Qochqin va boshpana so’rovchi kim?

  • Amerika Ovozi

AQSh-Meksika chegarasiga yetib kelgan migrantlar, Meksika, 10-may, 2023.

20-iyun – Qochqinlar kuni. Bu sanada global miqysoda o’z vatanlaridan bosh olib chiqib ketishga majbur bo’lgan insonlar yodga olinadi, hamdardlik bildiriladi, ularni shunday qarorga keltirgan omillar qoralanadi.

O’z xavfsizligi uchun vatanini tark etganlar qochqinlar yoki boshpana izlovchilar deyiladi.

Bu ikki maqom AQShda bir-biridan farq qiladi. Garchi ular o’zaro almashtirilib qo’llanilsa-da, AQSh immigratsiya qonunlarida ikki alohida maqom sifatida ko’riladi.

Your browser doesn’t support HTML5

BMT: Dunyo bo'ylab qochqinlar soni 117 milliondan oshadi

Qochqin kim?

Qochqinlarni qabul qilish bo’yicha dasturda AQSh hududiga kirish ilinjidagi, maxsus gumanitar muammoga ega shaxslar va guruhlar uchun prioritetlar belgilangan.

BMT ning Qochqinlar bo’yicha oliy komissari, AQSh elchixonalari yoki muayyan nodavlat tashkilotlar tavsiya etgan shaxslar ishi “P-1” deb belgilanadigan yuqori darajali ahamiyatga ega bo’ladi. Maxsus gumanitar muammolarga ega shaxslar ishiga “P-2” darajasi beriladi. Keyinchalik oila a’zolarini ham AQShga olib kelish ishi “P-3” darajasida ko’riladi.

Shaxslar hujjati AQShga joylashishga ko’mak beruvchi markazlar tomonidan saralanadi. Keyin AQSh Immigratsiya xizmati xodimi suhbatidan o’tish talab etiladi. Qator xavfsizlik tekshiruvlari va tibbiy ko’riklar shaxsning AQShga ko’chish talablariga javob berish-bermasligini aniqlab beradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Eng ko'p qochqin qayerdan?

Yuqoridagi bosqichlarning barchasi bo’yicha ma’qullangan shaxslar AQShda joylashishni moliyalovchi agentlik ro’yxatidan o’tadi. Turarjoy va ishga joylashish bo’yicha ko’mak oladi.

Qochqinlarga mehnat qilish hamda AQShdan xorijiy mamlakatlarga sayohat qilish huquqi beriladi. Bir yil o’tib, qochqinlar grin-karta nomi bilan tanish doimiy rezidentlik maqomini olish uchun murojaat qilishi mumkin. Kamida besh yil doimiy rezident maqomida bo’lgan shaxs AQSh fuqaroligini olish uchun ariza berish huquqiga ega bo’ladi.

BMT hisobotida qayd etilishicha, ayni damda dunyo bo’ylab qochqinlar soni 110 millionga yetgan. Bu bir yil avvalgi ko’rsatkichdan 19 million kishiga ko’p. Ya’ni, dunyo bo’ylab har 74 kishining biri o’z turarjoyini tark etib ketishga majburlangan.

Boshpanaga murojaat qilgan shaxs kim?

AQSh federal qonunlariga ko’ra, o’z vatanida ta'qib qilinayotgan shaxslar boshpana so’rab murojaat qilishga haqli. Bunday shaxs AQSh hududida bo’lishi va quyidagi besh sabab tufayli ta'qib va qo’rquv ostida ekanini isbotlashi lozim: irq, din, millat, siyosiy qarash va muayyan ijtimoiy sinfga tegishlilik.

Boshpana taqdim etilishi uchun murojaat qiluvchi shaxs BMT ning 1951-yilda qabul qilingan Qochqinlar konvensiyasida ko’rsatilgan uch talabga javob berishi lozim.

Quyidagilar isbotlanishi kerak:

  • Vatanida ta'qiblar tufayli asosli qo’rquv ichida ekani: BMT ga ko’ra, asosli qorquv kamida 10 foiz ta'qib ehtimoli bilan belgilanadi;
  • Yuqorida sanab o’tilgan besh sabab tufayli ta'qib ostida ekani;
  • Hukumat shu ta'qib ishtirokchisi ekani yoki ta'qibni nazorat qila olmayotgani.

AQSh-Meksika chegarasidagi migrantlar qochqinmi yoki boshpanaga so’rovchi?

Ular boshpana so’rovchilar. Immigratsiya bo’yicha yuristlarning izohlashicha, migrantlarga chegara punktiga qonuniy asosda kirishga hamda immigratsiya xizmatiga AQShdan boshpana so’rab murojaat qilishga ruxsat beriladi. Ayni damda AQSh hukumati migrantlar oqimini nazorat qilish maqsadida “CBP One” mobil ilovasi orqali barcha hujjatlarni taqdim etib, qabul kunini oldindan belgilab olishni talab qilmoqda.