Ukraina Rossiya armiyasining yirik hujumiga hozirlanmoqda. Bu hujumni qaytarishda NATO davlatlarining Ukrainaga ko’rsatayotgan harbiy ko’magi asosiy o’rin tutadi, faqat bu yordam vaqtida, lozim miqyosda yetkazilgan taqdirda.
Rossiya qo’shinlari sharqiy front bo’ylab siljishda davom etar ekan, Ukraina armiyasining bahorga rejalangan qarshi hujumlari kun tartibidan tushgandek.
Ukraina bu hujumlarni tashkil etish uchun so’ragan texnika, xususan, tanklar masalasi hal bo’ldi, NATO davlatlari umumiy hisobda 100 dan oshiq tanklar yetkazish qarorini e’lon qilishdi.
Ammo bu yordamning asosiy qismi, xususan, Germaniya va’da qilgan “Leopard” tanklarining yetib kelishi uchun bir necha oy vaqt ketishi, AQSh va’da qilgan “Abrams” tanklari esa yil oxirida, hatto 2024-yilda yetib kelishi kutilyapti.
Urushlarni o’rganish institutining (ISW) so’nggi hisobotida G’arbning Ukraina armiyasiga yordami sekinlashishi ortidan frontdagi tashabbus, strategik ustunlik Rossiya armiyasi tomoniga o’tganligini qayd etmoqda.
Ayni paytda Rossiya armiyasi to’rt yo’nalishda hujumni davom ettiryapti, ammo bu Ukraina armiyasi kutayotgan asosiy hujumlar emas.
Yaqin bir oy ichida Rossiya armiyasi tomonidan ishg’olga hozirlab kelingan kuchlar jangga tashlanishi, front liniyasida jiddiy burilishlar kuzatilishi, to’qnashuvlar markazi boshqa bir hududga ko’chishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Bu vaziyat Ukraina tomoni e’lon qilgan qarshi hujumlar, ishg’oldagi hududlarni ozod qilish rejasini no’malum muddatga orqaga suradi.
Avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka xizmati boshqarmasi rahbari Kirill Budanov ukrain armiyasi bahorga borib yirik qarshi hujumlarni rejalayotgani, bu amaliyot Donbфssdagi hududlarning ozod qilinishi bilan yakunlanishi haqida bayonot qilgan edi.
ISW xulosasiga ko’ra, Ukraina armiyasi avval rejalagan qarshi hujum taktikasini bahorning oxiriga yoki yoz oylariga ko’chirishga majbur, ayniqsa NATO tomonidan e’lon qilingan harbiy yordam, tanklarning Ukraina armiyasiga yetib kelishi jarayoni o’ta sekin siljiyotgani nazarda tutilsa.
ISW Rossiya rejalayotgan yirik hujumlar jiddiy natijaga olib kelishini bahsli baholaydi. Aksincha, bu hamla bosilishi, Rossiya qo’shinlari o’z zaxirasini ishlatib bo’lishi Ukraina armiyasiga qarshi hujum uchun qulay imkoniyat yaratib berishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Frontdagi so’nggi vaziyat, xususan, tashabbus Rossiya armiyasiga o’tishi, yangi, keng miqyosli hujumlar hozirlanayotgani Ukraina armiyasi uchun qiruvchi samolyotlar zarurligini yana muhokamaga chiqardi.
Matbuotda AQSh NATO davlatlari havo kuchlaridagi asosiy samolyot F-16 qiruvchilarini uchinchi davlatga, ya’ni Ukrainaga yetkazilishiga qarshi emasligiga doir ma’lumotlar paydo bo’ldi.
Ammo muammo AQSh taqdim etgan bu huquqdan foydalanishga tayyor davlatlarning kamligida.
Germaniya kansleri “Leopard” tanklarini Ukrainaga yetkazishga rozilik berishi ortidan qiruvchi samolyotlar haqidagi gaplarni, muhokamalarni to’xtatishga chaqirdi, Germaniya Rossiya bilan urishayotgan davlat emasligini ta’kidladi.
Buning ortidan Italiya Tashqi ishlar vazirligi ham mamlakat Ukrainaga faqat mudofaaga mo’ljallangan harbiy texnika jo’natishi haqida bayonot berdi.
Ukraina tomoni fevral oyida kutilayotgan Ramshtayn uchrashuvida qiruvchi samolyotlar masalasini ko’tarmoqchi. NATO davlatlari mudofaa vazirlarining Germaniyadagi bu yig’inida Ukrainaga harbiy ko’mak masalasi muhokama qilinadi.
Ramshtayndagi so’nggi uchrashuv ortidan NATO davlatlari Ukrainaga tanklar yuborishga kelishgan edi. Navbatdagi uchrashuvda harbiy samolyotlar bo’yicha muhokama borishi kutilmoqda.
Ukraina armiyasi ayni paytda o’z harbiylarini NATO davlatlaridagi asosiy harbiy samolyotlar bo’lgan F-15, F-16 qiruvchilarini boshqarishga o’qitmoqda. Samolyotlar berilgan taqdirda ham Ukraina harbiy havo kuchlari bu tizimga moslashmagani, boshqarishni o’rganish vaqt olishi qayd etiladi.
Harbiy ekspertlar urush taqdirini hal etishi mumkin bo’lgan asosiy texnika, xususan, harbiy havo kuchlari, zamonaviy tanklarni Ukraina frontidagi janglarga qo’shilishi muddati har qanday vaziyatda ancha uzoq vaqt olishini ta’kidlashmoqda.
Bu talqin Ukraina armiyasi Rossiya hujumini hozirgi mavjud harbiy texnik imkoniyatlardan kelib chiqqan holda qarshi olishiga ishora beradi.
Har ikki tomonda qurol-yarog’, o’q-dori manbasi cheksiz emas, xususan, asosiy vositaga aylangan og’ir artilleriya, raketa tizimlari uchun zarur bo’lgan zaxiralar.
Frontdagi vaziyat, siljishlar har ikki tomon uchun katta yo’qotishlar evaziga sodir bo’layotganidan darak beradi.
Rossiya armiyasi katta yo’qotishlar hisobiga Donbass frontida siljishni amalga oshirdi. So’nggi haftada bir nechta aholi punktlari ishg’ol qilingan. Janglar Baxmut shahri ostonasida davom etmoqda.
Bu shaharning egallanishi Rossiya armiyasiga ustunlik beradi. Ukraina armiyasi oz mudofaasini bir necha o’n kilometr ichkaridagi yirik istehkomlarga ko’chirishga majbur bo'ladi.