Yaqinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pekinga borishdan oldin Xitoy Media korporatsiyasiga intervyu berdi. Unda Putin “G'arbdan farqli ravishda Rossiya mustamlakachi davlat emas”, deb ta’kidladi.
“... mustamlakachi davlatlar har doim o'zlarini birinchi darajali odamlar deb bilishgan ... Bizning yondashuvimiz butunlay boshqacha. Biz hamma odamlar teng, barcha odamlar bir xil huquqlarga ega, degan tushunchadan kelib chiqib yo’l tutamiz”, - dedi Putin.
Uning bu da’vosi haqiqatdan yiroq.
16-asrdan boshlab avval Moskva knyazligi, keyin esa Rossiya o’z hududlarini kengaytirib bordi. Mahalliy xalqlarni o'z taqdirini o'zi belgilash huquqidan mahrum etdi. Bugungi Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganida, ukrain xalqi, uning tarixi mavjudligini ham inkor etgan.
To’g’ri, Yevropa davlatlari ham istilochilik yurishlarini amalga oshirgan. Lekin Rossiya ham mustamlakachi davlat, deydi olimlar. Ekspertlar Putinning “hamma odamlar teng, barcha odamlar bir xil huquqlarga ega degan tushunchadan kelib chiqib yo’l tutamiz”, degan da’vosi haqiqatga to’g’ri kelmasligini aytadi.
Vashingtondagi Gudzon instituti eksperti Keysi Mishel “The Wall Street Journal” gazetasida bu haqda shunday deydi:
“Rossiya asrlar davomida Yevrosiyoni bosib olib, mustamlakaga aylantirdi, mahalliy boyliklarni tortib oldi, zabt etilgan yerlarni Moskva va Sankt-Peterburg diktaturasiga bo‘ysundirdi. Farqi shundaki, Yevropa imperiyalari suv, ummon ortidagi hududlarni, Rossiya esa qo‘shni hududlarni bosib oldi”.
Polsha Perspektiv tadqiqotlar instituti eksperti Vladislav Inozemtsevga ko’ra, XVI asr boshlarida Portugaliya va Ispaniya xorijga ekspeditsiya boshlaganda, Moskva shimol va sharqqa yurish boshladi.
“1502-yilda Yugoriya yerlarini, 1520-yilda esa Ryazanni oldi. 1552-yilda Qozon xonligini, 1556-yilda Ashtarxoniylar xonligini zabt etdi. 1557-yilda Buyuk No‘g‘ay O‘rdasini tugatdi. 1582-yilda Sibirni egalladi. Bu Ispaniyaning Markaziy va Janubiy Amerikadagi istilolariga o’xshaydi: 1496-yilda Gaiti, 1508-yilda Kuba va Puerto-Riko, 1519-1521-yillarda Yangi Ispaniya, 1535-1536-yillarda Peru va Rio-de-la-Plata, 1565-yilda Floridani egallagan”, - deydi Inozemtsev.
Sibirni ishg’ol etar ekan, Rossiya urushda mahalliy aholini qirgan. 18-19-asrlarda janubiy Kamchatka yarim orolida yashagan kamchadallarning 90 foizi va G'arbiy Sibirda yashagan vogullarning (mansi xalqi) yarmi o'ldirilgan.
Rossiya imperiyasi 1817-1864 yillarda Kavkazda urush olib borib, Shimoliy Kavkazni mustamlakaga aylantirdi.
19-asrda yashab tarixiy izlanishlar olib borgan rossiyalik arxeolog va tadqiqotchi Adolf Bergerga ko'ra, Rossiya istilosi natijasida 400 000 ga yaqin cherkeslar o'ldirilgan, yarim millionga yaqini o’z yurtidan quvilgan. 80 ming cherkes, ya'ni aholining atigi 10 foizi o'z vatanida qolgan.
XX-XXI asrlar davomida Rossiyadagi koʻplab mahalliy aholi asta-sekin oʻz tili va madaniyatini yoʻqotdi, rus mentalitetiga singib ketdi. Tilshunos Olga Kazakevichga ko’ra, 1970-2020 yillar oralig’ida Rossiya hududida 10 ta til butunlay yo’qoldi. Yana 15 til yo’qolish arafasida. Bu tillarda so’zlashvvchilar juda oz qolgan. Bugun Rossiyada jami 152 tilda so’zlashuvchi etnos, millat, xalqlar bor.
Ma’lumki, 1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanib, ko’plab xalqlar o’z mustaqilligini qo’lga kiritdi.
Mustaqil Chechen davlatining paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaslik uchun Rossiya ikki marta urush boshladi. Parijda joylashgan “Chegara bilmas shifokorlar” nodavlat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Birinchi Chechen urushida (1994–1996) 50 mingga yaqin tinch aholi halok boʻlgan. “Memorial” inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, Ikkinchi Chechen urushida (1999-2009) 25 000 ga yaqin tinch aholi halok bo'lgan.
Putin Rossiyasida xalqlar oʻz taqdirini oʻzi belgilashi boʻyicha referendum o’tkazishga undashning o’zi jinoiy jazoga yetaklashi mumkin.
Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga to’liq bostirib kirishi Moskvaning gegemonlik tabiatini yana bir bor fosh etdi. Rossiyaning yuqori martabali siyosatchilari, shu jumladan Putinning o'zi ham Ukraina xalqi va uning tarixini inkor etdi.
Rossiya Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarini bosib olganida, hududdagi ko’plab ukrainalik bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qildi. Ko’plab bolalar ruslar tomonidan asrab olindi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasi Rossiyani mahalliy xalqlar va etnik ozchiliklarning teng huquqli ekanini va oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini inkor etuvchi kolonial imperiya deb tan oldi. Assambleya 56 milliy parlamentdan 323 nafar vakilni o’z ichiga oladi.