Xorijdagi eronliklar demokratik birdamlik payida

  • Amerika Ovozi

Tehron ko'chalarida, 1-oktabr, 2022

Eronda fuqaro huquqlari toptalishda davom etar ekan, mamlakat 44 yildan beri islomiy rahbarlar qo'lida ekan, G'arbdagi eronlik muhojirlar, xususan siyosiy nufuzga ega shaxslar, Amerika poytaxtida yig'ilib, fikr almashdi, birlashish zaruratini e'tirof etdi.

Jorjtaun universitetidagi anjumanda yangragan asosiy savol - "hozir nima qila olamiz?" Javob - "bir yoqadan bosh chiqarish."

O'tgan kuz Eron qamoqxonasida talaba qiz jon berganidan keyin avj olgan qo'zg'olon ruhi hali tinmagan. Hukumat esa namoyishchilarni shafqatsiz jazolamoqda.

Islomiy inqilobdan beri respublikada norozilik kayfiyati bu qadar uzoq bu qadar yuqori darajada turmagan. Odamlar deyarli har kuni ko'chada.

Buni ham ko'ring Eronda qatllar soni oshishi mumkin

"Eron Islomiy Respublikasi muxolif ovozlar berlashmagani uchun ham zamon sinovlariga dosh bermoqda. Biz birlashmasak, tuzum o'zgarmaydi", - deydi Nobel tinchlik mukofoti laureati Shirin Ibodiy.

Amerikalik siyosatdon Melan Vervir deydiki, Tehrondagi ulamolarga qarshi turishda ayollarning roli beqiyos va hozirda ham norozilik chiqishlarida ular jonbozlik ko'rsatmoqda.

Faollar bu yil oxirigacha turli guruhlar kelishib oladi va yakdil platforma asosida birlashadi, degan umidda. Yosh eronliklar maqsad umumbashariy inson qadriyatlari va erkinlik tamoyillariga tayangan dastur ishlab chiqish ekanini aytadi.

Hamid Ismoilion singari muxolifatchilar to'rt talabni olg'a surmoqda: ozodlik, odil sud, ijtimoiy adolat va ekologik adolat.

Ismoilionning qizi va rafiqasi 2022-yilda Eron osmonida urib tushirilgan Ukraina samolyotida halok bo'lgan. "Adolat hamon ta'minlanmadi", - deydi faol.

Eron Kurdistoni lideri Abdulla Muhtadiy bugun oppozitsiya yanayam qattiqroq ishlashi kerak, deydi.

Buni ham ko'ring BMT Eronda inson huquqlari ahvolini tekshirmoqda

"Kurdlar Eronda erkinlik uchun oldingi qatorlarda kurashmoqda. Birdamlik tarafdorimiz", - deya qo'shadi u.

"Kelajakda Eron hech kim kamsitilmaydigan, etnik va diniy jihatdan rang-barang va tolerant jamiyatga va uni aks ettirgan tuzumga ega bo'lishi kerak".

Eronning surgundagi shahzodasi Rizo Pahlaviy nazarida muxolifat orasidagi ziddiyat tabiiy holat, chunki hammaning o'z fikri va tahlili bor. Biroq maqsad ezgu, deydi u, Eronni tinch va erkin davlat sifatida ko'rish.

Pahlaviy fikricha, mamlakatdagi va xorijdagi kuchlar birlashishi zarur, toki islomiy tuzum tezroq qulasin, unga nisbatan bosim birdek qattiq ushlab turilsin.

2022-yilning sentabridan beri Erondagi notinchliklarda 528 kishi haok bo'lgan. 20 mingga yaqin odam hibsga olingan. O'nlab insonlar hukumat tomonidan qatl etilgan.