“Katta Yettilik” (G7) guruhiga a’zo davlatlarning Yaponiyadagi yig’ini unda shaxsan qatnashgan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya tajovuziga qarshi birdam bo’lish haqidagi murojaati bilan yakunlandi.
Zelenskiy Xirosimaga Saudiya Arabistonidan fransuz samolyotida uchib kelgan. Arab Ligasining Jidda shahrida o’tgan uchrashuvida Zelenskiy arab yetakchilaridan ham uning davlatini qo’llab-quvvatlashga, Rossiyaning bosqiniga ko’z yummaslikka undadi.
Zelenskiy Yaponiyada ekan, Rossiyaning “Vagner” yollanma jangchilar guruhi Ukrainaning Baxmut shahrini to’liq egallab olganini e’lon qildi. Ammo Zelenskiyning ta’kidlashicha, Baxmut Rossiya nazoratiga o'tgani yo'q.
Ukraina prezidenti G7 yetakchilari bilan, jumladan Rossiya bosqinini qoralashdan bosh tortgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan, individual uchrashuvlar o’tkazdi.
AQSh rahbari Jo Bayden Zelenskiy bilan uchrashuvda Ukrainaga yana 375 million dollarlik yordam ajratilishini ma’lum qildi.
“Ukrainaning jang maydonidagi qobiliyatini kuchaytirish uchun o’q-dori, zirhli transport vositalarini o’z ichiga oladi”, - deydi Bayden.
Sammitning birinchi kunida G7 Rossiyaga qarshi sanksiyalar va eksport nazoratini, shuningdek, Moskvaga ularni chetlab o’tishga yordam berayotganlarga qarshi choralarni kuchaytirdi.
Ammo Kiyev uchun eng katta dalda Qo'shma Shtatlar F-16 samolyotlarini berishga va ukrainalik uchuvchilarni treningdan o’tkazishga rozilik berganidir.
Oq uyning bildirishicha, F-16 qiruvchi samolyotlari Rossiya hududiga zarba berish uchun qo’llanmaydi.
“Katta Yettilik” yetakchlari qo’shma bayonotda Ukrainadagi urushni yana bir bor qoraladi.
“Rossiyaning shafqatsiz bosqinchilik urushi xalqaro hamjamiyatning asosiy normalari, qoidalari va tamoyillarini buzgan holda, butun dunyo uchun tahdiddir. Biz Ukrainani keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun qancha kerak bo’lsa, shuncha vaqt qo’llab-quvvatlaymiz”, deyiladi bayonotda.
Ukraina mavzusi bo’yicha sessiyalarda Avstraliya, Braziliya, Komor orollari, Kuk orollari, Indoneziya, Hindiston, Janubiy Koreya va Vyetnam rahbarlari ham qatnashgan. Mezbon Yaponiya urushning oziq-ovqat va energiya narxlariga ta’sirini boshdan kechirayotgan mamlakatlar yetakchilarini ham sammitga taklif etgan.