Qur'on tahqirlangan Pokistonda bugungi vaziyat

  • Amerika Ovozi

Pokistonda musulmonlar vayron qilgan xristianlar mahallasi. Panjob viloyati, 17-avgust, 2023.

16-avgust hujumlaridan so’ng Pokistonning Panjob viloyatidagi xristianlar musulmonlar vayron qilgan uylariga qaytmoqda.

Ikki din vakillari o’rtasidagi nifoq ikki xristian Qur’on varoqlarini yirtib, qolgan varoqlariga haqorat so’zlarini yozgani ortidan kelib chiqqan. Musulmonlar cherkov va uylarga hujum qilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-avgust, 2023-yil

“Masjidlar hujumni e’lon qilganda politsiya qochishimizga 15 daqiqa berdi”, - deydi panjoblik xristian Sajid Masih.

Politsiya hujumda qatnashgan 170 nafardan ziyod musulmonni ham, Qur’onni tahqirlagan ikki xristianni ham qo’lga olgan. Jabr ko’rganlar xavotirda.

“Qizimizni uzatmoqchi edik. Uyimizdan qimmatbaho taqinchoqlar, yig’ilgan pullar, texnika va anjomlar o’g’irlab ketildi”, - deydi Mona Emmanuel.

Qur’onning tahqirlanishiga bir chekovga o’t qo’yish, to’rt cherkovni talon-taroj qilish bilan javob berilgan.

“Rekonstruksiya ishlari bitmaguncha ibodat qiladigan joyimiz yo’q”, - deydi ruhoniy Babu Rafaqat Gil.

Hukumat rasmiylari uyma-uy yurib, yetkazilgan zararni baholamoqda.

“Xonadonlarga qiymati 5 ming dollargacha bo’lgan zarar yetkazilgan”, - deydi mahalliy komissar o'rinbosari G'ulom Murtazo.

Xristianlar endi xotirjam yashay olmasligidan xavotirda. Bisotimizda neki qolgan bo’lsa, shuni qo’riqlab o’tiribmiz, deydi.

Rasmiylar bir necha kun ichida rekonstruksiyani tugatishni va’da qilgan. Biroq talafot ko’lamidan ish uzoqqa cho’ziladigan ko’rinadi.

Boshqa shaharlardan cherkov liderlari kelib hamdarlik bildirmoqda.

“Pokiston hukumatidan ta’ziya va hujumni qoralovchi bayonotlar bilan cheklanmaslikni so’rayman. Aybdorlarga chora ko’rilmas ekan, tartibsizlik davom etaveradi”, - deydi ruhoniy Yusuf Bhatti.

Pokistonda xristianlarga avval ham hujumlar bo’lgan, biroq ko’pchilik sudga tortilmagan.

Hujumni to’xtatishga uringan musulmon liderlar afsusda ekanini aytadi.

“Zulm qilganlar Islom haqida xato tasavvur uyg’otdi”, - deydi imom Muhammad Imron Qadriy.

“Uyimiz tiklanadi, biroq totuvlik tiklanishi qiyin”, - deydi Emmanuel.

Politsiya shaharni qo’riqlamoqda, ayrim hududlar zirhli simlar bilan o’ralgan. Shunga qaramay, hujum takrorlanishi ehtimolidan cho’chib yashayotganlar talay.

“Boshimizdan o’tganini unutolmayapmiz”, - deydi Masih.