Kent Hey Sietl yaqinidagi Grin-river daryosi yoqasida joylashgan uysizlar manziliga ikki yildan beri qatnaydi. Maqsadi bu yerdagilarni davolanish uchun uysizlar markaziga ko’chishga ko’ndirish.
"Agar tasdiqlansa, aprelda boshlaysiz", - deydi u bu yerda yashovchi insonlardan biriga.
"Ha, buni qilishim kerak”, - deydi Elizabet ismli ayol.
Your browser doesn’t support HTML5
Fentanil suiiste'moli bu yerda odatiy hol. Eritilgan tabletkalarning hidi gulxan tutuni bilan aralashib ketgan.
“Bundan foydalanmayotgan odamni uchratishning o’zi qiyin. Bu odamlarni davolanishga jalb qilish ham mushkul”, - deydi Hey.
Fentanilga qaramlik va uysizlik muammosini birgalikda hal qilish ba’zilar uchun bahsli masala. King okrugi kengashi a'zosi Sara Perrining aytishicha, ularning yechimi jamoatchilik ishtirokini talab qiladi.
“Bular o’zimizning odamlar. Bizning mahallamizdan chiqqan, shu yerda turishadi. Ular bizning farzandlarimiz, ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz va jiyanlarimiz. Ular qayergadir ketib qolmaydi. Biz bunga birga yechim topishimiz kerak. Shunda hamma xavfsiz yashash joyiga ega bo'ladi va o'zini xavfsiz his qiladi”, - deydi u.
Fentanilga qaram bo'lganlarning davolanishga qachon tayyor bo'lishini o’zlariga qoldirish noinsoniylik, deydi okrug kengashining sobiq a'zosi Keti Lambert. U davolanishni majburiy qilish tarafdori.
Buni ham ko'ring AQShda yoshlar o'limiga sabab bo'layotgan fentanil qayerdan kelyapti?“Ularga tanalarini tozalash uchun imkoniyat bo'ladigan joy kerak; shunda ular to'g'ri qaror qabul qilishi mumkin. Ko’chada appenditsit bilan og'rigan odamni ko'rsangiz, "tayyor bo'lganingizda men sizga qarayman" demaysiz, balki darhol yordamga shoshilasiz. Bu yerda ham shu narsa kerak”, - deydi u.
Vashington universiteti tadqiqotchisi Kaleb Banta-Gringa ko’ra, ijtimoiy va tibbiy xizmatlarni yaxshilash majburiy davolashdan ko'ra samaraliroq.
“Biz odamlarni davolanishga majburlashdan oldin ularga yaxshiroq davolanish xizmatlarini taklif qilishimiz kerak. Shunda ular davolanish uchun navbatga shoshiladi”, - deydi u.
Bu orada Hey kabi faollar fentanilga qaram bo'lganlar bilan ishlashda va ularga yordam berishda davom etadi.