Ukrainadagi urush Yevropani xavfsizlik haqida jiddiy xavotirga soldi

Lvov qabristonlarida, Ukraina, 23-fevral, 2023 c

AQSh Mudofaa vazirligiga ko'ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Yevropa davlatlarini xavfsizlik yuzasidan jiddiy xavotirga solib, bu boradagi strategiyalarini yangilashga majbur qilgan.

“Muhit batamom o'zgardi va hozirgi siyosat kelasi o'nlab yillarni qoplaydi", - deydi AQSh general leytenanti Jon Kolasheski, NATOning sharqiy qismidagi amaliyotlar bo'yicha qo'mondoni.

Amerika hozirda Yevropaning bu qismida qo'shin sonini oshirgan. Mezbon hukumatlar esa mudofaaga ko'proq sarflamoqda.

“Ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz tahdidga qarshi kurashda va har doimgidan ham birdammiz", - deydi Kolasheski.

Vashington Ukrainani harbiy jihatdan quvvatlash uchun hozirgacha o'nlab milliard dollar xarajat qilgan, madad davom etadi va bu NATOning boshqa a'zolarini ham harakatga undamoqda.

Estoniya va Latviya, Rossiyaning qo'shnilari, Ukrainaga salmoqli ko'maklashib, o'z xavfsizligi uchun ham misli ko'rilmaga darajada sarflay boshlagan, harbiy byudjet bu yil qariyb 3 foizga oshgan.

Baxmut, Ukraina, 13-fevral, 2023

Ommaviy so'rovlarda Amerika ahlining 48 foizi Ukrainaga qurol berishni quvvatlamoqda. O'tgan yilning may oyida bu ko'rsatkich 60 foizda edi.

Harbiy tahlilchi Bredli Bauman kuzatishicha, respublikachilar orasida bunday yordamga qarshilar ko'paygan.

AQSh shu kungacha Ukrainaga aynan mudofaa uchun 30 milliard dollarga yaqin mablag' ajratgan. Bu - joriy yilda Pentagon byudjetning 3,5 foizi.

“Bu mablag' bilan biz Rossiya rahbari Vladimir Putinni Ukrainada o'z yovuz maqsadlariga erishishiga yo'l qo'ymayapmiz. Amerika u kabi avtokrat zolimlarga boshqa davlatga hujum qilishiga qarab turmasligini ko'rsatayapmiz. Amerikaning biror askari bu urushda emas, ammo biz o'z qudratimizni namoyon etayapmiz", - deydi Bauman.

O'tgan yili Ukrainaning chorak qismni bosib olgan Rossiya ancha chekinib, hozirda 18 foiz hududini nazorat qilmoqda.

Germaniya va Britaniya Kiyevga eng ilg'or qurollar, xususan tanklarini yubormoqda.

Berlin, 24-fevral, 2023

Estoniyadagi xalqaro bo'linmaning Britaniyadan boshlig'i mayor Nik Brijes deydiki, janglar yaqin orada tugamasligi aniq. Ukraina hozirda sovet davridan qolgan tanklarga tayanmoqda, ammo G'arbdan borayotgan zamonaviy vositalarni uni kuchaytiradi.

Rossiya ayni damda hujumlarni kengaytirgan va shavqatsiz taktikalardan foydalanmoqda, deydi Pentagon rasmiylari.

AQSh Mudofaa vaziri muovini Kolin Kal so'zlariga ko'ra, Baxmutdagi janglar Rossiya qo'shini naqadar "qonxo'r ekanini ko'rsatgan." Shaharning katta qismi batamom vayron qilgan.

"Ukraina bu urushda insonparvar tomon bo'lishi va shu bilan birga o'zini yetarlicha himoya qilib, g'alaba qilishi uchun yordam berayapmiz", - deydi Kal.

Pentagon nazarida Putin Ukrainani yo'q qilishdek qabih maqsadiga erisha olmaydi. NATO, Yevropa va kollektiv G'arb unga qarshi birlashgan, deydi Amerika rasmiylari.

“Rossiya allaqachon boy bermoqda", - deydi Kal.

Bu haftada Sevastopoldan qilgan nutqida Putin Amerika va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi adolatsiz va agressiv harakatda ayblagan. Kreml Ukrainaga o'z manfaatlarini himoya qilish uchun kirganini qayd etib keladi.