AQShda may oyining oxirgi dushanbasi - Xotira kuni. Unda turli urushlarda o'lganlar esga olinadi, faxriylarga minnatdotchilik bildiriladi.
Prezident Jo Bayden Virjiniya shtatidagi Arlington milliy qabristoniga borib, Amerika qatnashgan qurolli harakatlarda halok bo'lganlarning mozorini ziyorat qildi.
"Vatanimiz uning tinchligi uchun jonini fido qilganlarni aslo unutmaydi. Amerika xalqi uning ravnaqi uchun qancha odam qurbon bo'lganini hech qachon yoddan chiqarmasligi kerak", - deydi Bayden.
“Davlatimiz himoyasi va manfaatlari, erkinligimiz va demokratiyamiz yo'lida ko'plab yurtdoshlarimizni boy berganmiz".
Xotira kuni Amerikada 155 yildan beri nishonlanadi.
Prezident Bayden deydiki, urushlarda nobud bo'lganlarning oldida hamma qarzdor. Ularning yaqinlari chekadigan azob cheksiz, deydi u.
Baydenning o'zi sakkiz yil oldin o'g'lidan ayrilgan. Bo Bayden 46 yoshda edi, miya rakidan o'lgan. Iroq urushida xizmat qilgan Bo, prezidentning aytishicha, frontda zaharlangan, harbiy chiqindilar uning salomatligiga jiddiy zarar yetkazgan. Minglab zobitlar jang maydonidan yaralanib, shuningdek, u yerdagi ekologik og'ir muhitda kasallanib qaytadi.
Xotira kuniga Amerikada 1868-yilda, fuqaro urushi yakunida asos solingan.
1783-yilda inqilobiy urush tugaganidan beri qilingan hisobga ko'ra, turli janglarda 646 mingdan ziyod amerikalik halok bo'lgan. Mamlakatning 539 mingdan oshiq askari esa boshqa sabablar bilan vafot etgan.
Xotira kuni yoz faslini boshlab beradi. Ayyom arafasida bu yili kamida 42 million amerikalik safarga chiqqan, asosan mamlakat ichida. 2000-yildan beri bu qadar ko'p odam Amerika bo'ylab bir paytda sayohat qilmagan.
Bu - AQSh havo yo'llari uchun misli ko'rilmagan sinov va tizim ishni eplayapti, deydi Transport vaziri Pit Buttijej. O'tgan yili bu sohada qator muammolar kuzatilgan edi.
Amerika avtomobil assotsiatsiyasi bergan ma'lumotlarga ko'ra, narxlar qimmatligiga qaramasdan, bu yoz aeroportlar, vokzallar, yo'llar va dam olish maskanlari bag'oyat tirband bo'lishi kutilmoqda.