Dunyo davlatlari armiyasi qudratini o’lchab kelayotgan “Global Firepower” (GFP) portali tadqiqotlariga tayanilsa, O’zbekiston armiyasi imkoniyatlari zaiflashmoqda.
Tashkilot yaqinda dunyo armiyalarining 2023-yildagi reytingini e’lon qildi. Unda O’zbekiston armiyasi qudrat jihatdan 62-orinda qayd qilingan.
2018-yildagi reytingda O’zbekiston 39-orinni egallagani inobatga olinsa, o’zbek armiyasi qudrati jiddiy cheklanib borayotgani ko’rinadi.
2023-yil hisobotidagi 62-o’rin dunyo armiyalari reytingi tuzila boshlaganidan buyon O’zbekiston armiyasi band etgan eng quyi ko’rsatkich ekanligi bilan ham diqqatli.
Bungacha O’zbekiston aksariyat hollarda dunyodagi kuchli 50 davlat qatorida qayd etilgan. Reytingdagi bu ko’rsatkich O’zbekiston armiyasi rivojlanishdan to’xtagani yoki dunyo davlatlari armiyasida shiddatli o’sish kuzatilayotganidan darak beradi.
GFPning 2023-yilgi reytingida O’zbekiston Markaziy Osiyodagi eng qudratli armiya maqomini saqlab qolgan. Ammo bu avvalgi yillardagi kabi ishonchli emas. 63-o’rnidagi Qozog’iston, O’zbekistonning qo’shnisi, o’z armiyasini rivojlantirayotgan davlatlar qatorida deyish mumkin.
2015-yilgi reytingga qaralsa, O’zbekiston 54, Qozog’iston 66-o’rinda ekanligini ko’rish mumkin. Demak, Qozog’iston armiyasida qudrat kuchayishi, O’zbekiston armiyasida esa pastga sho’ng’ish kuzatilmoqda.
GFP dunyo davlatlari armiyasi qudratini bir nechta ko’rsatkichlarga muvofiq o'lchaydi. Bu nafaqat harbiy texnika ko’lami, turi, qo‘shinlar soni va jug’rofiy joylashuv, balki armiyaning iqtisodiy ta’minoti, tabiiy zaxiralar, transport kommunikatsiyasini ham nazarda tutadi.
So’nggi yillarda harbiy qudratni belgilovchi asosiy ko’rsatkichlar sirasiga zamonaviy texnika, masofadan urishish salohiyati va armiyaning yangi avlod qurollar bilan ta’minlanish darajasi ham kirmoqda.
Buni GFP reytingida dunyoning ikkinchi armiyasi sifatida qayd qilingan Rossiya va bu yilgi reytingda 15-o’ringa ko’tarilgan Ukraina o’rtasidagi urush yaqqol ko’rsatyapti.
Buni ham ko'ring O'zbekiston-AQSh: Harbiy hamkorlik mustahkamRossiyaga qarshi sobiq ittifoq davridagi qurollar bilan jang qilayotgan Ukraina NATO davlatlaridan zamonaviy qurollardan iborat harbiy texnik yordam olar ekan, qarshi hujumga o’tdi, rus qo’shinlarini ayrim hududlaridan siqib chiqarishga ham muvaffaq bo’ldi.
Reytingda yil sayin quyi o’rinlarga sho’ng’iyotgan O’zbekiston armiyasi qanchalik zamonaviy ilg’or qurollar bilan ta’minlanayotgani mavhum, chunki mudofaa, harbiy qurollar va ta’minot yopiq ma’lumotlar sirasiga kiradi.
Ammo O’zbekiston armiyasi salohiyati, harbiy texnik bazasi, tizim sobiq ittifoqda ishlab chiqarilgan, ayni paytda Rossiya tomonidan modernizatsiya qilinayotgan qurol-aslahaga moslashtirilgani sir emas.
“Global Firepower” armiyalar qudrati o’lchamini asosan ochiq manbalardan olingan ma’lumotlar, ularni taqqoslash, tadqiq qilish orqali amalga oshiradi. Reytingdagi maqom biror davlat armiyasi qudratini aniq, rasman belgilamaydi, ammo hisobot harbiy ekspertlar tomonidan jiddiy baholanadi.
Shu ma’noda O’zbekiston armiyasi qudrati, reytingdagi o’rindan qat’i nazar, haqiqatda qanday ekanligi mavhum. Ekspertlarga ko’ra, O’zbekiston Markaziy Osiyoda kuchli, yirik armiyaga ega.
Ozarbayjonlik harbiy ekspert Agil Rustamzodaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, O’zbekiston armiyasi Markaziy Osiyodagi eng qudratli kuch, ammo dunyo armiyasi rivojlanishning yangi bosqichi tomon ketmoqda.
“Urush taqdirini tanklar, qo’shinlar soni hal qilishi haqidagi qarashlar o’tmishga aylanmoqda. Hozirgi urushlar yangi avlod texnikasiga asoslangan, masofadan olib borilmoqda. Asosiy o’rinda - razvedka, mo’ljalni aniqlash, masofadan dushmanni yakson qilish. Zamonaviy qurollar bunga imkoniyat yaratib berayapti. Ukrainadagi hozirgi urush, Ozarbayjon va Armaniston o’rtasidagi so’nggi to’qnashuvlar ham buni isbotladi. Shunday ekan, armiyalar qudratini endi aynan so’nggi avlod texnologiyasi bilan qurollanish darajasi belgilaydi. O’ylashimcha, Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekiston armiyasida ham bunga ehtiyoj mavjud. Buyog’iga armiya istiqboli yangi avloddagi qurollarni taqozo etishi hech kimga sir emas”, - deydi Rustamzoda.
Dunyodagi 145 davlat armiyasi qudrati bo’yicha o’z tadqiqotlarini e’lon qilgan GFPning ta’kidlashicha, armiyalar qudratini o’lchashda 60 dan ortiq faktorlar inobatga olinadi. Asosiy ko’rsatkichlar esa quruqlik, havo va dengiz qo’shinlarining salohiyati.