Afg’onistonlik namoyishchilar Parijda UNESCO binosi qarshisida to’planib, xalqaro hamjamiyatni Tolibon hukumatini tan olmaslikka chaqirdi.
Joriy hafta Dohada BMT va mamlakatlarning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchilari ishtirokidagi ikki kunlik sammit bilan boshlandi. Yopiq eshiklar ortidagi uchrashuv Tolibonga nisbatan pozitsiyalarga oydinlik kiritish va muvofiqlikka erishishni maqsad qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Namoyishchilarning ayrimlari Tolibon hokimiyatga kelgach mamlakatdan qochganlardan.
“Tolibon Dohada ayollarning mehnat qilishiga, maktab va universitetlarda ta’lim olishiga ruxsat berishni va’da qilgan edi. Ikki yil o’tmoqda, va’dalarning aksini ko’rayapmiz”, - deydi afg'onistonlik qochqin Zohid Olmos.
Tolibon boshqaruvi ostida afg’on ayollarning ta’lim olishi, ishlashi, yakka sayohat qilishi taqiqlangan. Sport zallari va xiyobonlarga borishi man qilingan.
Afg’oniston ayollari Tolibon hokimiyatga kelgan 2021-yildan buyon harakatning zulmiga qarshi namoyishlarda qatnashmoqda.
“Tolibon bilan murosa yirik xato”, - deydi afg'onistonlik rejissor Samina Rizoiy.
Namoyishchilar xalqaro hamjamiyatdan Tolibonga bosim o’tkazib, ayollar huquqlarini ta’minlanish va inklyuziv hukumat tuzish kabi va’dalarini bajarishni talab qilishga chaqirmoqda.
“Har qanday hukumat tan olinishi uchun uning tarkibida aholining barcha qatlamlari – yoshlar, ayollar va turli etnik guruhlar vakillari bo’lishi kerak”, - deydi yana bir qochqin Rizo Jafariy.
Hanuz biror davlat Tolibon hukumatini rasman tan olmagan. Biroq Tolibonnning akkreditatsiyadan o’tgan diplomatlari to’rt davlat – Xitoy, Rossiya, Pokiston va Turkmanistonda ishlamoqda.