"Project 22" - Ukraina kasalxonalarini urushga chidamli qilib isloh qilish loyihasi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

2022-yilning aprelida Ukrainaning Kramatorsk shahri temir yo‘l vokzali Rossiya raketasi hujumiga uchrab, o‘nlab odam o’lgan, yuzlab nafari jarohatlangan edi. Bu voqea mahalliy kasalxonalar urush davrida ko’psonli yaradorlarni qabul qilishga tayyor emasligini ko’rsatgan. Vaziyat xayriya dasturi yordamida o'zgarmoqda.

2022-yil 8-aprel. Yuzlab ukrainaliklar Kramatorsk vokzalidan shaharni tark etishga urinmoqda. Soat 10 dan 38 daqiqa o’tganda Rossiya kassetali raketa bilan vokzalga zarba berdi. 61 kishi halok bo'ldi, ulardan 7 nafari yosh bolalar. 126 kishi jarohatlangan.

Mahalliy kasalxona rahbari Oleksiy Yakovlenko bu uning uzoq yillik faoliyatidagi eng murakkab vaziyat bo’lganligini eslaydi.

“Yaradorlarni narsalari bilan olib kelishdi. Ba'zilari halok bo'ldi. Qolib ketgan buyumlari yana bir-ikki hafta ularni bizga eslatib turardi”, - deydi u.

Mahalliy kasalxonalar ko’psonli yaradorlarni qabul qilishga tayyor emas edi. Natijada Kelajak uchun qayta tiklanish instituti bir loyihani ishga tushirdi. “Loyiha-22” shifoxonalarni bir paytning o'zida o'nlab bemorlarni qabul qilish va davolashga tayyorlaydi.

“Yangi infratuzilma, ko'rsatkichlarni yig'ish, shifoxonalarni monitoring qilish tizimini quryapmiz. Yangi kadrlar tayyorlayapmiz”, - deydi institut direktori Vadim Aristov.

“Project 22” loyihasini amalga oshirish uchun AQShdagi ukrainlar ochgan “United Help Ukraine” xayriya tashkiloti yordamga kelgan.

Har bir ishtirokchi kasalxonaga jihozlar to’plami beriladi. Ya’ni yuz yaradorni qabul qilish, besh kun davomida davolashga yetarli tibbiy jihoz va dori-darmonlar. To'plam qiymati taqriban 50 000 dollar.

Buni ham ko'ring Ukrainaga yo’l olgan amerikalik jarroh-transplantolog

“Har bir shifoxona yuz kishini qabul qilishi, ularni uyga javob berish yoki evakuatsiya qilinguniga qadar davolashi uchun yetarli ashyoga ega bo‘lishi kerak”, - deydi “United Help Ukraine” rahbari Mariya Baydyuk.

Suriya-Amerika Tibbiyot jamiyati ham ukrainalik hamkasblari bilan bilim almashishni taklif qilgan. Tashkilot Suriyada ko’psonli qurbonlarni qabul qilish va davolash tajribasiga ega.

“Shifokorlarga hujumlar, xodimlardan ayrilish - barchasi bizga tanish. Yordam beramiz deb ahd qildik”, - deydi jamiyat vakili Deyvid Lilli.

Trening Ukraina-Amerika xayriya tashkiloti tomonidan moliyalashtirilib, suriyalik-amerikalik shifokorlar tomonidan o'tkazilmoqda. Ayrim kasalxonalar allaqachon o'zgarishlarni amalga oshirgan.

“Masalan, bir kasalxona bemorlarni qabul qilish joyini qayta loyihalashtiradigan bo’ldi, ko'p sonli yaradorlarni qabul qilish uchun. Boshqa bir shifoxona treninglardan so’ng tez yordam bo'limini o'zgartirdi”.

Hozirda “Loyiha-22” turli shaharlarda front yaqinidagi besh kasalxonani ta'minlamoqda. Dastur Ukraina bo'ylab 22 kasalxonada joriy etiladi.