Uyg'urlar dardi: Xitoy qamog'ida chaqalog'ini boy bergan ona hikoyasi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Mehrigul Tursun 2015-yil Xitoyning Shinjon viloyatiga ota-onasini ko’rish uchun tashrif buyurganda, rasmiylar yosh onani bir oylik uch egizagidan ayirib, hibsga olgan edi. "Amerika Ovozi" muxbiri bilan suhbatda u Shinjondagi mashhur qamoqxonalardan birida o’tkazgan og'ir damlarini va u yerda farzandlaridan birini qanday boy berganini so’zlab berdi.

Mehrigul Tursun o'z farzandlaridan og'riqli sirni - ukalari Mohanned haqidagi haqiqatni haligacha yashirib keladi.

"Ba'zan "Ona, suratda uchtamiz. Bittamiz qayerda?”- deb so’rashadi. Ular katta bo'lganlarida, men ularga:" Sizning bir ukangiz bor. U Xitoy hukumati tomonidan o'ldirilgan, deb aytaman”, - deydi ona.

“Menga nima bo'ldi?” deb nomlangan kitobida Mehrigul boshidan o’tkazganlarini so’zlab bergan.

Asli Xitoyning shimoli-g‘arbiy Shinjon viloyatidan bo‘lgan Mehrigul magistraturada o’qish uchun Misrga boradi. U yerda misrlik yigit bilan tanishib, turmush quradi va uch egizakni dunyoga keltiradi.

2015-yilda ota-onasiga ikki oylik nevaralarini ko’rsatish uchun Xitoyga borganida Mehrigulning hayoti tubdan o'zgarib ketdi.

Aeroportda politsiya uni chaqaloqlaridan ajratib, qo’liga kishan soladi.

"Og'zimni lenta bilan yopishdi, keyin boshimga qora qop kiydirib, aeroportdan Urumchi qamoqxonasiga olib ketishdi”, - deydi u.

Fergus Shiel shunga o'xshash voqealarni ko’p eshitgan. U xorijga sizdirilgan Xitoy hujjatlari asosida ommaviy lagerlarga oid dalillarni yig’gan va tahlil qilgan xalqaro jurnalistika loyihasini boshqargan.

Buni ham ko'ring Shinjonlik jurnalist: uyg'urlar xorijda ham qo'rquv bilan yashaydi

"O'zingizni hibsxonaga olib kirishning eng tezkor usullaridan biri bu pasportga ega bo'lish yoki chet eldan qaytishdir", - deydi u.

Bir qancha davlatlar, jumladan AQSh Xitoyning uyg'urlarga nisbatan tazyiq siyosatini genotsid deb atagan. Xitoy buni rad etib, ekstremistlar bilan kurashayotganini aytadi.

“1990-yildan 2016-yilgacha zo‘ravon terrorchilar bilan bog‘liq minglab hodisalar yuz berdi, ko’plab begunohlar yaralandi va katta yo‘qotishlar sodir bo‘ldi. Bularni bir yoqli qilish va Shinjonni qo’llab-quvvatlash uchun Xitoy hukumati to'g'ri va kuchli siyosatni yo’lga qo’ydi”, - deydi Xitoyning AQShdagi sobiq elchisi Suy Tiankay.

Xitoy hibsxonalar aslida kasb-hunar markazlari ekanini da'vo qiladi.

Mehrigul bu fikrga qo’shilmaydi. Politsiya uni uch oy hibsda saqladi va bolalari - Moez, Elina va Mohanned kasal bo'lganini aytib, qisqa muddatga ozod qilishdi. Eng dahshatlisi hali oldinda edi.

"O'g'ling Mohanned bugun ertalab o’lib qoldi, jasadini muzlatgichga qo'ydik, deyishdi. Qanday qilib mening bolam o'ladi; qanday qilib uni muzqaymoqdek muzlatgichga solib qo'yishadi”, - deya hasrat qiladi ona.

Mehrigulning aytishicha, politsiya uni uch marta hibsga olgan va elektr toki bilan qiynoqqa solgan.

Misr elchixonasi va turmush oʻrtogʻi yordami bilan Mehrigul oradan uch yil oʻtib, nihoyat qamoqdan ozod qilinadi. U ikki farzandi bilan avval Misrga, keyin esa AQShga ko’chib o’tdi. Bu yerda boshidan kechirgan sinovlari haqida gapirishni boshladi.

Xitoy hukumati uning gaplarini rad etib, o’g’li o’lmaganini da’vo qildi. Go’yoki isbot sifatida Mohannedga oidligi aytilgan suratni televideniye orqali bir necha bor efirga uzatdi.

Buni ham ko'ring Arab ligasining Shinjonga tashrifi Pekin uchun propaganda

Ammo diqqat bilan tinglasangiz, Mehrigulning onasi bu surat uning tirik qolgan nevarasi Moezniki ekanini aytmoqda.

Hukumat bosimi ostida ota-onam meni inkor qilishga majbur bo’lmoqda, deydi Mehrigul.

"Yetti yildan beri ular bilan aloqamiz yo’q", - deydi u.

Mehrigul qamoqdalik payti, agar ozodlikka chiqsam, ortda qolgan mazlumlar uchun gapiraman, deb Xudoga va’da bergan edi. Bugun u shu va’dasining ustidan chiqishga urinmoqda.