80 yoshli Jo Bayden, AQShning 46-prezidenti, bugun Oq uydan turib, 2024-yilgi saylovda nomzodini qo'yishini e'lon qildi.
"Ikki yil oldin boshlagan ishlarimni yakunlashim uchun imkoniyat so'rayman",- dedi u xalqqa murojaatida.
Bayden rahbarlikni 2021-yilda boshlagan. U Demokratik partiya nomzodi bo'ladi. Muxolifatdan, respublikachilardan kim uning raqibi bo'ladi, hozircha noma'lum, chunki saralash jarayoni kelasi yil boshida avj oladi.
2020-yilgi saylovlarda Baydenga yutqazgan Donald Tramp mag'lubiyatni hamon tan olmagan. Respublikachi siyosatchi Oq uy uchun kurashni allaqachon e'lon qilgan va unga qarshi jinoiy tergov va ayblovlarga qaramasdan, kampaniyani davom ettirmoqda.
Tramp, jumladan, 2021-yilning 6-yanvarida Kongressga qonli bosqin ortida turganlikda ham tanqid qilinadi, chunki kirganlar uning tarafdorlari bo'lgan. Saylov natijasini qoralashga undab kelgan Tramp odamlarni qo'zg'olonga ham chaqirib kelayotgan edi.
Bayden 25-aprel kuni chiqargan siyosiy reklamada o'sha mash'um kunning tasvirlari ham ishlatilgan.
“Har bir avlod o'z davrida demokratiyani himoya qilishga majbur", - deydi Bayden.
"Biz o'z erkinliklarimiz uchun ter to'kishimiz zarur. Ovoz berish huquqimiz, fuqaro sifatidagi erkinliklarimiz uchun kurashishimiz zarur", - deydi prezident.
Demokratlar nazarida respublikachilar, xususan Tramp, demokratik qadriyatlarni oyoqosti qilmoqda, ularni turli shtatlarda cheklashga urinmoqda.
Respublikachilar sabab, deydi Bayden, hozirda Amerikada homilani oldirib tashlash huquqi toptalmoqda, shuningdek, ijtimoiy himoya ozayib, ovoz berish uchun talablar oshirilgan. Buning natijasida, deydi prezident, millionlab amerikaliklar tizimdan uzoqlashmoqda, ularning hukumatga ishonchi so'nmoqda.
Muxolifat bu iddaolarni inkor etib, demokratlarni AQShni qashshoqlashtirayotganlikda, soliqni oshirib, bizneslarni ezayotganlikda, liberalizm bahonasi bilan jamiyatni zaiflashtirayotganlikda ayblaydi.
Bayden - AQSh tarixidagi eng keksa prezident. Ikkinchi bor saylansa, inauguratsiya paytida 82 yoshda bo'ladi.
Uning fikricha, yoshi katta ekani muhim omil emas, chunki u jismonan va ruhan tetik.
Facebook Forum