Breaking News

Bayden qurol nazoratini kuchaytirishni buyurdi


Kolorado shtatidagi qurol do'konlarida
Kolorado shtatidagi qurol do'konlarida

14-mart kuni Prezident Jo Bayden farmon chiqarib, federal agentliklarga o'tgan yili qabul qilingan qonunga qo'shimcha ravishda qurol nazoratini kuchaytirish uchun yangi choralar ko'rishni buyurdi.

Farmonga ko'ra, qurol sotib olishni istaganlar keskinroq tekshiriladi va qurolga egalik qiluvchilarga qattiqroq shartlar qo'yiladi.

Aholini xavfsizroq qilishni ko'zlovchi hujjatga binoan 21 yoshga kirmaganlar qurolga egalik qilishi yanayam qiyinlashadi va qurollarni shtatma-shtat olib yurishga qarshi kurash kengayadi.

Qonunni buzib, muayyan ro'yxatlarga tushganlar qo'liga qurol aslo tushmaslik kerak, deyiladi farmonda. Qonunbuzarligi uchun jazolanib, hozirda ozodlikda yurganlar bilan ishlaydigan yangi dasturlar yo'lga qo'yiladi, jumladan ularning ruhiy salomatligi bilan shug'ullanuvchi programmalar.

Bayden bu farmonini Kaliforniya shtatidagi Monterey Park shahrida tushuntirdi. Shu yilning 21-yanvar kuni bu yerda qurollangan shaxs 11 kishini o'ldirgan, to'qqiz kishini yaralagan edi.

“Osiyolik amerikaliklar yashaydigan bu maskandagi fojia butun xalqimizni dahshatga soldi", - deydi prezident.

“Farmonim Adliya vazirligiga imkon qadar ko'proq imkoniyat yaratadi. Qurol xohlagan odam bu mamlakatda misli ko'rilmagan darajada tekshiruvdan o'tadi".

Shunday cheklovlar uchun kurashib keladigan Mark Kollins fikricha, yangi choralar o'ta muhim ahamiyat kasb etadi.

“Farmon qurol sotuvchilarini tergaydi. Bu sohada ishlaydigan har qanday tarbirkor uchun nazoratni chetlab o'tishini qiyinlashtiradi", - dydi Kollins.

Bayden deydiki, qonunchilar yanayam qattiqroq kontrolga yo'l bermayapti. Qurol ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarni sudga berish murakkab, deydi prezident, Amerikaga ularning javobgarligini oshiruvchi qonunlar kerak.

Vakillar palatasida respublikachilar hukmron ekan, Baydenning takliflari o'tmasligi aniq.

Qurolga egalik huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar Oq uyni konsitutsion huquqlarga tahdid solayotganlikda ayblamoqda. Ularga ko'ra, muammo AQSh huquq tartibot va adliya tizimida, "jinoyatga munosib jazo bermaslikni demokratlar targ'ib qiladi".

Qurolga nisbatan siyosat yangilanaveradi, deydi Mett Lakomb, bu masala bo'yicha tahlilchi.

“Demokratlar baribir bu masalada yutqazadi, chunki yetarlicha ovoz yig'olmaydi degan qarash keng edi. Lekin hozirga kelib, omma fikri ular tomonga og'ib, qurolga egalik qilish borasida qarashlar o'zgargan", - deydi Lakomb.

2024-yilda prezident saylovida ham bu masala eng dolzarblaridan biri bo'lishi kutilmoqda.

Amerikada fuqaro qo'lidagi qurollar aholi sonidan ham ko'p - 390 million. Yiliga o'rtacha 43 ming kishi qurol bilan bog'liq jinoyatlarda halok bo'ladi, kuniga o'rtacha 116 odam.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG