Yangi hisobotda aytilishicha, Shinjonda genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilganiga oid dalillar mavjud bo’lishiga qaramay, yirik xalqaro sayyohlik kompaniyalari Xitoyning shimoli-g'arbiy mintaqasiga sayohatlarni taklif qilishda davom etmoqda.
Vashingtonda joylashgan Uygʻur Inson huquqlari loyihasi (UHRP) eʼlon qilgan hisobotga koʻra, bu sayohatlar Pekinning uygʻur madaniyatini yoʻq qilishga va mintaqada hammasi yaxshi degan tashviqotga hissa qo’shishi bilan xavfli.
Hisobotda Xitoy Shinjon deb ataladigan mintaqaga turlar taklif qilayotgan kamida yettita sayyohlik kompaniyasi aniqlangan.
AQShda joylashgan “Abercrombie & Kent”, Buyuk Britaniyada joylashgan “Bamboo Travel” va Kanadadagi “Laurus Travel” kabi kompaniyalar Qashqar va mintaqaning poytaxti Urumchi kabi tarixiy shaharlarga sayohatlarni taklif qilishda davom etmoqda.
Buni ham ko'ring Faollar: Turkiyaga aloqador uyg'urlar hibsga olinmoqdaHisobot muallifi Genrik Szadzievski barcha sayyohlik kompaniyalarini mintaqaga sayohat qilishni darhol to'xtatishga chaqirdi.
“Uygʻur viloyatiga uyushtirilgan sayohatlar bilan siz haqiqatan ham genotsidga sherik boʻlish xavfini tugʻdirasiz”, - dedi Szadzievski “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
"Insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsid davom etayotgan mintaqaga sayohatlar uyushtirish orqali foyda topishni ko’zlash dahshatli", - deya qo’shimcha qildi u.
UHRP ma'lumotlariga ko'ra, hisobot e'lon qilinganidan beri ikkita kompaniya - Kanadada joylashgan “Goway Travel” va Avstraliyada joylashgan “Intrepid Travel” Shinjonga turlar taklif qilishni to’xtatganini aytgan.
Qo'shma Shtatlar va boshqa bir qancha davlatlar Pekinni Shinjondagi uyg'urlar va boshqa musulmon etnik guruhlarga qarshi keng ko'lamli inson huquqlarini poymol qilishda, jumladan, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha byurosi 2022-yil chiqargan hisobotda mintaqadagi huquqbuzarliklar insoniyatga qarshi jinoyat sifatida malakalanishi mumkinligini aniqlagan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Sayyohlik kompaniyalari nima deydi?
Hisobotda tilga olingan sayyohlik kompaniyalaridan Buyuk Britaniyada joylashgan “Wild Frontiers” kompaniyasi “Amerika Ovozi”ga yo’llagan bayonotida “Biror manzilga sayohat qilish o’sha yerdagi hukumat siyosatini ma’qullash deb hisoblanishiga ishonmaymiz”, dedi.
“Wild Frontiers”, shuningdek, 2019-yildan beri Shinjonga turlar o‘tkazilmaganini va kelajakdagi ehtimoliy tashriflar “iloji boricha ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishini” ta’minlash uchun tekshiruvlar o’tkazilishini qo‘shimcha qildi.
“Bamboo Travel” direktori Tim Milnerning aytishicha, bu hisobot Shinjonga barcha sayohatlarni to’xtatishni targ’ib qilsa-da, bu kompaniya yondashuviga mos emas.
"Bamboo Travel” ayi paytda Xitoy hukumatining uyg'ur xalqiga zulm o’tkazishini qo'llab-quvvatlamaydi", dedi Milner va oxirgi besh yil davomida Shinjonga turlar o'tkazmaganini qo'shimcha qildi.
“Laurus Travel”, “Goway Travel” va “Amercrombie & Kent “Amerika Ovozi”ning izoh so’rab qilgan murojaatlariga javob bermadi.
Si Zinpinning Shinjon siyosati
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali yuborgan bayonotida Shinjondagi genotsid va boshqa inson huquqlari buzilishi haqidagi ayblovlarni keskin rad etdi.
“Shinjonga eshik doimo ochiq. Biz barcha mamlakatlardan hech qanday tarafkashliksiz odamlarning Shinjonga tashrif buyurishlarini kutib qolamiz”, — deya qoʻshimcha qildi matbuot kotibi Liu Pengyu.
Buni ham ko'ring Shinjonlik jurnalist: uyg'urlar xorijda ham qo'rquv bilan yashaydiUHRP hisoboti e’lon qilinishidan bir necha kun oldin Shinjonga kutilmagan tashrifi chog‘ida qilgan chiqishida Xitoy raisi Si Zinpin ijtimoiy barqarorlikni saqlash eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini va qonun ustuvorligini oshirish orqali bunga erishish mumkinligini aytdi. Bu haqda Sinxua davlat axborot agentligi xabar berdi.
Xabarlarga ko'ra, Si, shuningdek, rasmiylarni "islomni xitoylashtirishni yanada chuqurroq targ'ib qilishga va noqonuniy diniy faoliyatni samarali nazorat qilishga" chaqirgan. Uyg‘urlarning aksariyati musulmonlardir.
Pekin muntazam ravishda mintaqada terrorizmga qarshi kurash olib borayotganini aytadi.
Shuningdek, Si Zinpin mahalliy va xorijlik sayyohlarni Shinjonga tashrif buyurishga undab, bu yerda ular uchun mintaqa eshiklari kengroq ochilishini ta’kidladi.
Uyg'urlarning Shinjondagi haqiqati
Uyg'urlar harakatining politsiya tomonidan nazorat qilinishi Xitoy hukumati siyosatining asosiy tarkibiy qismiga aylangan.
UHRPda ishlayotgan, surgundagi uyg‘ur Zubayra Shamsiddin uyg'urlarning Shinjondagi harakati qattiq nazorat ostida ekanini aytib, sayyohlik kompaniyalarining mintaqaga turlar taklif qilishda davom etayotganini kinoya bilan tilga oldi.
Sinxua xabariga ko’ra, Si Zinpin mintaqaag tashrifi davomida "madaniy yodgorliklar va merosni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni kuchaytirish muhimligi" haqida ham gapirgan.
Uyg’ur faollarining aytishicha, hukumat uyg'ur madaniyatining katta qismini noqonuniy deb topib, xavf tug'dirmaydigan kichik qismini turistik joylarga aylantirishga ruxsat bergan.
Buni ham ko'ring Arab ligasining Shinjonga tashrifi Pekin uchun propaganda"Xitoy davlati uyg'ur o'ziga xosligini oshkora ifodalaydigan narsalardan qolganini tovarlashtirib, ekspluatatsiya qilyapti", - deb yozadi Szadzievski hisobotda.
“Bu turlar Pekinning uyg‘urlar qo‘shiq aytish va raqsga tushishni yaxshi ko‘radigan “ekzotik” xalq sifatidagi stereotipik taqdimotini kuchaytiradi. Bu turlar orqali siz Xitoy hukumati sizga uyg'urlik surati sifatida taqdim etgan narsani haqiqatda qo'llab-quvvatlayapsiz", - deya qo'shimcha qildi Szadzievski.
Kompaniyalar, shuningdek, uyg'urlarning uylariga tashrif buyurish imkoniyatlarini reklama qilgan. Szadzievskiga ko’ra, bu uyg’urlar shaxsiy hayotining buzilishi va hukumat kuzatuv dasturlarining davomi. Uyg'urlarning turizmdan moliyaviy foyda olishiga hech qanday dalil yo'q, deya qo'shimcha qiladi u.
Bu turdagi sayohatlar Pekinning Shinjonda hammasi joyida, degan tashviqot cho’pchagini ham mustahkamlaydi, dedi Shamsiddin.
"Si Zinpin genotsidni normallashtirishga harakat qilmoqda. Ular repressiyani normallashtirmoqda", - deydi u.
Shamsiddinning qo’shimcha qilishicha, u va boshqa uyg'urlar o'z vatanlariga qaytib, hatto u yerdagi oilasi va do'stlari bilan gaplasha olmayotgan bir paytda, sayyohlik kompaniyalarining mintaqaga tashriflar uyushtirayotganini ko'rish, ayniqsa, og'riqli.
"Ular inson huquqlarini pulga almashtirmoqda. Uyg'urlar ular uchun o'yinchoq - ko'rgazmaga aylandi", - deydi u.