Millionlab saylovchilar nomidan gapiradigan AQSh musulmon demokratik kengashi Oq uyga, Prezident Jo Baydenga ultimatum qo'ygan: Isroil-XAMAS urushiga darhol nuqta qo'yilishi kerak. 31-oktabr Vashington vaqti bilan 17:00 gacha sulhga erishish shart.
"Sakkiz mingdan oshiq falastinlik qirildi. G'azoda insoniyat inqiroziga guvohmiz. Biz bunga aslo toqat qilmaymiz. Hukumat zudlik bilan sulhga undashi va bu ishni uddalashi lozim", - deyiladi Baydenga yo'llangan xatda.
Musulmon demokratlar AQSh Isroilni shartsiz quvvatlayotganidan norozi va Yaqin Sharqda to'kilayotgan qonda Amerikaning ham hissasi bor, deya Baydenni ayblamoqda.
"Sizga ovoz bergan saylovchining ishonchi pasaymoqda", - deyiladi xatda.
Buni ham ko'ring Xorijdagi urushlar Bayden uchun saylovoldi sinoviKengash nazarida Amerika prezident kuchli vakolatlarga ega va istasa, urushni hoziroq to'xtata oladi.
"Sulhga qarshi chiqqan, Isroilning falastinliklarni qirishiga yo'l bergan har qanday siyosatchi qayta saylanmasligi va ovoz ololmasligi uchun musulmonlar, arablar va boshqa hamfikr saylovchilarni birlashtiramiz", - deya ogohlantirmoqda kengash.
Musulmon saylovchilar birlashmasi Michigan, Ohayo, Ayova, Florida, Arizona, Nevada, Jorjiya, Nyu-Jersi, Pennsilvaniya va Tennessi shtatlarida salmoqli kuch ekanini eslatmoqda.
Buni ham ko'ring BMT diplomati: G'azoga hujumlar darhol to'xtashi shart"Prezident Bayden bizga quloq solmasa, ovozimizni unutsin. G'azo qizil qonda ekan, prezident saylovi hal bo'ladigan shtatlar ham qizil tus olishi mumkin", - deyiladi ultimatumda.
Bu bilan musulmon saylovchilar Oq uyga demokrat nomzod yuqorida nomi tilga olingan shtatlarda respublikachilarga boy berishi mumkin, demoqda.
Oq uyga ko'ra, Prezident Bayden AQSh xavfsizligi va manfaatlarini hisobga olib, uzoqni ko'zlab siyosat yuritmoqda.
2020-yildagi saylovda Baydenga musulmon saylovchilarning 70 foizi ovoz bergan.
Musulmonlar AQShda 330 milliondan oshiq aholining qariyb 1 foizini tashkil etadi. Oxirgi prezident saylovlarida 1,1 million musulmon saylovga chiqqan.