AQSh-Qirg'iziston: Vashingtonda yillik muloqot

  • Amerika Ovozi

Vashington, 30-mart, 2023: Amerika Qirg'izistonda demokratiya ravnaq topishiga azaldan ishongan va bu boradagi umidlar so'nmagan, deya bildiradi Davlat departamenti

AQSh va Qirg'iziston hukumatlari shu kunlarda bir davraga yig'ilib, aloqalarni sarhisob qildi. 30-mart kuni Vashingtonda kechgan mulooqotga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Donald Lu va Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri muovini Aybek Moldogaziyev boshchilik qildi.

Ychrashuvlarda ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar muhokama qilingan.

AQSh Qirg'izistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini quvvatlaydi. Yaqinda Ostonada Markaziy Osiyo va AQSh bosh diplomatlarining C5+1 anjumanida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken and Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev ham gaplashib olgan edi. 2023-yilning ikkinchi yarmida C5+1 formatidagi tashabbuslarga Qirg'iziston yetakchilik qiladi.

Vashinton Bishkekning Suriyada qolib ketgan 59 fuqarosini olib chiqqani, shuningdek, chegara xavfsizligi va sog'liqni saqlash borasida olib borayotgan harakatlarini olqishlagan.

Tojikiston bilan chegarada notinchliklar kuzatiladigan Qirg'iziston barcha qo'shnilari bilan bu masalalarda ishlayotganini bildirgan.

Bishkek Vashington bilan viza yuzasidan yangi kelishuvlar istaydi. Qirg'iziston tomon jarayonlarni yengillashtirishni so'ragan. Qolaversa, muloqotlarda AQShda qirg'izistonliklar mehnat qilishi uchun sharoit yaratish borasida iltimoslar yangragan.

Vashingtonda kechgan mulooqotga AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Donald Lu va Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri muovini Aybek Moldogaziyev boshchilik qildi. 30-mart, 2023.

Rossiyaga Ukrainadagi urush sabab qo'yilgan sanksiyalarning Qirg'iziston iqtisodiyotiga salbiy ta'sirini kamaytirish uchun birgalikda chora ko'rish, texnologiya va raqamli sanoatlarni rivojlantirishda hamkorlik, kiber-xavfsizlik, ingliz tilidagi ta'limni kengaytirish, "Tinchlik korpusi" faoliyati, professional almashinuvlar, Amerikada ta'lim va trening masalalari alohida e'tiborda.

Qirg'iziston va Amerika banklari orasida aloqani yaxshilash, to'g'ri ulanish yo'llari haqida ham gaplashilgan. Turizm va ekologiya yo'nalishlaridagi tashabbuslar ko'rib chiqilmoqda.

AQSh Qirg'izistonda keyingi yillarda matbuot erkinligiga tahdidlardan xavotirda, xususan chet el axborot vositalariha ishlaygan muxbirlarga va mustaqil jurnalistikaga nisbatan xavf oshganidan.

Bayden ma'muriyati Bishkekni inson huquqlarini hurmat qilishga, qonun ustuvorligini ta'minlashga, fuqaro jamiyati rivoji yo'lida ishlashga chaqirgan.

Amerika Qirg'izistonda demokratiya ravnaq topishiga azaldan ishongan va bu boradagi umidlar so'nmagan, deya bildiradi Davlat departamenti.

Hukumatlararo maslahatlashuv yilda ikki bor kechadi - biri Vashingtonda, ikkinchisi esa hamkor davlatning poytaxtida. Shunday ekan, keyingi AQShb-Qirg'iziston muloqoti shu yil oxiriga borib, Bishkekda kutilmoqa.