Urush boshlanishi ortidan o’z mamlakatlarini tark etgan bir guruh ukrain va rus qochqinlarini turk tili darslari birlashtirdi.
Marina Shishka bir yil oldin Rossiyaning Ukrainaga qo’shin tortishi oqibatida o’z vatanini tark etgan minglab qochqinlardan biri. Uning Turkiyaga kelganiga 11 oydan oshgan. Hozir u turk tilini o’rganyapti.
“Tilni o’rganishni boshlaganimdan beri bu yerdagi hayotim ancha osonlashdi. Endi do’kon yoki shifoxonaga o’zim bora olaman. Til orqali qo’shnilarimni ham taniyapman”, - deydi Marina.
Rossiyalik Marfa Alekseyeva turk tili kursida Marina bilan birga o’qiydi. Ukrainada urush boshlanishi ortidan ukrainaliklar qatori minglab rossiyaliklar vatanidan chiqib ketgan.
“Xavfsiz o’lkada yashashni istab, oktabr oxirida Rossiyadan Turkiyaga kelganman. Bu yerda hali uzoq yashayman deb o’ylayman. Shuning uchun turk tilini o’rganyapman. Hozir men bankda ham, bozor va avtobus ichida ham bemalol turkcha so’zlashyapman”, - deydi Marfa.
Rossiyaliklar va ukrainaliklarga mo’ljallangan turk tili kurslarini Izmir shahridagi Yevrosiyolik lider ayollar madaniy va ijtimoiy uyushmasi tashkil qilgan.
Darslar dastlab bolalar uchun o’tilgan. Qiziqish ortar ekan, kattalar uchun qo’shimcha sinflar ochildi. Kattalar uchun turk tili darslari haftada ikki marotaba taklif qilinadi. Ilk guruhga 24 talaba qabul qilingan. Bu kursda o’qishni xohlovchilar ro’yxati uzun.
Turkiyada haydovchilik guvohnomasini olishda ham, ish izlaganda ham til kurslarini tamomlagani to’g’risida asos talab etiladi.
“Men bu yerga 2008-yilgi Rossiya - Gruziya urushi davrida kelganman va ularning alamini yaxshi tushunaman. Shu bilan birga nafrat tilida so’zlashish yaxshi emasligini ham bilaman”, - deydi Salome Derme, madaniyat va ijtimoiy yordam uyushmasi vakili.
Rossiyaliklar va ukrainalik Turkiya hayotiga shu tariqa moslashmoqda. Bu umymiy maqsad o’zaro urushayotgan ikki davlat xalqlarini birlashtirmoqda.
“O’zimni vatanparvar deb bilaman. Meni shundayligimcha qabul qilganlar bilan do’st tutinishga intilaman. Men uchun hamma inson. Siyosat esa tashqarida”, - deydi Marina.