Xodjes.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 15-dekabr, 2022-yil

AQSh rasmiylarining bildirishicha, Vashington Kiyevga 20 ta HIMARS tizimlarini yetkazib berdi. 90 kilometr masofaga mo’ljallangan GMLRS raketalari bilan ta’minladi.

“Ukraina uchun bu kam. 300 kilometrgacha masofaga yetadigan snaryadlarimiz bor. Agar ularni yetkazganimizda, Ukraina allaqachon Sevastopol va Qrimdagi boshqa muhim nuqtalarga zarba berayotgan bo’lar edi”, - deydi Xodjes.

Rossiya dronlarga qarshi mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirar ekan, Ukraina Amerikaning “Switchblade” va “Phoenix Ghost”, Turkiyaning “Bayraktar” dronlaridan foydalandi, razvedka missiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

“Ukraina mudofaa kuchlari dronlar bilan ishlash salohiyatini yuksak saviyaga ko’tardi. Taktik va uzoq masofali dronlar artilleriya hujumlari samarasini, ogohlik va shaylikni oshirmoqda. Aksariyat hollarda, ular Rossiya kuchlari joylashgan hududni aniq biladi va tezkor hujum uyushtiradi”, - deydi amerikalik ekspert Samuel Bendett.

Biroq Rossiyaga ham dronlar yetkazilmoqda, xususan, uning ittifoqchisi Erondan. Rossiya shu kungacha Ukrainada muhim infrastrukturani nishonga olish uchun Eronning yuzlab dronlarini ishga soldi.

Ukraina kuchlari esa Amerikada ishlab chiqarilgan “Stinger” quroli vositasida himoyalanmoqda. Bu qurol piyoda askarlar olib yurishi uchun qulay va yengil, besh kilometrgacha masofadagi nishonni aniq uradi. Tahlilchilarga ko’ra, ukrain harbiylari Eronning 60-85 foiz dronlarini urib tushirishga erishgan.

O’tgan oy Pentagon Ukrainaga dron, samolyot va qanotli raketalarni urib tushirishga qodir “yer-havo” toifasidagi ikkita NASAMS raketa tizimini ham yetkazdi.

“Eshitishimcha, 35 urinishda 35 muvaffaqiyat qayd etilgan. Tizim yirik shaharlarni ideal himoyalamoqda”, - deydi nafaqadagi AQSh admiral Mark Montgomeri.

Biroq Ukraina mamlakatni vayron qilayotgan Rossiyaning “Iskander” raketalaridan himoyalanishga qiynalmoqda.

Qarshi javob sifatida, Pentagon Ukrainaga “Patriot” raketalarini yo’llashni rejalagan. Biroq nafaqadagi Montgomerining aytishicha, bunday murakkab va qimmat tizimni ishlatish uchun treninglar olti oydan bir yilgacha vaqt oladi.

“Patriotning donasi 3-4 million dollar turadi. Ukrainaga ajratilgan moliyaning katta qismini yutib yuboradi”, - deydi u.

Umuman, tahlilchilar AQSh va NATO Kiyevga yetkazib bergan qurollar Ukraina mudofaasi uchun yirik yordam bo’lgani borasida yakdil. AQSh armiyasi sobiq qo’mondoni esa dadil bashorat qilmoqda:

“Yordam uzilmasa, Ukraina avgust oxirigacha Qrimni ozod etadi”, - deydi Xodjes.

2014-yilda noqonuniy anneksiya qilingan Qrim Rossiyaning Ukrainadagi kuchlari uchun xab vazifasini o’tamoqda. Yarimorolning ozod etilishi esa Moskvaga jiddiy zarba bo’ladi.