Mayk Pens prezidentlik uchun Donald Tramp bilan olishishga tayyor

  • Amerika Ovozi

AQShning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens Oq uyga harakat qilish ustida uzoq o'ylaganini aytadi

64 yoshli Mayk Pens siyosatda pishgan odam: mahalliy lavozimlardan to Oq uygacha. Kongress a'zosi bo'lgan. Ona shtati Indianaga gubernatorlik qilgan.

Biroq Pens uchun 2024-yilgi prezident saylovida nomzodini qo'yish oson qaror bo'lmadi, deydi uni yaqindan bilganlar. Bu kurashda u sobiq rahbari, o'zi 2007-2021 yillar orasida vitse-prezidentlik qilgan prezident Donald Tramp bilan olishadi. Tramp poygada boshidan oldinda.

Demokratlardan davlat rahbarligiga yagona nomzod - amaldagi Jo Bayden.

Pens, 2020-yilning noyabrida Tramp qayta saylana olmaganida uni bu borada quvvatlamagan. 2021-yilning 6-yanvarida "alamzada Trampning tarafdorlari" Kongressga hujum qilganida ham Pens prezidentning xatti-harakatlarini boshida zimdan, keyinroq esa ochiq qoralab chiqqan.

Bosqinda Pensning hayoti ham xavf ostida qolgan, chunki vitse-prezident sifatida u Senatning prezidenti edi. Kongress ichida va uning oldida zo'ravonlik qilganlar "Mayk Pensni osish kerak" deya hayqirgan, hatto buning uchun taxtadan ishlangan vosita ham ko'tarib yurishgan.

Tramp Pensni "qo'rqoq" deb atagan, biroq vitse-prezident prezidentni uning oilasi va hammani tahdid ostida qoldirganlikda ayblagan. Pens bu ishlarni o'tgan yillarda tekshirgan qonunchilar oldida guvoh sifatida ko'rsatmalar bergan.

Endilikda esa u respublikachilar orasida "men prezidentlik uchun eng munosib nomzod bo'laman" deya kampaniya boshlamoqda.

Buni ham ko'ring Aksar saylovchilar Baydenning ikkinchi muddatga saylanishini istamaydi

Tramp bir necha shtatda jinoiy tergov ostida va sudlangan, ammo reytinglarda hamon yetakchilik qilmoqda.

Ikkinchi o'rinda Florida shtati gubernatori Ron Desantis ketmoqda, Trampdan 30 foizcha orqada.

Keyingi o'rinlarda esa Pens va boshqalar. Ularga nisbatan quvvatlov juda oz, deydi siyosatdonlar, ammo yetib olish uchun imkon va vaqt bor.

Pens kampaniyani Ayova shtatida boshlab, partiyadoshlari ko'ngliga yo'l izlamoqda. Da'vogar avvalo o'z mafkurasiga sherik odamlarning ovozini olishi kerak, shtatma-shtat. Mana shunday saralashda yutgan odam nomzodlikni qo'lga kiritadi.

O'zini birinchi navbatda nasroniy va konservator deb ataydigan Pens avvalo dindoshlarining quvvatlovini so'ramoqda. Abortga qarshi ekaniga urg'u bermoqda. Uning fikricha, liberalizm Amerika jamiyatini zaiflashtiradi.

Pens Trampga qaraganda bosiqligi bilan ajralib turadi. Janjalkashlik va ziddiyat uning shaxsiyatiga xos jihatlar emasligini aytib keladi.

Populizmga ham illat deb qaraydigan Pens an'anaviy siyosat va bahs-munozara tarafdori ekanini qayd etadi.

Pens deydiki, uning uchun 1980-yillarda partiyadoshi Ronald Reygan tutgan yo'l namunadir.

Xalqaro masalalarga kelganda, Pens AQSh global yetakchilikni qo'ldan boy bermasligi kerak deb hisoblaydi. Uning fikricha, Vashington Ukrainaga ko'proq madad ko'rsatishi shart va Vladimir Putinning aggressiyasiga aslo toqat qilmaslik kerak.

Pensdan tashqari hozirgacha respublikachilardan prezidentlikka da'vogarlar: Tramp, Desantis, Nikki Heyli, Tim Skott, Vivek Ramaswamy, Asa Hatchinson, Kris Kristi va Dag Burgum.