Ommaviy so'rovlarda aksariyat amerikaliklar Prezident Jo Baydenning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini yoqlaydi, ammo undan norozilarning ham ovozi baland, talablari keskin.
Musulmon dunyoda AQShga nisbatan g'azab osharkan, mamlakatning o'zida fuqarolar Baydenga prezidentlikka kelganidagi va'dalarini eslatmoqda.
"Men Amerikani biror mojaroga yetaklamayman, hozirgi urushlardan chiqamiz", - deya so'z bergan edi u, Oq uy uchun kurash paytida.
Buni ham ko'ring Bayden: Putin, XAMAS qo'shnilarini yo'q qilmoqchiHozirda esa AQSh dunyoning ikki qismida urushda muhim rol o'ynayotgan davlat. Prezident Bayden har ikkisi uchun Amerika Kongressidan, xalq vakillaridan mablag' so'ramoqda.
Ukrainadagi urushning oxiri ko'rinmayapti. Isroil esa XAMASni butunlay yo'q qilmaguncha G'azoni o'qqa tutaverishga bel bog'lagan. Bu orada, deydi tahlilchilar, Xitoy bilan ziddiyat keskinlashib, Tayvan yuzasidan janjal chiqish ehtimoli yuqori.
Musulmonlar nafaqat dunyo bo'ylab, balki Amerikaning o'zida ham Oq uyni qoralab, uni Isroilning sherigi sifatida qonxo'rlikda ayblamoqda.
“AQSh musulmonlari nazarida Bayden ikkyuzlamachi va noxolis", - deydi Robert Makko, Amerika-Islom aloqalari kengashi vakili.
Kengash siyosiy ta'siri jihatdan AQShdagi eng kuchli musumon tashkiloti sanaladi.
Ukraina va Isroil uchun so'ralayotgan qo'shimcha yordam haqida gap ketganda, Vakillar palatasi yangi spikeri Mayk Jonson bularni alohida ovozga qo'yishini bildirmoqda. Oq uy esa milliardlab dollarni bitta loyiha sifatida ovozga qo'yishni so'ramoqda.
Jonson Kiyevni boshida quvvatlagan, ammo bugun deydiki, Amerika Ukrainani uzoq muddat qurollantira olmaydi, iqtisodiy yordam davomiy bo'la olmaydi. Har qanday ko'mak aniq va qattiq shartlar asosida berilishi kerak, deydi u.
Jonsonga ko'ra, Isroilga nima kerak bo'lsa, berilishi lozim. Yangi spiker sifatida u yahudiy davlatini quvvatlovchi rezolyutsiya bilan chiqdi, ammo unga qarshi ovoz bergan qonunchilar fikricha, hujjatda Falastin kechayotgan azob tilga olinmaydi, qolaversa AQSh ancha yillardan beri targ'ib qilib kelayotgan ikki davlat tinchlikda yonma-yon yashashini ham qayd etilmagan.
“Rezolyutsiya loyihasida masala to'liq bayon etilmagan, Isroil va Falastin nega urushayotgani e'tirof etilmaydi', - deydi Rashida Tolib, Michidan shtatidan saylangan demokrat qonunchi.
Liberallar Prezident Baydenni G'azo ahli dardiga ko'z yummaslikka, falastinliklarga madad ko'rsatishga undamoqda.
Oq uyning javobi shuki, bu ishlar allaqachon qilinmoqda. Isroil Falastin xalqiga qarshi emas, terrorist XAMASga qarshi urush olib bormoqda. XAMAS Falastin xalqini aks ettirmaydi.
Yahudiy amerikaliklar orasida Baydenning reytingi ko'tarilgan.
Kelasi yilgi saylovda Oq uyda qolishini ta'minlashga bel bog'lagan Bayden bu urushlarga nisbatan siyosatida yuqori baho olishi uchun ungacha mojarolarda AQSh yoqlagan tomonlar ustunlikka erishishi kerak, deydi ekspert Larri Sabato.
“Agar biz bu urushlarga bevosita qo'shilsak, mojarolar uzoqqa cho'zilib, Baydenga uchun ulkan zarar bo'ladi", - deydi Sabato.
Bayden muvaffaqiyat da'vo qilishi uchun falastinliklar orasida o'layotganlar soni ozayishi, gumanitar yordam kirishi va mintaqa sal bo'lsa-da, barqarorlashishi zarur.
Prezident AQSh biror urushga qo'shin yubormaydi, deb kelmoqda, ammo oxirgi kunlarda Eron quvvatlaydigan kuchlar Yaqin Sharqda Amerika qo'shinlari xizmat qilayotgan bazalarga kamida 17 marta hujum qilgan.
Iqtisodiy vaziyat - Amerika saylovchisi uchun hamisha eng muhim omil. Narx-navo oshib bormoqda. Byudjetdagi kamomad 1,7 trillion dollar.