Manxettendagi xitoy mahallasi biznes orqali o'z madaniyatini saqlab qolishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Manxettendagi Chaynataun mahallasi Amerikaning osiyoliklar yashovchi eng ko’hna hududlaridan biri. Bu yerda tug’ilib o’sgan oilalarning yangi avlodi ota-bobolaridan qolgan bizneslarni zamonaviy yo’llar bilan qayta jonlantirmoqda.

Manxettenning Chaynataun mahallasida ziq va gavjum shaharning energiyasini sezasiz. Koronavirus pandemiyasi ortidan bu yerda yana hayot qaynamoqda.

Yangicha uyg’onish, asosan, yosh avlod hisobiga yuz bermoqda. Bu yerga muhojir bo’lib kelgan osiyoliklarning oilaviy bizneslarini bugun ularning o’g’il-qizlari tebratmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-York: 1980-yillardagi xitoylar shaharchasiga sayohat

“Chaynataundagi choy do’konining ikkinchi avlod egasiman. Biz choy va buddaviylik mahsulotlariga ixtisoslashganmiz”, - deydi do’kon sohibi Alis Lyu.

Bu biznesni Lyuning otasi 2006-yil Xitoyga borib kelgandan so’ng boshlagan.

“U choy ustida deyarli butun umr gaplashmagan ko’plab do’stlari bilan uchrashdi. Bu mahsulotning oddiy ichimlikdan hayot tarziga aylanganiga guvoh bo’ldi. U shu tajribani o’zi bilan Amerikaga ham olib kelishni istadi”, - deydi Alis.

Tashqaridan qaraganda, choy xitoylar uchun oddiy narsadek tuyiladi. Aslidachi?

Buni ham ko'ring Osiyolik nomzod ilk bor Nyu-York kengashiga saylanishi mumkin

“Oddiy bir restoranga borsangiz, sizga eng sifatsiz, arzon choyni berishadi. Ta’mi suvdan farq qilmaydi”, - deydi Alis.

Uning otasi Alis va singlisi yordamida shu narsani o’zgartirishga qaror qildi.

“Qandaydir ehson tadbirlari, saylov kampaniyalari bo’lsa yoki maktabda qanaqadir tadbir o’tkazilsa, biz borib Xitoyning an’anaviy choy ko’rgazmalarini o’tkaza boshladik”, - deydi Alis.

Pandemiya boshlangach, osiyoliklarga qarshi zo’ravonlik ham kuchaydi. Natijada o’tgan ikki yil Chaynataun bizneslari uchun og’ir kechdi. Yangi va yosh avlod shu yerda qo’l keldi.

“Pandemiyadan oldin ijtimoiy tarmoqlarda yo’q edik. Shundan keyin “Yelp” va “Instagram”da sahifalar ochdik. Buning uchun yosh avlod o’rtaga chiqishi zarur edi. Shu paytgacha bu yuz bermaganining yagona sababi ham ota-onalarimizda bunday texnik savodxonlik va til malakasining yo’qligi edi”, - deydi do’kon egasi.

Alis bu masalada yolg’iz emas. So’nggi yillarda uning ko’plab tengdoshlari Chaynataunda notijorat tashkilotlari ochib, mahallani saqlab qolish va yanada targ’ib qilish bilan shug’ullanmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoylar shaharchasi uchun kurashayotgan amerikalik

“Agar kuchli madaniy institutlarga va mahallani ushlab tura oladigan kuchli bizneslarga ega bo’lmasak, hammasi tezda tamom bo’lishi mumkin”, - deydi Alis.

Iqtisodiy sabablardan tashqari, Alis uchun bu madaniy o’zlik masalasi hamdir.

“Men turmushga chiqayotgan ko’plab osiyolik amerikaliklarni, xitoylik amerikaliklarni va o’zimning avlodimni bilaman. Achinarlisi shundaki, ular xitoylarning an'anaviy odati hisoblangan choy marosimiga juda yuzaki qarab, uyda yoki restoranda duch kelgan choyni ichishga majbur bo’lmoqda. Chunki ular to'y uchun maxsus choy qutilari to'plamini topa olmaydi. Jamiyatdagi kichik bizneslar taqdim etayotgan narsa, shunchaki, oddiy mahsulot yoki xizmat emas, balki madaniy an’analarni davom ettirish imkoniyati hamdir”, - deydi choy do’koni sohibi.

Alis shu yo’l bilan madaniy an’analarini saqlab qolishga hissa qoshayotganidan mamnun.