Xitoy Shinjonda turizmni rivojlantirishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Qashg’ar bozorlarida bugun ko’plab xitoylik sayohatchilarni ko’rish mumkin. Shahar chekkalarida Xitoy hukumati kasb-hunar markazlari deb ta’riflaydigan, ammo G’arb tadqiqotchilari musulmonlar uchun mehnat lagerlari deb ataydigan joylar hamon ko’p, ammo Pekin Shinjonni turizm o’chog’iga aylantirish uchun sarmoya kiritmoqda.

“AFP” axborot agentligi jurnalistlari yaqinda Qashg’arga tashrifi chog’ida shahar ko’chalari va bozorlarida minglab sayyohlarni ko’rishgan.

“Shaharning qadimiy qismi uzoq tarixga, boy madaniyat va betakror arxitekturaga ega. Ko’pchilik sayyohlarga shu qadar yoqadiki, ular qaytib kelib, bu yerda biznes boshlashadi, boshqa etnik ozchiliklar qatori katta bir oiladek yashashadi”, - deydi asosan xitoyliklardan iborat sayyohlar guruhini olib ketayotgan uyg’ur gid.

O’nlab do’konlar “sayohat suratlari” xizmatini taklif etadi. 1500 yuanga (207 dollar) professional fotograf sayyohlarni uyg’ur milliy liboslarida shahar bo’ylab suratga oladi.

Qayd etish joiz, bir necha yil oldin hukumat uyg’ur ayollarining ro’mol o’rashi va erkaklarning uzuq soqol o’stirishini taqiqlagan edi.

Qashg’arni kezar ekansiz, mahalliy urf-odatlar va turmush tarzi yo’qolib borayotganiga ishora qiluvchi alomatlar ko’zga tashlanadi. Shahar chetida joylashgan katta bozor o’tgan yili buzib tashlangan.

Hukumatning rivojlanish dasturi doirasida so’nggi o’n yillikda eski shaharning ham katta qismi buzilib, qayta qurilgan.

Turizmga sarmoya

Xitoy rasmiylari turizmni resurslarga boy, ammo yo’qsillik keng tarqalgan Shinjonni rivojlantirishning bir yo’li deb biladi. Koronavirus pandemiyasi davrida sayohatlar va iste’mol kamayishi ketidan, joriy yilda turizmga e’tibor oshgan.

O’tgan oy Prezident Si Zinpin rasmiylarni “ijobiy reklamani kuchaytirishga, Shinjondagi yangi ochiqlik va o’ziga ishonch muhitini” ko’rsatishga undagan edi.

Mintaqa turizm idorasi 2023-yilda shu maqsadda 700 million yuan (96,6 million dollar) sarflashni rejalamoqda, bu 2019-yilga qiyoslaganda ikki baravar ko’proq.

Shinjon bo’ylab hashamatli mehmonxonalar, parklar va temir yo’l qurilishi kutilmoqda. Mahalliy matbuotga ko’ra, “Hilton”, “Sheraton” va “InterContinental” kabi kompaniyalar bilan 1,7 milliard dollarlik shartnomalar imzolangan.

Turizm, shuningdek, Pekinga mintaqadagi siyosati yuzasidan xalqaro tanqidlarga javob berish imkoniyatini beradi.

Xorijdagi tadqiqotchilar, faollar va uyg’urlar Shinjonda mahalliy aholi huquqlari yillardan buyon toptalayotganini aytib keladi, xususan, majburiy mehnat, tug’ilish ustidan majburiy nazorat, siyosiy indoktrinatsiya va diniy cheklovlarmi tilga olishadi.

Xitoy BMT hisobotida tasvirlangan jiddiy huquqbuzarliklar, “insoniyatga qarshi jinoyatlar”, AQShning genotsid haqidagi ayblovlarini inkor etib keladi.

Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, Shinjonda “odamlar hayoti doimiy yaxshilanib bormoqda, madaniy makonlar gullab-yashnamoqda, din borasida ham uyg’unlik hukm surmoqda”.

Ilgari uyg’urlar qurolli politsiya tomonidan tintuv va tekshiruvlarga tutilgan shaharlarda xavfsizlik choralari susaytirilgani seziladi. “AFP” jurnalistlari Qashg’arda politsiya ozligini, ayrim ko’chalarda tashlandiq, ishlatilmayotgan skanerlar yotganini qayd etadi.

Yopiq masjidlar

Ammo turistik joylardan uzoqroqda, asosan uyg’urlar yashovchi Yengisar shahri qabristonida tiz cho’kish, sajda qilish, kaftlarni tepaga qaratib namoz o’qish kabi “diniy harakatlar” mumkin emasligi haqidagi belgi osilgan.

Qashg’ar atofidagi shahar va qishloqlarda o’nga yaqin masjidlar eshigiga qulf osilgan yoki vayron holatda. Ba’zilarida minoralar va boshqa islomiy belgilar olib tashlangan. Binolarda “vatanni sev, partiyani sev” degan shiorlarni ko’rasiz.

Qashg’ardagi Id Kah masjidiga juma namoziga 20-25 nafar asosan qariyalar kirayotgani ko’zga tashlanadi. Atrofda sayyohlar ancha ko’proq. O’n yil avval bu masjidga minglab namozxonlar kelardi.

“AFP” jurnalistlari tashrifi chog’ida atrofdagi yana uchta masjid yopilganini ko’rishgan. 2017-yilda boshlangan “repressiya to’lqini” ko’p narsani o’zgartirdi, deydi Britaniyadagi Manchester universiteti tarixchisi Rian Tum.

“Diniy obidalarni yo’q qilish bu joylar qiyofasini o’zgartirishga, uyg’ur madaniyatini geografiyadan uzishga qaratilgan siyosatning bir qismi”, - deydi u.

Qashg’ar atrofida faollar mehnat lagerlari deb ta’riflaydigan inshootlar hamon mavjud. Shahardan bir soat uzoqlikdagi majmuaga yaqinlashganda, “AFP” jurnalistlariga hamrohlik qilgan ayol “suratga olmang”, deya hayqirdi. “Bunga ruxsat yo’q”.