Kaliforniyada uch hafta ichida yuz bergan to’qqizta yirik suv toshqini 20 odamning o’limiga sabab bo’ldi. Bu sellar bir necha yil davom etgan qurg’oqchilik va o’rmon yong’inlari ortidan yuz berdi. Bunday keskin qarama-qarshilik iqlim o’zgarishining natijasidir.
Kaliforniya bir ekstremal iqlimdan ikkinchisiga o'tdi. Uch hafta ichida sodir bo'lgan to'qqizta kuchli to’fon 20 kishining hayotiga zomin bo'ldi va keng ko'lamli suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Bunday keskin ob-havo halokatli o'rmon yong'inlariga sabab bo’lgan ko'p yillik qurg'oqchilikdan keyin yuz berdi.
Dunyo bo'ylab iqlim o'zgarishi natijasida keskin quruq ob-havo yanada quruqroq, suv toshqinlari esa yanada halokatliroq tus olmoqda.
San-Fransiskoda joriy mavsum odatdagidan ikki baravar ko'p yomg'ir yog'di. Los-Anjeles deyarli uch baravar ko'p namgarchilik ko'rdi.
Kaliforniya va dunyo bo’ylab keskin yomg'irlar ko’payib bormoqda, deydi Kaliforniya universiteti gidrologi Xelen Dalke.
"Yerdagi atmosfera isib borar ekan, atmosferaga ko'proq suv bug'ini o’ziga singdirish imkoniyatini beryapmiz. Oxir-oqibat, bu bug' yomg’ir sifatida qayergadir tushadi", - deydi olim.
Kaliforniya uchun yaqingacha yomg’ir muammo bo’lmagan. Aksincha, qurg’oqchilikdan aziyat chekib kelgan. Shtat o’tgan asrning aksariyatini qaysidir darajada qurg’oqchilik ostida o’tkazdi.
Bu esa ayni paytda to’fonlarga sabab bo’lmoqda. Chunki issiq havo o’zida ko’proq suv jamlaydi.
"Iliq va quruq havo yerdan ko'proq namlikni so'rib olishga harakat qiladi. Lekin shunda ham Kaliforniyada yog'ingarchilik avvalgidek bo’lmasligi mumkin. Chunki suvi bug’lanib ketgan tuproqni namlash uchun yanada ko'proq yog'in kerak bo'ladi” – deydi Dalke.
Shtatda harorat oshib borishiga qaramay, yog’in miqdori ko’p o’zgargani yo’q.
Demak, tuproq namligini saqlash uchun avvalgi darajadagi yomg’ir kamlik qiladi.
Kaliforniya Amerikadagi sabzavotlarning uchdan birini, meva va yong'oqlarining esa to'rtdan uch qismini yetishtiradi. Dehqonlar o‘z hosilini davom ettirish uchun yer osti suvlaridan foydalanishga o‘tgan. Hozir shtatdagi quduqlarning uchdan ikki qismida suv hajmi me’yordan past, har beshinchi quduq esa eng past darajada.
"So'nggi uch yil yanada quruq bo'lgani sababli, yer osti suvlari hajmida katta pasayishni ko'rdik. Bu tendensiyani o'zgartirish uchun bir yildan ortiq yog'ingarchilik yoki o'rtacha darajadan ko’proq yomg’ir kerak bo'ladi", - deydi ekspert.
Hatto suv toshqini ham qurg’oqchilikni yo’qota olmaydi. O’tgan yili ham yomg’ir mavsumi kuchli boshlangan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Yanvarda esa butunlay to’xtab qoldi. Keyin uch oy deyarli yomg’ir bo’lmadi”, - deydi Xelen Dalke.
Kaliforniya aksariyat suvni qo’shni Nevadadan oladi. To’fon esa u yerga deyarli ta’sir qilmadi.
Yomg'ir suvidan unumli foydalanish ham muhim. Imkoni bo'lsa, suv boshqaruvchilari yomg’ir suvini quruq dalalarga haydaydi va suvning yer ostiga singishiga imkoniyat yaratadi.
"Namgarchilik yuqori yillarni har besh-yetti yilda bir marta ko’ramiz. Ular kamdan-kam uchraydi va biz o’sha payt imkon qadar ko'proq suv to'plashimiz kerak. Chunki bizni navbatdagi qurg’oqchilik kutib turgan bo’lishi mumkin", - deydi Kaliforniya universiteti eksperti.