NATO: Xitoy Ukrainada Rossiyani quvvatlashi mumkin

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Anqarada so'zlamoqda, 16-fevral, 2023

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bayon qilishicha, Xitoy Rossiyani Ukrainadagi urushda quvvatlash uchun harakat qilayotgan bo'lishi mumkin. NATOga Pekinning bu boradagi rejalari ma'lum, deydi Stoltenberg. U Xitoyni bunday qilmaslikka undab, xalqaro qonunlar buziladi, deya ogohlantirmoqda.

NATO urushda emas va hech kim bilan urush istamaydi, deydi Stoltenberg, ammo Ukrainani himoya qilib, uni qurollantirishda davom etadi.

“Xitoy Rossiyaning noqonuniy urushini oqlay olmaydi va unga bu borada biror jihatdan ko'maklashishi og'ir oqibatlarga yetaklashi aniq", - deydi Stoltenberg.

Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashi a'zosi ekan, deya eslatadi rasmiy, mustaqil davlatga bostirib kirgan, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzgan tarafning yonini ololmaydi.

Bu hafta Kremlda Xitoyning tashqi siyosat bo'yicha bosh rasmiysi Van Yi mehmon bo'ldi. Pekin Ukrainadagi urushni qoralamagan va mojaroda AQSh va NATOni ayblagan. Rossiya hukumati ham shunday pozitsiyada.

Xitoy, Rossiya va Janubiy Afrika shu kunlarda Hind okeanida harbiy mashqlar o'tkazmoqda.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham Stoltenberg singari tashvish bildirib, Pekinni yetti o'lchab bir kesishga undamoqda.

Amerika Xitoy o'z hududi deb biladigan Tayvan orol-davlatini quvvatlab keladi. Pekin Tayvanga qo'shin yuborishi mumkin, degan xavotir anchadan beri hukmron.

Stoltenberg deydiki, Ukrainadagi urush boshqa davlatlarga o'tmasligi, Rossiya bilan NATO orasida qurolli ziddiyatga bormaslik uchun qattiq harakat ketmoqda.

AQSh rahbari Jo Bayden bilan bu hafta Varshavada NATOning sharqiy a'zolari bilan uchrashgan Stoltenberg Ukrainaga madad oshaveradi, deydi.

"Prezident Vladimir Putin Ukrainani tiz cho'ktira olmaydi", - deydi NATO bosh kotibi.

Yakkahokimlar aslo harbiy ustunlikka erisha olmasligi lozim, deya qo'shadi u.

Finlyandiya va Shvetsiya yaqin kelajakda NATOga kirishi kutilmoqda. Turkiya Shvetsiya a'zoligini hozircha quvvatlamagan. Blokka kiradigan har bir davlat unga qo'shilmoqchi bo'lgan mamlakatga roziligini bildirmasa, masala cho'zilaveradi.

Stoltenberg deydiki, NATO rahbariyati, Turkiya va Shvetsiya oradagi muammolarni bir davrada ko'rib chiqib, yechim topish payida.