Amerika Kutubxonalar assotsiatsiyaga ko’ra, mamlakatda kutubxonalardagi kitoblarni senzura qilish talablari tobora ko’proq yangramoqda. Texasdagi bir qishloqda sud taqiqlangan kitoblarni kutubxonaga qaytarish haqida hukm chiqardi. Aholi esa kutubxonani yopishni talab qilyapti.
Lano okrugidagi qishloqda kutubxonani yopish haqida muhokamalar avjida. Sal avval mahalliy qonunchilar ayrim kitoblarni “pornografik” deya man etgan, sud esa bu qarorni bekor qilgan.
Kutubxonachi Suzet Beyker o’sha kitoblarni javonlardan chiqarib tashlashdan bosh tortgani uchun ishdan haydalgan.
“KKK guruhi haqidagi kitob qanaqasiga pornografiya bo’ladi? “Irqchi bo’lmang” degan kitob nega pornografiya deyilyapti? Huquqlarimizni toptash bu. Biz kommunist yoki natsist davlat emasmiz. Nimani o’qishimizni siz hal qilmaysiz”, - deydi Beyker okrug rasmiylariga qarata.
Uning aytishicha, taqiq ostidagi kitoblarning aksariyati LGBT va oq bo’lmagan odamlar haqida. Mavzu yuzasidan o’tgan tinglovda kutubxonani yopish tarafdorlari ham so’zga chiqdi.
“Kutubxona jamoamizning muhim qismi, lekin bu joyni bolalar uchun xavfsiz deb bo’lmaydi. Chunki javonlarda geteroseksualizm, gomoseksualizm haqida kitoblar bor. Mana ro’yxatini olib keldim”, - deydi Ronda Shnayder.
Texaslik Emmet Makferson fikricha, kutubxona yopilishi kerak.
“Yopilsin deyishimga yagona sabab shuki, bu kitoblarni kattalar bo’limiga o’tkaza olmadik. Ular pornografik xarakterga ega ekani shubhasiz. Bu kitoblar bolalarim qo’liga tushmasligi uchun kutubxona yopilishiga roziman”, - deydi Makferson.
Ushbu kitoblar ba’zilarga yoqmasligi mumkin, lekin ular pornografik emas, deydi Texas Kutubxonalar uyushmasi direktori Shirli Robinson. Unga ko’ra, Texasda bu yili kutubxonalarga doir qariyb 40 ta qonun loyihasi muhokama qilingan, ayrimlari kutubxonachilarni jazolash to’g’risida.
“Kutubxonachilar kasbini tark etmoqda, chunki jinoiy jazoga tortilishni, jamoalarida ta’qib ostida bo’lishni istashmaydi”, - deydi Robinson.
Kari Anna Holt Texasda yashaydi. Uning kitobini ko’plab kutubxonalar taqiqlagan. Kitob bir-birini sevib qolgan ikkita qiz haqida hikoya qiladi.
“Sanoatimizda kitoblardagi qahramonlarni, ularning ovozini diversifikatsiya qilishga harakat qilamiz. Noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyadagi insonlar haqidagi kitoblar ko’paygan sari taqiqlangan kitoblar soni ham o’smoqda. Men o’zgarmayman, atrofimdagilar o’zgarib, meni qabul qilishi kerak degan qarash negadir ba’zilarga qo’rqinchli tuyuladi”, - deydi muallif.
Lano okrugi rasmiylari kutubxona masalasini kun tartibidan olib tashlashdi, kutubxona hozircha yopilmaydi. Taqiqlangan kitoblarni qaytarish bo’yicha sud qarorini esa ular apellyatsiya qilishgan.