Meksika orqali AQShga kirish: Bayden davrida nimalar o'zgardi?

  • Amerika Ovozi

AQSh-Meksika chegarasi

AQSh rahbari Jo Bayden sobiq prezident Donald Trampning pandemiya paytida joriy qilingan immigratsiyaga oid keskin siyosatini bekor qilib, uni insonparvar immigratsiya tizimi bilan almashtirishga va'da bergan edi.

Shu yil may oyigacha amal qilgan “Title 42” tartibi asosida chegara xodimlari muhojirlarni siyosiy boshpana so’rash imkoniyatisiz Meksikaga chiqarib yuborish vakolatiga ega bo’lgan. Baydenning yangi tartibi migrantlarga yana bir bor chegarada boshpana so'rashga imkon beradi, lekin buning uchun Meksikada turib maxsus mobil ro’yxatdan o’tish va qabul kunini kutish kerak. Bu qoidaga rioya qilmaganlar hibsga olinishi va tez fursatda deportatsiya qilinishi mumkin.

Rasmiylarning ta'kidlashicha, Baydenning immigratsiya siyosati tufayli so'nggi yillarda rekord darajaga yetgan noqonuniy chegarani kesib o'tish holatlari kamaygan.

“Reyter” axborot agentligi 50 dan ortiq muhojirlar, shuningdek, AQSh va Meksika rasmiylari bilan suhbatlar o'tkazib, Bayden davrida muhojirlar oqimiga oid quyidagi ma’lumotlarni aniqladi:

• Meksikaning AQSh bilan chegaradosh xavfli shaharlarda o'n minglab odamlar ilovadan joy olish uchun navbat kutmoqda va migrantlar saqlanadigan lagerlarda sanitariya sharoitlari yomonlashgan.

• AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari agentligiga ko’ra, boshpana so‘rovi bo‘yicha dastlabki tekshiruvdan o‘tgan odamlar soni keskin kamaygan. Bu ko‘rsatkich 2014-yildan 2019-yilgacha bo‘lgan davrda yolg’iz voyaga yetgan arizachilar uchun o‘rtacha 83 foizni tashkil etgan bo’lsa, hozir 46 foizgacha tushgan.

• AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati tomonidan hibsga olingan odamlar soni 35% ga oshgan.

• Sud hukmi bilan, taxminan, 50 000 kishi deportatsiya qilingan.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Meksika chegarasida musulmon muhojirlar uchun boshpana

Shuningdek, dastlabki ko‘rikdan o‘ta olmaganlar deportatsiya qilinishi va besh yilga AQShga kirishi taqiqlanishi mumkin.

Bayden ma'muriyatining yuqori martabali rasmiysi “Reyter” agentligiga siyosat ishlayotganini aytdi. Hukumat maʼlumotlariga koʻra, bir oy ichida noqonuniy ravishda chegarani kesib oʻtganlar soni 69 foizga kamaygan.

"Bizning maqsadimiz odamlarni qonuniy yo'llardan o'tishga undashdir”, - dedi ismi oshkor etilishini istamagan rasmiylardan biri.

AQSh 30-iyun kuni ilova orqali kundalik o’tkaziladigan uchrashuvlar sonini 1250 tadan 1450 taga oshirdi.

Meksikaning muhojirlarga xizmat ko'rsatish davlat agentligi rahbari Xuan Rodrigesning aytishicha, rasmiylar suv va sog'liqni saqlash xizmatlarini ko'rsatish uchun Matamoros lageriga har oy bir necha marta tashrif buyurishadi.

Meksika federal hukumati lager sharoittlari yoki qoidalari bo'yicha izoh so’rab qilingan murojaatga javob bermadi.

Buni ham ko'ring Qochqin va boshpana so’rovchi kim?

Rodrigesning so'zlariga ko'ra, iyun oyining o'rtalariga kelib, Matamoros lagerida yashayotganlar soni 5000 dan oshdi. Bundan tashqari, yana minglab odam lager atrofida, turli boshpanalarda kun o’tkazmoqda.

AQSh hukumati ma'lumotlariga ko'ra, Meksika shimolida jami 104 mingga yaqin muhojir to'plangan.

AQSh rasmiylarining ma’lum qilishicha, iyun oyida 63 000 muhojirning arizasini tezlashtirilgan ko’rib chiqish maqsad qilingan. Bu 2019-yil iyulidagi eng baland ko'rsatkichdan besh baravar ko'p.

Boshpana berish bo‘limi boshlig‘i Jon Laffertiga ko’ra, ma’muriyat muhojirlar ishini bir yoki ikki hafta ichida ko’rib chiqib, qo’yib yuborish yoki deportatsiya qilish haqida qaror chiqaradi. Advokat yollash uchun belgilangan muddat 48 soatdan 24 soatga tushirilgan.