Dunyoda keksalar ko’paymoqda. Ularning umri ham, mehnat faoliyati ham uzayib boryapti. Siyosatchilar orasida ham nafaqa yoshidan ancha o'tib, o'z ishini davom ettirayotganlar ko’p.
Kamerunning 90 yoshli Prezidenti Pol Biya dunyoning eng keksa davlat rahbari.
O’tgan yili AQSh-Afrika yetakchilari sammitida u nutq qilishni esidan chiqarib qo’yib, ko’pchilikning yodida qolgan edi.
Biya 40 yildan beri prezidentlik qiladi. Dastlab, parlament uning vakolat muddatini uzaytirdi; keyin esa muddat cheklovlarini butunlay bekor qildi.
"Amerika Ovozi" kamerunliklar bilan gaplashdi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ularning yuzlarini ko’rsatmaymiz.
"Menimcha, bunday keksa odam yoshlar qiynalayotgan muammolardan bexabar bo’lsa kerak", - deydi kamerunlik ayol.
“30 yoshdamisiz yoki 50 dami, har kim muddatini tugatib, ketishi kerak. Lekin siz xuddi podshoh kabi hokimiyatni egallab olsangiz, bu yaxshi emas”, - deydi yana bir fuqaro.
86 yoshli Rim papasi Fransisk davlatni boshqarmaydi, lekin dunyo katoliklarining yetakchisi.
Buni ham ko'ring Bayden qayta saylanish uchun kampaniya boshladiYosh shunchalar muhimmi?
“Menimcha, muhim. Unga istisno qilish mumkin, chunki u diniy rahbar. Lekin siyosiy arboblar haqida bunday demagan bo’lardim”, - deydi kosta-rikalik ayol.
“Yillar davomida tajriba yig’iladi va bu orqali boshqalarga xizmat qilish mumkin”, - deydi Ekvador fuqarosi.
"Nafaqat hukmdorga, balki unga maslahat beradigan odamlarning yoshiga ham cheklov qo’yish kerak", - deydi kolumbiyalik Melisa.
Eron Oliy rahnamosi, 84 yoshli Ali Xomaneiy Yaqin Sharqda 1989-yildan beri eng uzoq vaqt xizmat qilgan yetakchi hisoblanadi. Amerikadagi eronliklar u haqda qanday fikrda?
“Islomiy respublika rejimida muammo yetakchining yoshida emas, balki tizimning o’zi muammo”, - deydi asli eronlik Shirin.
"21-asr dunyosi - bu yoshlarniki va ular bugungi kun bilimlari bilan muhim ishlarni amalga oshirishi kerak", - deydi yana bir eronlik.
Buni ham ko'ring Prezidentning yoshi saylovchi uchun qanchalik muhim?2024-yilda Qo'shma Shtatlar o'zining eng keksa prezidentini saylashi mumkin. Saylov kuni Prezident Jo Bayden 81 yoshda, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp esa 78 yoshda bo'ladi.
Ikkalasida ham keksalik alomatlari bor. Bayden prezident samolyotiga chiqish uchun qisqaroq zinalardan foydalanmoqda. Shuningdek, adashib ketmaslik uchun, tez-tez yozma qaydlariga murojaat qiladi.
Amerika yoshlari fikricha, keksalikning sog’liq bilan bog’liq xatarlari mavjud.
"Qarisangiz, sog'liq uchun ko'p xavf oshadi. Dunyo yetakchisining kutilmaganda yurak xuruji kabi muammoga yo’liqishini xohlamagan bo’lardingiz”, - deydi yosh saylovchi.
"Bu odamning qanchalik ochiq fikrli ekaniga bog'liq", - deydi yana bir amerikalik.
“Oxford University Press” tomonidan chop etilgan tadqiqotga ko’ra, keksa rahbarlar qarilikka oid salbiy stereotiplarni kuchaytirishi mumkin, ammo ular aqlan va jismonan lavozimga munosib ekanliklarini ko'rsatib, odamlarni hayratda qoldirishi ham mumkin.