Markaziy Osiyo liderlari Dushanbedagi mintaqaviy sammit ortidan C5+1 yig’ilishida qatnashish uchun AQShga yo`l olishmoqda.
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev allaqachon AQShda. Aeroportda uni Nyu-York meri Erik Adams, AQSh-O’zbekiston savdo palatasi rahbari Kerolin Lem kutib olgan. Mirziyoyev C5+1 sammitida qatnashishdan tashqari BMT Bosh Assambleyasi yig´ilishida ham nutq so’zlaydi.
Markaziy Osiyo va AQShdan iborat C5+1 muloqot guruhi ilk bor sammit shaklida o'tadi.
AQSh tomoniga ko’ra, Prezident Jo Baydenning Markaziy Osiyo liderlari bilan uchrashuvida savdo aloqalari, mintaqaviy xavfsizlik, shuningdek, mintaqa davlatlarida olib borilayotgan islohotlar muhokama qilinadi.
AQShning mintaqa davlatlari bilan munosabatlari, Qirg’iziston va Qozog’iston sanksiyalarni chetlab o’tishda Rossiyaga yordamlashayotgani haqidagi e´tirozlar istisno qilinsa, bir qadar iliq davom etyapti.
Vashington Markaziy Osiyoning Rossiya bilan tarixiy aloqalari mavjudligini tushunishini, ammo mintaqa davlatlari Ukrainada urush olib borayotgan Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni chetlab o´tishga ko’maklashgan taqdirda, ular ikkilamchi sanksiyalarga yuz tutishi haqida ogohlantirgan.
Ammo AQSh hozircha mintaqaning biror davlatiga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo’llanishi haqida ochiq bayon qilmagan.
Markaziy Osiyo Ukraina urushiga nisbatan rasman betaraflik maqomida, ammo bu maqom Rossiya bilan hamkorlik keskin suratlarda o’sishiga to’siq emas.
Rossiya o’zi uchun taqiqlangan mahsulotlarni, ayniqsa harbiy sanoatda ishlatiluvchi texnologik ashyolarni mintaqa orqali sotib olayotgani, o’zaro aylanmasidagi shiddatli o’sish shuning hisobiga to’g’ri kelishi ta’kidlanadi.
Bir muddat avval AQSh senatori Robert Menendez Qirg’iziston prezidenti Sadir Japarovga murojaat bilan chiqqan, sanksiyalarni aylanishda Rossiyaga ko’maklashish oqibatlaridan ogohlantirgan edi.
Sadir Japarov bu murojaatga javoban ayblov o’rinsizligi, Rossiya Qirg’iziston ko’magiga muhtoj emasligi, Qirg´iziston Ukrainadagi urush bo’yicha betaraflik maqomida ekanligini ta’kidlagan edi.
Markaziy Osiyo va AQSh prezidentlari sammitida Ukraina urushi bilan bog’liq vaziyat, jumladan, sanksiyalar tartibini saqlash masalasi muhokama qilinishi to’g’risida biror ma’lumot yo’q.
Baydenning mintaqa davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvi haqida ma’lumot bergan AQSh prezidenti maslahatchisi Jeyk Sallivan sammitda Ukraina masalasi muhokama qilinishini bildirmagan, ammo bu uchrashuv uchinchi bir tomonga qarshi qaratilmaganini ta’kidlagan.
Markaziy Osiyo-AQSh sammiti prezidentlarning BMT Bosh Assambleyasi yig’inidagi chiqishlaridan keyin, 19-20 sentabr kunlari o´tishi kutilmoqda. Bu sammit Markaziy Osiyo va AQSh prezidenti alohida yig’ilayotgan dastlabki sammitdir.
C5+1 muloqot guruhiga 2015-yilda asos solinganiga qaramasdan, mavjud uchrashuvlar asosan tashqi ishlar vazirlari darajasida o’tkazib kelinayotgan edi.
Muloqot guruhining asosiy maqsadi AQSh va Markaziy Osiyo o’rtasida siyosiy- iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik bo´yicha hamkorlik, mintaqa davlatlariga demokratik islohotlarni amalga oshirishda ko’maklashish.
AQSh Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida o’zaro hamkorlik rivojlanishi, mintaqaviy integratsiya jarayonlari, Markaziy Osiyo yaxlitligi mintaqa barqarorligi, mustaqilligi uchun muhimligini ta’kidlaydi.
Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo elchilari AQSh bilan hamkorlikni qanday izohlaydi?Markaziy Osiyo liderlari Nyu-Yorkdagi sammit arafasida Tojikistonda mintaqaviy sammit o’tkazishdi. Bu uchrashuvda muhokama qilingan asosiy masala ham Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida hamkorlikni kuchaytirish bo`ldi.
Mintaqa liderlari, jumladan Prezident Mirziyoyev qator tashabbuslar bilan chiqdi, xususan Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy kengashini tuzish taklifi bilan.
Agar Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida hamkorlikni rivojlantirishga doir harakatlar anchadan buyon mavjudligi, ammo hozirgacha bu hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi mintaqaviy tuzilma, tashkilot yo’qligi inobatga olinsa, Mirziyoyevning tashabbusi muhim ko`rinadi.
Mustaqil mintaqaviy tashkilot qaror topmagani hozirgacha asosan Rossiyaning geosiyosiy bosimi bilan izohlab kelingan.
AQSh sammiti arafasida Markaziy Osiyo iqtisodiy kengashini tuzishga doir tashabbus yuzaga chiqayotgani mintaqada Rossiya qudrati bir qadar zaiflashib borayotganidan ham darakdek.