Amerikalik vinoshunos Geyl Korrigan ukrain vinosi va urush ortidan bu mamlakatning deyarli vayron bo'lgan vino zavodlarini saqlab qolish kampaniyasini boshladi. Mablag’ to’plash va mahsulotni namoyish etish uchun u AQShga nodir ukrain vinolarini keltirgan.
Korrigan - amerikalik tadbirkor va vino ishqibozi. 2019-yilda “Saperavi USA” kompaniyasiga asos solib, Gruziyadan Amerikaga vino importini boshlagan. 2020-yilda esa u ilk bor ukrain vinosini tatib ko’rdi.
“Birinchi qultumidanoq yoqtirib qoldim! Ta’mi betakror”, - deydi u.
U Rossiya bosqinidan biroz oldin biznesini kengaytirib, ukrain vinosini AQShga import qila boshlagan. Bu sharobdan tadbirkor faqat xayriya maqsadlarida foydalanishga qaror qilgan.
“Undan xabardorlikni oshirish va Ukraina vinochilik sanoati uchun zarur mablag'ni yig'ish maqsadida foydalanamiz”, - deydi Korrigan.
“Artwinery” urushning eng shiddatli janglari kechayotgan Baxmutda joylashgan. Kompaniya gazlangan sharoblar yaratish bo’yicha bir necha asrlik tarixga ega. Ba’zi turlari urush sharoitida kamyob mahsulotga aylandi.
Rossiya bosqini ortidan Baxmutdagi zavodda ishlab chiqarish to‘xtadi, deydi shirkat vakili Aleksandra Cherednichenko. Kompaniya xodimlari va ishlab chiqarishini Ukrainaning xavfsiz hududlariga ko'chirgan.
“Yer ustidagi barcha mulkimiz vayron bo’ldi. Yo'qotishlarimizni chamalash murakkab, chunki ishlab chiqarish liniyalarining aksariyati yer ostida, taxminan 72 metr chuqurlikda joylashgan. Biz hozir u yerga kirolmayapmiz”, - deydi u.
Kompaniya qutqarilgan sharoblarning katta qismini Qo’shma Shtatlarga, Korriganga jo'natish harakatida.
“Geyl bizning yaqin hamkorimiz, yordamidan minnatdormiz”, - deydi Cherednichenko.
Xayriya tadbirlariga Korrigan AQShdagi Ukraina tashkilotlarini jalb qiladi. So’ngra ular Korrigan hadya qilgan vinolardan foydalanib, mablag' to’playdi.
“Rod-Aylendda kimoshdi savdosida bir shisha sharobimiz 2000 dollarga sotildi”, - deydi u.
Amerikalik tadbirkor xayriyadan tushgan pullarni urushdan keyin uzumzorlarni tiklash uchun qayta Ukrainaga jo’natmoqda.
Baxmut viloyatida vino ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar faoliyati to'xtagan. Ammo “Artwinery” kompanoyasi Odessa kabi xavfsizroq joylarga ko’chib, ishlab chiqarishni davom ettiryapti.